BILASIZMI? (2013/52)
Yana bir necha kunlardan so‘ng Yangi yil bayramini keng nishonlaymiz. Har bir bayram singari ushbu mo‘jizaviy ayyomning ham o‘ziga xos xususiyatlari va tarixi mavjud. Quyida Yangi yil bayrami bilan bog‘liq qiziqarli voqealarni e’tiboringizga havola etamiz.
Yangi yil bayrami arafasida butun dunyo bolalari Qorboboga maktub yo‘llab undan o‘zlariga sovg‘a so‘rashadi. Bu an’ana uzoq yillardan buyon davom etib kelmoqda. Buning tarixi juda qiziq. Qadimda Yevropada odamlar Yangi yilda Qorbobodan sovg‘a kutishmagan, aksincha unga sovg‘a ulashishgan.
* * *
Yangi yilda go‘zal bayram archalarini yasatish bundan 150 yil ilgari boshlangan.
* * *
Yangi yil bayramida nima sababdan mushakbozlik qilinishini ko‘pchilik bilmasa kerak? Buning tarixi juda qiziq. Gap shundaki, avvallari insonlar mushakbozlik vaqtida yuzaga keladigan shovqin va olov yovuz ruhlarni qo‘rqitadi deb ishonganlar. Shu tariqa bu holat ham bayram udumlaridan biriga aylangan.
* * *
Dunyodagi eng katta sun’iy bayram archasi Braziliya poytaxti Rio-de-Janeyroda o‘rnatilgan bo‘lib, uning balandligi 76 metrni tashkil qilgan.
* * *
Tinib-tinchimagan italiyaliklar 31 dekabr kuni qoq yarim tunda o‘zlarining eski buyumlarini oynadan uloqtirishadi. Ularning bunday “g‘alati” harakatlari zamirida “Yangi yil kirishi arafasida keraksiz va eski “matoh”lardan qutulish, kelayotgan yil davomida faqat yaxshiliklar bo‘lishini belgilaydi” degan ma’no yotadi.
* * *
Avstriyaliklarning Yangi yil dasturxonlarida parranda mahsulotlari umuman uchramaydi. Bunga sabab ularning Yangi yil qahramonlari orasida Baxt qushi ham mavjudligidadir.
* * *
Hozirgi kunda bayram arafasida deyarli barchaning uyini bezaydigan elektr chiroqlar marjoni birinchi bo‘lib, 1985 yil AQSHda yoqilgan.
* * *
Angliyada Yangi yil arafasida soatning birinchi bong urishi bilan uylarning orqa eshigi ochib qo‘yiladi. Bu holat Eski yilning chiqib ketishiga imkoniyat yaratib berish bilan izohlanadi. Soatning so‘nggi bongi urgandan keyingina Yangi yilni kutib olish maqsadida uylarning old eshiklari ochiladi.
* * *
Angliyada 1516 yil Yangi yil bayrami arafasida Genrix VIII saroyida oltindan yasalgan archa o‘rnatilgan.
* * *
Skandinaviyada bayram dasturxoniga ichiga bir dona bodom solingan guruch bo‘tqasi tortiladi. Mahalliy aholi kimda kim o‘sha bodomni topsa, unga butun yil omadli keladi deb hisoblaydi.
Farhod BEK tayyorladi