Bolalardagi toshmalar qanday xastalik belgisi?
Mana, kuz ham nihoyalamoqda. Salqin kunlar boshlangan. Demak, hozir mavsumiy allergik xastaliklar avj oladigan payt. Shulardan biri – chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida ko‘p uchraydigan atopik dermatit.
Dunyo bo‘yicha har to‘rt boladan biri atopik dermatitdan aziyat chekadi. Chaqaloqlarda paydo bo‘ladigan teri toshmalarining 85 foizgacha qismi aynan ushbu kasallik alomati. Bundan tashqari, qizlarda ushbu dard o‘g‘il bolalarga qaraganda 1,5 barobar ko‘proq qayd etilishi aniqlangan.
Xalq orasida «teri astmasi» deb ataladigan mazkur xastalik nasliy xarakterga ega bo‘lib, ota yoki onada atopiya, allergik kasallik borligi qayd etiladi. Tananing turli qismlarida toshma va qizarish bilan kechadigan yallig‘lanish o‘choqlari yuzaga kelishi atopik dermatitga xos.
Jajji bemorlarda bu kasallik odatda 2-3 oyligidan rivojlanadi va 3-4 yil ichida yo‘qolib ketadi. Ba’zi hollarda esa toshmalar umr bo‘yi saqlanib qolishi ham mumkin.
Atopik dermatit teri kasalligi emas, balki bola ichki organizmi faoliyatidagi buzilishlar belgisidir.
Kichkintoylarda bu xastalik kelib chiqishining asosiy sababi oziq-ovqat allergiyasi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, nafas yo‘llari orqali tanaga kirgan allergenlar ham toshmalarni paydo qiladi.
Qichishish – kasallikning asosiy belgisi. U uyquga va bemor bolaning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, asabiylik hamda jizzakilikni keltirib chiqaradi.
Toshmalar kasallik darajasiga qarab turli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. O‘tkir bosqichda ular yorqin qizil rangga kirib, yallig‘lanish joyiga qon to‘planishi tufayli mayda shishlar hosil bo‘ladi.
Xastalikning yengil va o‘rta bosqichlarida esa toshmalar och qizg‘ish tusda namoyon bo‘ladi. Ular quruq bo‘lishi hisobiga tez to‘kilib tushadi. Toshmalarning ko‘payishi esa aksariyat hollarda terining kiyimga ishqalanishi oqibatida yuz beradi.
Bunday yara-chaqalar chaqaloqlarda asosan bosh, bo‘yin va ko‘krak sohalarida, bolalar va o‘smirlarda esa tirsak va tizza orqasida hamda boshqa tana a’zolarida ko‘p uchraydi.
Yosh bolalardagi atopik dermatit, odatda, bir qator allergik kasalliklar, shu jumladan, oziq-ovqat sezgirligi, rinit va astmaning ilk alomati sifatida namoyon bo‘lishi mumkin.
Toshmalar sovuq kunlarda ko‘payib, issiq mavsum boshlanishi bilan sezilarli darajada kamayishi kuzatiladi.
Atopik dermatit nasl suruvchi xastalik ekanligi o‘z isbotini topgan. Ilmiy xulosalarga ko‘ra, agar ota yoki ona xuddi shunday patologiyadan aziyat cheksa, uning bolada namoyon bo‘lish ehtimoli 30-40 foizga teng. Agar xastalik ota-onaning har ikkisida ham bo‘lsa, xavf ko‘rsatkichi 70-75 foizga oshadi.
Atopik dermatitni samarali davolash uchun, avvalo, aniq tashxis zarur. Ammo ba’zi ota-onalar farzandlaridagi bu kasallik belgilariga o‘z vaqtida jiddiy e’tibor qaratishmaydi.
Qolaversa, o‘zboshimchalik bilan shifokor tavsiyasisiz turli dori-darmonlarni qo‘llash holatlari ham, afsuski, uchrab turadi.
Yana bir og‘riqli muammo tibbiy amaliyotda atopik dermatitga ba’zan noto‘g‘ri tashxis qo‘yilishidir. Bunday vaziyatda qo‘llaniladigan tibbiy muolajalar og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi ma’lum. Oqibatda, bemor tezroq sog‘ayish o‘rniga, ahvoli yanada og‘irlashib, hayoti xavf ostida qolishi mumkin.
Atopik dermatit muolajasida dori-darmon terapiyasining o‘zi yetarli emas. Avvalo, sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilish lozim. Ovqatlanish ratsioni va teri parvarishi ham bu jarayonda katta ahamiyat kasb etadi.
Muolaja sxemasi toshmalarni kamaytirish, bakterial asoratlarning oldini olish, allergenlarga yuqori sezuvchanlikni zaiflashtirishga qaratilgan.
Buning uchun shifokor tavsiyasi asosida antigistaminlar, yallig‘lanishga qarshi va antibakterial preparatlar, sedativlar, vitamin hamda mineral komplekslar, allergiyaga qarshi komponentlar qo‘llanilishi mumkin.
Qolaversa, kasallikni davolashda parhez terapiyasi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Bola taomnomasidan allergiya qo‘zg‘atuvchi mahsulotlarni chiqarish bemorning tezroq sog‘ayishiga xizmat qiladi.
O‘z navbatida, atopik dermatitni davolashda intensiv namlovchi yoki yengil qurituvchi ta’sirga ega turli krem va malhamlardan ham faol foydalaniladi.
Bu kasallik muolajasida ota-onalarning yordami ham katta rol o‘ynaydi. Masalan, bemor xonasida namlik darajasi kamida 50 foiz bo‘lishi, harorat esa +22 darajadan oshmasligi lozim.
Kichkintoylar terisi parvarishida kosmetik vositalardan minimal miqdorda foydalanish tavsiya etiladi. Chunki ular tanada qichishish belgilarini kuchaytirib, terining quruqlashishi yoki aksincha me’yoridan ko‘p namlanishiga sabab bo‘ladi.
Atopik dermatitdan aziyat chekadiganlar terisi tashqi ta’sirlarga juda sezgirdir. Bunday kichkintoylarga tez-tez cho‘milish va ko‘p vaqt suv ichida bo‘lish tavsiya etilmaydi.
Yuvinayotganda maxsus yumshatuvchi va namlantiruvchi vositalardan foydalanish kerak, mochalka ishlatish mumkin emas.
Iloji boricha, toza paxtadan tayyorlangan kiyimlar kiyish zarur. Yungli, sintetik va qattiq tolali matolardan esa saqlanish lozim.
Shuningdek, atopik dermatiti bor bemorlar xonadonida chang to‘playdigan buyum va jihozlar saqlanmasligi muhim. Kiyimlar yopiq joyda turishi va doimiy tarzda changyutkichdan foydalanish kerak.
Ayni paytda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida ushbu kasallikni aniqlash va davolashning zamonaviy usullari qo‘llanilmoqda.
Ilmira RAZIKOVA,
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan
allergologiya markazi direktori