Jigarni yog‘ bossa…
Jigar – tana salomatligidir. U qonni tozalaydi, safro ishlab chiqaradi, zararli mikroorganizmlarga qarshi kurashadi, gormonlarni sintez yo‘li bilan hosil qiladi. Jigar aynan kechasi yaxshiroq ishlaydi, shu bois bu vaqtdan oqilona foydalanish lozim..
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, antibiotiklarni uzoq vaqt, tartibsiz ichish yoki qabul qilish, semizlik, yog‘li, sho‘r,achchiq ovqtlarni me’yoridan ortiq yeyish jigarda yog‘li gepatoz kasalligini keltirib chiqaradi.
Biz shu haqda gazetxonlarni tibbiy ma’lumotga ega qilish maqsadida Toshkent Tibbiyot Akademiyasi ko‘ptarmoqli klinikasi “Gepatobiliar tizimi kasalliklari” bo‘limining mudiri, oliy toifali shifokor gepatolog Jamshid Normurodov bilan suhbatlashdik:
– Negadir hozirgi paytda kamharakatlilik, noto‘g‘ri ovqatlanish, betartib ravishda dori mahsulotlarini qabul qilish, semizlik oqibatida sezilarli darajada giar gipatozi kasalligi ortayotgani kuzatilmoqda. Buning sababi nimada?
– Jigarni yog‘ bosishi tibbiyotda «Yog‘li gepatoz» deyiladi. Yog‘li gepatoz – jigar hujayralarida yog‘ to‘planishi bo‘lib, bu kasallik oxir-oqibatda virusli gepatitni keltirib chiqarishi va jigar sirroziga olib kelishi isbotlangan. Kasallik noto‘g‘ri ovqatlanishdan semirish, yog‘li ovqatlarga ruju qo‘yish, kam harakatlilik kabilar tufayli yuzaga kelgan semizlik natijasida yuzaga keladi. Shuningdek, u qandli diabet, gormonal almashinuvlar buzilishidan ham yuzaga kelishi mumkin. Agar bunday paytda shifokor maslahatiga amal qilinmay tekshiruvdan o‘tib turilmasa, yog‘li gepatoz rivojlanib, jigarni yallig‘lantirishi mumkin. Kasallikdan tuzalish uchun birinchi navbatda turmush tarzini o‘zgartirish, yog‘li taomlardan voz kechish, mikronutriyentlar va foydali moddalarga boy ozuqalar, meva-sabzavotlar, shuningdek, suvni ko‘proq iste’mol qilish juda muhim.
– Ayting-chi, ultratovush apparati tekshiruvi yordamida (UTT) jigar kasalliklarini aniqlash mumkinmi?
– Yo‘q, UTT tibbiy apparati orqali jigar kasalliklarini chaqiruvchi omillarni bilib olish mushkul. Chunki jigar kasalliklari asosan viruslar tufayli kelib chiqadi. Viruslarni aniqlash uchun esa bemorda avvalo tibbiy laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazish, uni IFA usulida, musbat natija aniqlanganda, qayta tekshiruv – polimer zanjirli reaksiya usulida qonni tahlil etish orqaligina jigarda bu kasallikning bor yoki yo‘qligi aniqlanadi.
– Siz tajribali mutaxassis sifatida inson uchun muhim a’zo – jigarda muammo kelib chiqmasligi, xastalikning oldini olish uchun nimalarga rioya qilishni tavsiya qilasiz?
– Avvalo shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilish, kun tartibini to‘g‘ri tashkil etish, o‘z vaqtida dam olish, meva va sabzavotlarni ko‘p iste’mol qilish, yog‘li ozuqalardan tiyilish, parhez va shifobaxsh taomlarni iste’mol qilish, shuningdek doimo me’yoriy jismoniy harakatda bo‘lish, ko‘proq piyoda yurish, shifokor ko‘rigidan o‘tib turish va albatta «Gepatit V»ga emlanish kasallikning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
– Kasallangan bemorlarda kasallik belgilari qanday kechadi?
– Bunda bemorning o‘ng tomonidagi qovurg‘a ostida sim-sim og‘riq, oshqozonda og‘irlik hissi, ko‘ngil aynishi va qayd qilish, bosh og‘rig‘i, charchoq, holsizlik, ko‘z oqining sarg‘ayishi kabi holatlar kuzatiladi.
Jigarning yog‘ bosishini qon tekshiruvi yoki biopsiyasiz aniqlashga yordam beradigan jismoniy alomatlar yo‘q. Ammo doimiy charchoq va zaiflik hissi eng yaqqol belgi bo‘lib, bundan so‘ng albatta, shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Qorin bo‘shlig‘ining o‘ng tomonida og‘riq alomati o‘zini juda kech namoyon qilib, odatda kasallikning allaqachon rivojlanib borayotgan asoratlari haqida belgi beradi. Qorinning o‘ng tomonidagi og‘riqlar vaqti-vaqti bilan va tartibsiz ravishda paydo bo‘lishi ham uning belgilaridan biridir.
Bunday bemorlarga UZI (ultra tovush tahlili) yordamida ishonchli diagnoz qo‘yish mumkin. Va birinchi navbatda apparat yordamida shifokor jigar o‘lchamlarining kattalashganligiga e’tibor qaratishi lozim.
– Yog‘li gepatoz qanday oqibatlarga olib keladi?
– Yog‘li gepatoz bilan kasallangan odamning kelajagi – faqat jigar sirrozi. Chunki jigar xujayralari yog‘ bilan to‘ladi va oxir-oqibatda u o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Natijada jigar tamom bo‘lib, yog‘ bo‘lagiga aylanadi.
– Kasallikni davolashda parhezga amal qilish haqida to‘liq ma’lumot bersangiz.
– Jigar o‘zini-o‘zi qayta tiklaydigan a’zo bo‘lgani bois yog‘li gepatoz kasalligini davolash uchun birinchi navbatda uni keltirib chiqaradigan sabablarni bartaraf etish lozim. Buning uchun bemorlarga alohida parhez tavsiya etiladi. Kasallik bilan og‘riganlar spirtli ichimlikni mutlaqo ichmasligi, sho‘r, achchiq, qovurilgan va yog‘li taomlarni iste’mol qilmasliklari talab etiladi. Tarkibida uglevod, vitaminlar, klechatka, pektinga boy mahsulotlar, yog‘siz go‘sht, qaynatilgan yoki bug‘da pishirilgan baliq kabilarni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Bunday paytda ovqatlanish sonini ko‘paytirib, miqdorini kamaytirish juda muhim hisoblanadi.
QO‘ShIMCHA TAVSIYALAR:
— uyquga yotishdan oldin moychechakli choy ichish nafaqat jigarni tozalaydi, balki tinchlantiradi ham. Buning uchun 1 osh qoshiq quritilgan moychechak guli bir stakan suvda choy kabi damlanib, 10 daqiqa dam yediriladi;
— zanjabil va limonli ichimlik ham jigar faoliyatini yaxshilaydi, toksinlarni chiqarib, tozalaydi. Bunda 3 santimetr zanjabil ildizi, ikki bo‘lak limon 2 stakan suvda 8-10 daqiqa qaynatilib, sovutilib, ichiladi;
— suli qaynatmasi ham jigarni tozalab, modda almashinuvini yaxshilaydi. Bunda 2 stakan qipiqli suli yuvilib, termosda 10-12 soat damlanib, asal bilan ichiladi;
— kurkuma va olma sirkasi hazmni, jigar va o‘t pufagi faoliyatini yaxshilaydi. Bunda 1 osh qoshiq olma sirkasi yarim choy qoshiq kurkuma 1 stakan suvda damlanib, 1 choy qoshiq asal qo‘shib ichiladi.
Maryam AHMEDOVA suhbatlashdi