Mard o‘g‘lonlar tug‘ilgan kun bu!

Vatan himoyasiga shay bo‘lish – har bir yigitdan talab etiladigan yuksak mas’uliyat. Harbiy xizmatni sharaf bilan o‘tash, jonajon yurtimiz sarhadlarini qo‘riqlash muqaddas burchdir. Harbiy bo‘lish orzusi ko‘ksida jo‘sh urayotgan yoshlar esa millat tayanchi.

Istiqlol yillarida Yurtboshimizning odilona siyosati tufayli mazkur soha tubdan o‘zgardi. Zamonaviy va ixcham, shu bilan birga kuchli armiya tashkil etish, serjant va ofitserlarning jangovar qobiliyati, ma’naviy dunyoqarashi, intellektual salohiyatini yanada rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Ma’lumki, har bir davlat mustaqilligi, uning hududiy yaxlitligini ta’minlash, avvalo, o‘sha mamlakat Qurolli Kuchlari zimmasidagi mas’uliyatli vazifadir. Shu bois, 1991 yil 6 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tashkil etildi. 1992 yil 14 yanvar kuni esa, mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim tadbirga qo‘l urildi – respublikamiz hududidagi barcha harbiy qism va bo‘linmalarni O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Yurtboshimiz, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni tashabbusi bilan e’lon qilingan mazkur tarixiy hujjat mamlakatimiz xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan va kelib chiqayotgan xavf-xatarlarni har tomonlama chuqur tahlil etish asosida armiyamizni isloh qilishning uzoq muddatli dasturi ishlab chiqilishiga yo‘l ochdi. 1993 yildan esa 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni sifatida yurtimizda keng nishonlanmoqda. Bu haqda Prezidentimizning “Milliy armiyamiz – mustaqilligimizning, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolatidir”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” nomli asarlari, shuningdek, Toshkent shahridagi “Vatanga qasamyod” monumenti ochilishi marosimidagi nutqlarida batafsil so‘z yuritilgani masalaning tub mohiyati va ahamiyatini yanada oydinlashtiradi.

O‘tgan yillar Milliy armiyamiz uchun shakllanish, ulkan tarixiy o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Islohotlar samarasi o‘laroq, hozirgi kunda Qurolli Kuchlarimiz tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolati, istiqlolimiz va istiqbolimizning metin qo‘rg‘oniga aylandi. Armiyamizga yangicha an’analar kirib keldi, ma’naviy-ruhiy muhit tubdan yaxshilandi.

Alohida ta’kidlash joizki, istiqlol har bir harbiy xizmatchiga o‘z Vatanida, o‘zining milliy armiyasida xizmat qilish imkonini berdi. Bugun qaysi ota-ona bilan so‘zlashmang, farzandining armiyaga borishini istaydi. Chunki ular Qurolli Kuchlarimizda xizmat qilayotgan askarning qanday qulay sharoitda yashayotgani, yuksak jismoniy, aqliy va intellektual salohiyati oshayotgani, harbiy xizmatni namunali o‘tab qaytgan o‘g‘lining o‘qish yoki ishga kirishida ko‘plab imtiyoz va imkoniyatlar yaratilayotganidan yaxshi xabardor.

Yana o‘qing:  Bahora – kumush medal sovrindori

Darhaqiqat, Prezidentimiz tashabbusi bilan harbiylar turmush-tarzi yaxshilanib borayotir. Xususan, ular uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda, yurtimizning turli hududlarida qurilgan zamonaviy uy-joylar Vatanimiz tinchligini ta’minlayotgan mard o‘g‘lonlarning oila a’zolariga topshirilayotir.

Bir so‘z bilan aytganda, harbiy xizmat yoshlarimiz uchun chinakam hayot maktabi, faxri va iftixor ramziga aylandi. Zero, harbiy xizmat er yigitning oliy saodati va ulkan mas’uliyatidir. Vatanparvar, elsevar asl o‘g‘lonlarimiz zimmalariga yuklatilgan ona yurt tinchligi, uning sarhadlari daxlsizligini mardona qo‘riqlashdek o‘ta mas’uliyatli, ayni paytda, o‘ta sharafli vazifani sidqidildan ado etishga intilishadi, qasamyod qilishadi. “Yigit omon bo‘lsa, xavfu xatar yo‘q…” deya boshlanadigan mashhur qo‘shiqda aytilganidek, shijoatli, o‘ktam, jasur harbiylarimiz, mard va bahodir posbonlarimiz bor ekan, ko‘ngillar xotirjam, hayotimiz tinch, osuda kechadi. Bunga xalqimiz ishonadi va o‘z posbonlarini ardoqlaydi, e’zozlaydi.

Yil boshida qutlug‘ bir kun bor,

Ziyolarga to‘lug‘ bir kun bor,

Fazilati ulug‘ bir kun bor,

Mard o‘g‘lonlar tug‘ilgan kun bu!

Ajdodlari naslidan rozi,

Burgutday tik, baland parvozi,

Qo‘lida erk, saodat sozi,

Mard o‘g‘lonlar tug‘ilgan kun bu!

O‘zbekiston tug‘ini tutgan,

Unga jonin baxshida etgan,

Olam uzra dovrug‘i ketgan,

Mard o‘g‘lonlar tug‘ilgan kun bu!

Kecha-kunduz samoda ko‘zi,

Dilda elga bergan chin so‘zi,

Osmonimiz yorug‘ yulduzi,

Mard o‘g‘lonlar tug‘ilgan kun bu!

Iskandar RAHMON,

O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Markaziy Kengashi huzuridagi “Yoshlar bilan ishlash guruhi” rahbari,

Qurolli Kuchlar faxriysi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: