Kichkintoylar quvonchi – cheksiz ilhom baxsh etadi

deydi O‘zbekiston Xalq artisti Dilbar Abdulazizova.

Bola ruhiyatini his etish, umrbod bola bo‘lib qolish har kimga ham nasib qilavermaydi. Jajji qalb egalariga quvonch ulashish esa ana shunday bolako‘ngil kishilarga zavq beradi.

“Teatr – ibratxona”, degan ulug‘ mutafakkirlardan biri. Zero, u kishilarda umuminsoniy tushunchalarning shakllanishiga xizmat qilmog‘i lozim. Farzandlarimizni ma’nan yetuk va barkamol qilib voyaga yetkazish yo‘lida Respublika Yosh tomoshabinlar teatrining ham o‘ziga xos o‘rni bor.

Mazkur teatr ijodiy jamoasi tomonidan sahnalashtirilayotgan bir-biridan qiziqarli spektakllar bolajonlarda ezgu fazilatlarning shakllanishiga yordam bermoqda.

Bu esa o‘z navbatida ijodiy jamoa zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Buni chuqur anglab yetganlar esa el orasida hurmat qozonib, iste’dodi, Vatan oldidagi xizmatlari munosib baholanayotir. Ko‘plab spektakllarda mahorat bilan rol ijro etgan sahna kishilari orasida yosh tomoshabinlar teatri aktyori Dilbar Abdulazizova ham bor.

– Sahnaga chiqish oldi o‘zimni ruhan tayyorlayman, – deydi Dilbar Abdulazizova. – Ishonib topshirilgan qahramonim ruhiyati, xarakterini chuqur o‘rganaman. Aniqrog‘i, u bilan yashayman. Albatta, bu bosqichga yetish uchun ijodkorga yuksak malaka kerak. Ustozlarimiz – O‘zbekiston xalq artistlari Manzura Hamidova, Muhabbat Yo‘ldosheva, Vohid Qodirov, Obid Tolipovning o‘gitlari har doim menga quvvat baxsh etib turadi. Qolaversa, shunday Vatanda tug‘ilish, unib-o‘sish ham kishini ijodga undaydi.

Mamlakatimizga ko‘pchilik havas bilan qaraydi. Boisi, Prezidentimiz yurt farovonligiga, barcha sohalarda yangilanishlarga jumladan, san’at ahlining kamtarona mehnatiga katta e’tibor qaratayotir. O‘tgan 2013 yil men uchun omadli keldi. Hurmatli Yurtboshimiz tomonidan kamtarona mehnatim yuksak qadrlanib, Mustaqilligimizning 22 yilligi arafasida “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni bilan taqdirlandim. Bu mening keyingi ijodimga yanada mas’uliyat va kuch bag‘ishlaydi.

Dilbar opaning ijodiga bag‘ishlangan kechada uning yaqinlari va shogirdlari hamda yig‘ilganlar iste’dodli aktrisani yuksak mukofot bilan muborakbod etdilar. Opa ijro etgan spektakllardan namunalar namoyish etildi.

“Umid daraxti” spektaklidagi ona obrazi barchani sergak torttirdi. Yoshligida taqdir sababli eridan ajrashgan ayol o‘z farzandini volidasiga qoldirib turmushga chiqadi. Ammo vaqti kelib, yoshi ulg‘aygan paytda o‘g‘lidan mehr-shafqat kutib, uni yo‘qlab kasalxonaga kelgan ona noumid orqasiga qaytadi. Farzandidan haqiqatni kinoya so‘zlari orqali eshitish qanchalik og‘ir ekanini haqqoniy ijro etib bergan qahramonimizni tomoshabinlar olqishladi. Bu asarni sahnaga qo‘yishdan maqsad hayotda ana shunday xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, avvalo, ota-ona farzandlaridan mehrini ayamasligi lozimligini uqish mumkin.

Yana o‘qing:  Mard o‘g‘lonlar tug‘ilgan kun bu!

– O‘zbek oilasi, o‘zbek onasi bolam, deb yashaydi, – deydi aktrisa. – Shunday ekan, 2014 yil – Sog‘lom bola yilida yurtmizdagi barcha oilalar mustahkam bo‘lishini tilayman. Unda sog‘lom farzandlar dunyoga kelsin. Onalarimiz hamisha farzandlar kamolidan bahramand bo‘lib yurishsin. Yurtimiz tinchligi, farovonligiga ko‘z tegmasin. Yoshlarimiz mustahkam bilimli, Vatanga munosib farzandlar bo‘lib voyaga yetsin. Biz teatr ahli xalqimiz qalbidan joy egallaydigan obrazlarni yaratishdan sira charchamaylik.

Teatrni hayoti mazmuni deb bilgan bolajon aktrisa mana qirq yildan ziyod ijodiy faoliyati davomida “Bahor qaytmaydi”, “Toychoq”, “Tutash taqdirlar”, “Onaizor” kabi kinofilm va teleseriallardagi obrazlari bilan katta yoshdagi tomoshabinlar ko‘nglidan ham munosib o‘rin olgan.

Shuningdek, teatr sahnasidagi “Qovoqvoy bilan Chanoqvoy”dagi G‘ujumoy, “Qizil qalpoqcha”dagi ayyor tulki, “Ot kishnagan oqshom”dagi Qimmat, “Karra-karra”dagi a’lochi qiz Lola hamda yangi yil arafasida Qorboboning sovg‘asini o‘g‘irlash uchun turli nayranglar o‘ylab topadigan yalmog‘iz kampir obrazlari yosh tomoshabinlarning san’atga bo‘lgan qiziqishlarini oshirayotir.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: