“Vitaminlar xazinasi” salati
Kerakli masalliqlar: undirilgan mosh nishi, sariq va qizil bulg‘or qalampiri, pomidor, limon, quruq pishloq (feta), ko‘k piyoz, zaytun mevasi, selderey hamda petrushka ko‘katlari.
Tayyorlash: bulg‘or qalampiri va pomidorlar uzun somoncha shaklida kesiladi. Pishloqni ham to‘rtburchak shaklida tayyorlaymiz, ko‘k piyoz va ko‘katlarni mayda to‘g‘raymiz. So‘ng ularni aralashtirib, 1 dona limon mevasining uchdan bir qismi sharbatini tomizamiz. Keyin zaytun yog‘i hamda ta’bga ko‘ra tuz solib aralashtiramiz.
Moshni undirish: yarim kosacha moshni obdon yuvib, sirli idishga solamiz. Uni nish urib chiqqunicha 2-3 kun iliqroq joyda ustini doka bilan yopib qo‘yamiz. Unib chiqqan oppoq mosh poyachalari salatga qo‘shiladi.
Karam va pishloqli Zapekanka
(toblab pishirilgan ovqat)
Kerakli masalliqlar: 400 gr. brokkoli karami, 400 gr. rangli karam, 200 gr. bryussel karami (bozor peshtaxtalarida bor), 6 dona tovuq tuxumi, 500 ml. yog‘i kamaytirilgan sut, 100 gr. quruq pishloq, ta’bga ko‘ra rayhon barglari, timyan va tarxun ko‘katlari.
Tayyorlash: uch xil karamni qaynagan tuzli suvda 10-15 daqiqa ichida pishirib olamiz. Keyin ularni sovutib, gulli shoxchalaridan bo‘lib qo‘shamiz.
6 dona tuxumni sut qo‘shib mikser yordamida suyultiramiz, unga ko‘katlardan qo‘shamiz. Quruq pishloqni ikki bo‘lakka bo‘lamiz. Bir bo‘lagini qirg‘ichning mayda tishidan o‘tkazamiz. Ikkinchi bo‘lagini esa kichikroq to‘rtburchak shaklida kesib olamiz. Undan keyin o‘simlik yog‘i surilgan idishga karamlarni joylashtirib, ustiga to‘rtburchak qilib to‘g‘ralgan pishloqni joylaymiz va suyultirilgan tuxum hamda pishloqni quyamiz.
Tayyor mahsulotni 160 darajagacha qizdirilgan gaz pechi (duxovka)da 20 daqiqa mobaynida pishirib olamiz. Tayyor bo‘lgan zapekankaning ustiga qirg‘ichdan o‘tkazilgan pishloqni sepib, yana 15-20 daqiqa pishirib olamiz.
Nodira ZAYNIDDINOVA,
O‘zDJTU talabasi