Har qarichi tarix, har zarrasi madaniyat
Samarqand – ro‘yi zamin sayqali. Tarix va bugunni o‘zida aks ettirgan qadimiy shahar. Tunlari minoralar uzra oy shu’lasi jilolansa, kunduzlari quyosh manglayiga lab bosadi. Necha ming yillardan buyon Sharqning durdonasi sifatida qadrini yo‘qotmagan muazzam go‘sha istiqlol yillarida yanada sayqal topdi. Zamonaviy qiyofa kasb etdi.
Sohibqiron Amir Temur barpo etgan qudratli saltanat poytaxti, “Buyuk ipak yo‘li”ning markazida joylashgan, yirik savdo markazi bo‘lgan Samarqand haqida eshitgan kishi borki, uni bir ko‘rish orzusida yashaydi. Tarixdan ma’lumki, bu muqaddas zamin ilm-fan, san’at va madaniyat o‘chog‘i sifatida ham dunyoga mashhur. Ulug‘ bobomiz Mirzo Ulug‘bek qurdirgan rasadxonada olib borilgan kashfiyotlar hali-hamon dunyo olimlarini lol qoldirib kelmoqda. O‘zining ulkan tarixiy xazinasi bilan bu ko‘hna shahar tobora sayyohlar diqqatini o‘ziga jalb etayotir.
Shu bois, Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tashabbusi bilan respublikamizdagi Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining Tibbiy-ijtimoiy markazi hamda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani bolalar shifoxonasida bo‘lgan Koreya Respublikasi “Ewha Womans University” gospitali malakali shifokorlarining tariximizga bo‘lgan hurmat-ehtiromi, qadimiy va navqiron shaharlarimizni ko‘rish orzusida ekanini inobatga olib, jamg‘arma Samarqand shahriga sayohat uyushtirdi.
AFSONALAR ShAHRIGA YO’L
Erta tong. Ko‘ksimizni tongi nasim bilan to‘ldirib, zamonaviy avtobusda yo‘lga otlanarkanmiz, qalbimiz o‘zgacha hayajon va zavqdan entikar edi.
Bir maromda odimlayotgan avtobus atrofdagi g‘ira-shiralikni yorib borar ekan, ko‘zimizni tabiatning mo‘jizalari quvontira boshlaydi. Hali qish bo‘lishiga qaramay, tuproq yorib chiqqan yam-yashil maysalar, bahorni umidvor kurtaklari bilan kutib olishga shaylanayotgan dov-daraxtlar ruhimizga ko‘tarinkilik ulashadi. Avtobus oynasidan yonidagilarga nimalarnidir zavq-shavqqa to‘lib ko‘rsatayotgan sayyoh nigohlaridagi baxtiyorlikni ko‘rib, shunday yurtda tug‘ilganingdan sevinib ketasan, kishi. Yo‘l-yo‘lakay Vatanimiz chiroyiga chiroy qo‘shayotgan namunaviy turar joylar mehmonlar diqqatini tortadi. Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari ularda katta taassurot qoldiradi.
Darhaqiqat, yurtimizning har bir go‘shasi kundan-kun maftunkor bo‘lib bormoqda. Olis qishloqlarda ham zamonaviy sport majmualari, tibbiyot muassasalari qad rostlamoqda. Chinakam ma’noda inson qadri, uning taqdiri, kelajagiga bo‘lgan mas’ullik hissi oshib borayotir. Bu kabi sa’y-harakatlar sayyohlarning jonajon Vatanimiz haqidagi taassurotlarini boyitmoqda.
– Yurtingizdagi keng ko‘lamli islohotlar, avvalo, inson uchun, uning manfaatlari uchun xizmat qilishi bizni benihoya quvontirdi, – deydi Sung See Jung – Bunday davlatning ertasi porloqdir. Qarang, qishloqlar qiyofasi shaharnikidan aslo kam emas. Davlat tomonidan yosh oilalarga namunaviy turar-joylar qurib berilishi, uzoq muddatga kreditlar ajratilishini eshitib, hayratimni yashirolmadim. Qolaversa, inson salomatligi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, tibbiyot muassasalari so‘nggi rusumdagi texnologiya va zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlanganini ta’kidlamay ilojim yo‘q. Hech bir mamlakatda xalqning salomatligi uchun bu darajada qayg‘urilmaydi. Xorijlik tibbiyot mutaxassislari bilan tajriba almashinishi yo‘lga qo‘yilgani ham O‘zbekiston aholisi manfaatlari uchun xizmat qiladi.
Darhaqiqat, 2014 yilning “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinishi zamirida ham ana shunday ezgu maqsadlar mujassam. Yurtboshimizning mamlakatimizni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasi fikrimiz tasdig‘idir. Xususan, joriy yilda sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 407 milliard so‘mlik mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Qolaversa, MDH mamlakatlarida o‘xshashi bo‘lmagan, xalqaro standartlar bo‘yicha eng yuqori, ya’ni to‘rtinchi darajali hisoblangan maxsus bolalar shifoxonasi qurilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyiha Koreya Respublikasining 103 million dollar miqdoridagi mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi. Ta’kidlash joiz, ushbu shifoxona 250 o‘ringa mo‘ljallanib, 200 nafar bolani qabul qila oladigan poliklinikaga ham ega bo‘ladi. Shunday ulkan rejalar, islohotlar haqida o‘ylarkanmiz, O‘zbekiston kelajakka dadil odimlayotganiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Yo‘l-yo‘lakay shular haqida sayyohlar bilan suhbatlashib boramiz.
QANCHA KO‘HNA BO‘LSA, ShUNCHA NAVQIRON
“Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q”, deydi Yurtboshimiz. Zero, har bir xalqqa ta’rifu tasnif berilar ekan, eng avvalo, uning boy madaniy merosi, tarixi, ulug‘ olimu fuzalolari haqida so‘z boradi. Shu nuqtai nazardan Samarqand, nafaqat biz uchun balki, jahon afkor ommasi uchun ham ahamiyatli. 2750 yildan ziyod davr mobaynida So‘g‘diyona, Afrosiyob, Maroqand kabi nomlar bilan tarixda alohida o‘rin tutgan qadimiy shahar ne-ne ulug‘ qahramonlarga beshik bo‘lgan. Ular haqidagi tildan-tilga ko‘chgan afsona va rivoyatlarni tinglab shakllangan xalqning mard o‘g‘loni Amir Temur esa o‘zining aql-zakovati bilan Chingizxon bosqini oqibatida xarobaga aylangan shaharda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi. Hali-hamon salobatini yo‘qotmagan tarixiy obidalar buyuk bobomizning bunyodkorlik ishqida yashaganidan dalolatdir.
Darhaqiqat, yurtimizning har bir go‘shasi kundan-kun maftunkor bo‘lib bormoqda. Olis qishloqlarda ham zamonaviy sport majmualari, tibbiyot muassasalari qad rostlamoqda. Chinakam ma’noda inson qadri, uning taqdiri, kelajagiga bo‘lgan mas’ullik oshib borayotir. Bu kabi sa’y-harakatlar sayyohlarning jonajon Vatanimiz haqidagi taassurotlarini boyitmoqda.
Olisdan bo‘y cho‘zib turgan muazzam minoralar sayyohlar diqqatini tortadi. Tekis va ravon yo‘llar bo‘ylab borarkanmiz, qalbimiz o‘zgacha shukuhga to‘ladi. Dastlab Samarqandning durdonasi hisoblanmish Registon maydonini aylanar ekanmiz, sayyohlar milliy bunyodkorlik san’atimizga lol qolishadi. Devorlardagi naqqoshlik va o‘ymakorlik, qadimiy arxitekturaning milliy ruh bilan uyg‘unligiga tasannolar aytishadi. Go‘ri Amir maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda majmuasi, Xoja Doniyor ziyoratgohida bo‘lgan koreyalik mehmonlar yurtimiz tarixi, madaniyati bilan yanada yaqindan tanishishdi. Shuningdek, sayohat davomida ular Xoja Doniyor ziyoratgohi yonida, anhor bo‘yida joylashgan kulolchilik ustaxonasida ham bo‘lib, u yerdagi kulolchilik namunalarini ko‘zdan kechirishdi. Ayniqsa, milliy liboslarimiz sayyohlar diqqatini o‘ziga jalb etdi. Xususan, do‘ppi, milliy zardo‘zlik namunasi aks etgan hunarmandchilik mahsulotlariga katta qiziqish bildirib, ularni xarid qilishdi.
– Samarqand haqida juda ko‘p eshitgan edim, – deydi Kang Vu Gung – Bu yerdagi obidalarni bir ko‘rishni orzu qilardim. Niyatimga yetdim. O‘zbekistondan bir dunyo taassurotlar bilan qaytadigan bo‘ldik. Ayniqsa, qadimiy arxitekturaning yorqin ifodasi bo‘lmish Samarqand obidalarida asrlardan oshib kelayotgan o‘zbek xalqining qadriyatlari va an’analari, milliy mentalitetingizga xos xususiyatlar aks etgani meni hayratlantirdi. Bejiz bu yurt daholarga beshik bo‘lmaganiga amin bo‘ldim. Ayniqsa, shaharning bugungi qiyofasi zamonaviylik kasb etgani bu diyorni yanada maftunkor qilgan.
YANADA SAYQALLANAYOTGAN ShARQ GAVHARI
Mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligi va rahnamoligida Samarqandda misli ko‘rilmagan darajada islohotlar va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonalar, muhtasham inshootlar, turar joylar, yangi ta’lim va shifo maskanlari, sport majmualari, mehmonxonalar, magistral va halqa yo‘llari, keng ko‘cha va shoxko‘chalar, mahobatli ko‘priklar, yam-yashil va so‘lim xiyobonu maydonlar, istirohat bog‘lari-yu, jahon andozasidagi bozorlar, ko‘kka otilayotgan billur favvoralar Samarqandning qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi. Milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy shaharsozlikning eng yuksak talablari asosida qurilgan Dahbed, Mirzo Ulug‘bek, Panjakent, Muqimiy ko‘chalari, shahar iklimidan kelib chiqib barpo etilgan ikki-uch qavatli ko‘rkam binolar, ko‘plab ob’yektlar mazkur yo‘nalishdagi me’morchilikning zamonaviy andozalaridir. Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari asosan inson, uning manfaatlari uchun xizmat qilayotir. Ya’ni, odamlarning yashashi, mehnat qilishi, dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Binolarning old va yon tomonidagi maydonchalar farzandlarimiz dam oladigan maskanga aylangan. Qisqa vaqtda ko‘chalar, maydonlar va xiyobonlar, yashil hududlarni kengaytirish borasida juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Kashtan, eman, archa, qayin, qarag‘ay kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi daraxtlar shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirdi. Ko‘chalarning toza va ozodaligi esa xalqimizning azaldan obodlik va yaratuvchanlik hissi bilan yashaganidan darakdir.
* * *
Ha, bu ko‘hna va navqiron Samarqand. Bularning barchasi mustaqilligimizning o‘tgan yigirma ikki yili mobaynida xalqimizning hayot darajasi va sifatini yuksaltirish borasida o‘z kuchimiz hamda aqlimiz bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarning, odamlarimiz ongu tafakkurida ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlarning amaldagi namoyoni sifatida bizga g‘urur-iftixor bag‘ishlab, xorijlik sayyohlarda hayrat uyg‘otmoqda.
Navro‘z NORBOBOYEV,
Toshkent – Samarqand – Toshkent