“DORI-DARMON” – SALOMATLIK SARI INTILISHDA
Dunyoda eng qimmatbaho ne’mat — bu salomatlikdir. Shu bois inson zoti doim salomat bo‘lishga intiladi. Boshiga bemorlik tushganida darhol tabobat usuli yoki tibbiy dori-darmonlardan foydalanib, salomatligini tiklashga harakat qiladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda farmatsevtika sohasida yuz berayotgan islohotlar, hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan huquqiy-me’yoriy hujjatlar, tegishli qonun va qonunosti hujjatlariga qo‘shimchalar kiritilayotgani inson salomatligini asrash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlardandir. Bu o‘z navbatida, sohaning takomillashgan usullarining amaliyotga kirib kelishiga yo‘l ochadi.
Jumladan, aholi salomatligi yo‘lida mamlakatimizda ko‘p yillardirki, samarali xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tizimi bo‘yicha joriy yilning 9 oyi mobaynida umumiy tovar aylanmasi 543, 9 mlrd. so‘mni, tovar ulguji aylanmasi 357,6 mlrd.so‘mni, chakana savdo aylanmasi 186,3 mlrd.so‘mni tashkil etgani buning yaqqol misolidir.
Aytish joizki, ”Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi davlat buyurtmasi asosida 2020 yilda 1 300 000 doza, 2021 yilda 3 668 000 doza, 2022 yilda 2 347 000 doza grippga qarshi vaksinalar keltirilib, ularni bolalar, o‘qituvchilar va shifokorlarning bepul emlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga yetkazib berildi. Shuningdek, dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning 13 toifasiga kiruvchi bemorlarga tizim dorixonalari orqali joriy yilning 9 oyi davomida 20,3 mlrd. so‘mlik dori-darmonlar yetkazib berildi.
Ayni paytda, tegishli qarorlar va me’yoriy hujjatlar asosida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan kompaniya dori-darmon ta’minotini yaxshi yo‘lga qo‘yish, aholiga sifatli dori-darmonlarni yetkazib berish va sohada eng zamonaviy xizmatlarni takomillashtirish ustida izlanib kelmoqda.
Maryam AHMEDOVA