Qanday holatda o‘t-tosh kasalligini operatsiyasiz davolash mumkin?
O‘t pufagi – ovqat hazm qilish tizimining muhim a’zolaridan biri. Shu sababli unda kuzatiladigan muammolar organizm faoliyatiga salbiy ta’sir etadi. Ayniqsa, o‘t pufagida hosil bo‘ladigan toshlarga o‘z vaqtida e’tibor bermaslik, jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
O‘t pufagi jigarga birikkan kichik qopcha. U o‘zida safro yig‘ib, ovqatlanish payti bu suyuqlikni 12 barmoqli ichakka haydab beradi. Safro esa tanamizga oziq-ovqat bilan kiradigan yog‘larni qayta ishlash va ichak mikroflorasini me’yorlashtirishga yordam beruvchi murakkab suyuqlikdir.
Agar u dimlansa yoki tarkibi o‘zgarsa, o‘t yo‘llarida turli noxushliklar yuzaga kelishi va tosh paydo bo‘lishi mumkin.
Bu kasallikdan ko‘proq ayollar va ortiqcha vaznli insonlar azob chekadi. Shuningdek, o‘tirib ishlashga odatlangan odamlarda ham mazkur xastalik ko‘p uchraydi. Sababi, ular tanasida bunday nosog‘lom hayot tarzi tufayli moddalar almashinuvi susayadi.
Qolaversa, pala-partish ovqatlanadigan, yog‘li va tarkibida xolesterin miqdori yuqori bo‘lgan yeguliklarni xush ko‘ruvchilar ham asosiy xavf guruhiga kiradi. Chunki ularda ko‘pincha ovqat hazm qilish jarayoni buziladi.
O‘ng qovurg‘a ostidagi og‘irlik, og‘izda achchiq ta’m sezish, ko‘ngil aynishi o‘t pufagida tosh borligidan ogoh etuvchi eng asosiy belgi hisoblanadi. Ba’zida tosh o‘t qopidan chiqib, safro yo‘lida turib qolsa, bu xurujga olib kelishi ham mumkin.
Ya’ni o‘ng qovurg‘a osti yoki qorinning yuqori qismida, shuningdek, o‘ng yelka, qo‘l yoki kurakda qattiq og‘riq paydo bo‘ladi. Bunday vaziyatda og‘izda achchiqlik kuchayib, ko‘ngil ayniydi.
O‘t pufagini davolash usulini tanlash klinik belgilar va tibbiy tahlil natijalariga bog‘liq. Bemorga jarrohlik muolajasi yoki kasallikni bartaraf etish uchun litolitik usullar yetarli ekanini faqat shifokor hal qiladi.
Ushbu xastalikni jarrohlik amaliyotisiz davolash mumkin, albatta. Buning uchun o‘t pufagidagi toshlar hajmi 1 sm.dan kam bo‘lishi lozim. Ana shunda o‘t pufagi va uning kanallarini saqlab qolish mumkin. Buning uchun maxsus dori preparatlari va toshlarni maxsus muolaja yordamida parchalash usuli qo‘llaniladi.
Bu kabi davo yo‘li faqat kichik hajmli toshlarnigina eritib yuboradi, xolos. Qolaversa, safro tarkibini me’yorlashtiradi.
Agar toshlar hajman katta va o‘t pufagining aksariyat qismini egallagan bo‘lsa, ko‘p martalik xurujlar yuz bersa, ushbu tana a’zosi o‘z vazifasini bajara olmasa hamda davolash choralari naf bermasa, operatsiyaga murojaat qilinadi.
Maxsud NISHONOV,
tibbiyot fanlari nomzodi