Qizamiq qanday xastalik?
Bugungi kunda bolalar va kattalar o‘rtasida suvchechak va qizamiq kasalliklari tez-tez uchramoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, emlashdan bosh tortganlar hisobiga o‘tgan yilda dunyoda va Yevropa mintaqasida qizamiq bo‘yicha epidemiologik vaziyat keskinlashdi.
Savol tug‘iladi: qizamiq qanchalik xavfli hisoblanadi? U qanday kasallik va uning paydo bo‘lishiga nimalar sabab bo‘ladi? Kasallikka qanday davo choralari ko‘riladi?
Qizamiq – o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, tana haroratining to‘satdan ko‘tarilishi, yuqori nafas yo‘llari, ko‘z shilliq pardalari, og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi, terida qizil, yirik dog‘li toshmalar toshishi bilan xarakterlanadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi virus hisoblanishini alohida ta’kidlash joiz.
Bemor yo‘talganda, aksirganda, gaplashganda tupugining mayda tomchilari orqali havoga tushadi va viruslar nafas yo‘llari orqali sog‘lom bolaning organizmiga o‘tishi bilan xavotirlidir.
Shu o‘rinda qizamiqqa odatda hamma kishilar beriluvchan bo‘lishini unutmaslik lozim. Kasallikdan so‘ng odamda immunitet qoladi.
Xastalik 4-bosqichda kechib, yashirin davri 6-18 kungacha davom etadi. Unutmaslik kerakki, kasallik belgilari deyarli sezilmaydi. Prodromol davr yashirin davrdan keyin 3-4 kun davom etadi.
Qizamiq o‘tkir boshlanib, tana harorati ko‘tariladi, bemor quruq yo‘taladi, tumov bo‘ladi, ko‘zi qizarib, yoshlanadi, tovushi bo‘g‘ilib qoladi, yorug‘likka tik qaray olmaydi. Bu davrda lunj shilliq qavatida toshma toshishdan 2-3 kun oldin qizil mayda oq dog‘lar paydo bo‘ladi. Toshma toshgandan keyin 1-2 kunda yo‘qolib ketadi. Yumshoq va qattiq tanglayning shilliq pardasida enantema mayda qizil dog‘lar paydo bo‘ladi.
Bolaning darmoni qurib, injiq bo‘lib qoladi, uyqusi, ishtahasi yo‘qoladi, tez-tez ichi ketadi.
Katta yoshli bolalarda bu jarayon bosh og‘rig‘i, qusish, burun qonashi, qorin og‘rig‘i kabi belgilar bilan kuzatiladi. Toshma toshish davrida bemor qayta isitmalaydi, tomog‘i qizaradi. 4-6 kunga kelib o‘ziga xos qizil, yirik dog‘ toshmalar toshadi, bir necha soatdan so‘ng butun yuzga yoyiladi.
Toshma ikkinchi kuni badanga, uchinchi kuni qo‘l-oyoqqa tarqaladi. Qizamiqda teri nam bo‘lib, bir oz qichishadi. 3-4 kundan so‘ng sog‘ayish davri boshlanadi. Bu davrda yuzdagi toshmalar qoraya boshlaydi va jigarrang dog‘larga aylanadi. Eng yomon tomoni, qizamiqdan so‘ng zotiljam (o‘pka yallig‘lanishi), tomoqning shishi, o‘rta quloqning yallig‘lanishi (otit), ichak kasalliklari kabi asoratlar qolishi mumkin. Qizamiq 2 yoshgacha bo‘lgan, shuningdek, boshqa yoshdagi nimjon bolalar uchun, ayniqsa, xavfli hisoblanadi. Shu sababli ularni bu xastalikdan juda ehtiyot qilish kerak.
Qayd etish lozimki, farzandlarimiz mazkur kasallikka qarshi emlansa, har qanday ko‘ngilsiz holatlar oson bartaraf etiladi.
Oldini olish uchun bemorni sog‘lom bolalardan ajratib qo‘yish zarur. Shu bois qizamiqka qarshi emlash muhim ahamiyatga ega.
Qizamiq bilan og‘rigan bolalar uyda, og‘irroq hollarda, asorat qolganida kasalxonada davolanishi lozim. Bunda asosiy ahamiyat kompleks davolash chora-tadbirlariga qaratiladi. Kasallangan bemor uchun sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash, bemor yotadigan xona havosini tez-tez almashtirib turish va uning to‘la-to‘kis ovqatlanishiga e’tibor berish zarur bo‘ladi.
JSSTning malumotlariga ko‘ra, afsuski, butun dunyoda qizamiq-qizilcha bo‘yicha epidemiologik vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Aholi o‘rtasida qizamiq va qizilcha kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida 1 yoshli bolalar va 6 yoshdagi bolalar emlash kalendariga asosan emlanmoqda.
Rejali emlashlarni o‘z vaqtida olmagan, tibbiy cheklovi bor yoki boshqa sabab bilan emlash olmaganlar yoki hayoti davomida faqat bir marta emlanganlar yana bir marta qizamiq kasalligiga qarshi emlanishlari shartdir.
Aytish joizki, har bir fuqaro qizamiq va qizilchaga qarshi 2 marotaba emlanishi kerak. Emlangan fuqarolarda, albatta, qizamiqqa qarshi immunitet hosil bo‘ladi, kasallik yuqmaydi, yuqishi ehtimoli bo‘lganda ham yengil o‘tadi.
Farzandingiz salomatligiga aslo befarq bo‘lmang!
Maryam QODIROVA tayyorladi