Nega yosh bolalar orasida pnevmoniyaga chalinish holatlari ko‘p uchramoqda?

Bugun pnevmoniya kasalligi ko‘pchiligimiz uchun yaxshi tanish. Boisi, so‘nggi paytlarda bu xastalikka chalinish butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham ko‘p kuzatilmoqda. Afsuski, ushbu kasallik bolalarni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q.
Xo‘sh, buning asosiy sabablari nimada? Pnevmoniya yosh bolalarda qanday kechadi? Belgilari va davolash usullari nimalardan iborat?
SSV Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar bosh pulmonologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Furqat ShAMSIYEVga murojaat qildi.

– So‘nggi paytlarda bolalar o‘rtasida pnevmoniyaga chalinish holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Buning asosiy sabab­lari nimada? Dastlab shu haqida aytib o‘tsangiz.


– Darhaqiqat, bu yil yurtimizda yosh bolalar o‘rtasida pnevmoniyaga chalinish holatlari soni birmuncha ortdi. Buni esa butun dunyodagi pandemiya holati, qolaversa, «COVID-19» infeksiyasining yangi shtammlarining paydo bo‘lishi va bu shtammlar bevosita bolalarda ham ko‘p uchrayotgani bilan bog‘lash mumkin.
Bundan tashqari, bolalarda o‘pka kasalliklarining ortishiga yana bir qancha omillar sabab bo‘lmoqda. Jumladan, havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan virusli infeksiyalar ko‘paygan vaqtda bolaning shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmasligi, himoyalovchi vositalarni to‘g‘ri ishlatmasligi ularning ushbu xastaliklar bilan kasallanishiga olib kelmoqda.
Shu bilan birga, ota-onalar tomonidan farzandini uy sharoitida gripp va o‘tkir respirator kasalliklardan o‘zboshimchalik bilan davolashi, bemor bo‘lsa-da o‘g‘il-qizlarini bog‘cha yoki maktabga yuborishi va bu orqali boshqa sog‘lom bolalarga infeksiyani yuqtirishga sharoit yaratishi, bolada surunkali infeksiya o‘choqlarining vaqtida bartaraf etilmasligi, noto‘g‘ri ovqatlantirish, bolaning ruhiy zo‘riqishi, jismonan chiniqmaganligi, kam harakatligi, uzoq vaqt yopiq xonalarda o‘tirishi hamda virusli kasalliklar epidemiyasi vaqtida vaksinatsiya qilinmasligi ham kasallanishlar soni ortishiga sabab bo‘lyapti.

– Pnevmoniya bolalarda qanday kechadi? Belgilari, tashxis va davolash usullari haqida batafsil ma’lumot bersangiz.


– Pnevmoniya kattalarga nisbatan bolalarda bir muncha og‘irroq kechadi. Sababi, ularda immun tizimi yaxshi rivojlanmagan, shu bois ham bolalarda tana harorati ko‘tarilmasligi mumkin. Bunday holatlarda ota-onadan ziyraklik talab etiladi.
Shuningdek, bolalarda mukotsiliar klirens yaxshi rivojlanmagani hisobiga, unda dastlab quruq yo‘tal, so‘ng­ra, infeksiyaning tezda o‘pkaga o‘tish holatlari kuzatiladi. O‘pka auskultatsiyasida quruq va nam xirillashlar eshitiladi.
Bolada ushbu kasallik alomatlari aniqlanganda albatta shifokorga murojaat etish shart. Chunki pnevmoniya kasalligi O‘RVIga nisbatan uzoq davom etadigan kasallikdir.
O‘pkadagi yallig‘lanish jarayonini aniqlash maqsadida turli xil tekshiruvlar olib boriladi: qon, siydik tahlili, qonda S-reaktiv oqsil, prokalsitoninni aniqlash, ko‘krak qafasining rentgenografiyasi shular jumlasidandir.
Pnevmoniya kasalligida qo‘llaniladigan dori vositalari turli va murakkab xarakterga ega bo‘lib, xastalikning sabablarini yengishga (etiotrop terapiya), kasallik alomatlarini yo‘qotishga (simptomatik terapiya), shuningdek, tana a’zolari tizimini tiklashga (yordam beruvchi terapiya) qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, kasallikni davolash uchun gipoallergen parhez, kislorod terapiya, havoni namlantirish va xonani shamollatish, vitamin D, immunotsink, virusga qarshi, mukolitik va balg‘am ajratuvchi dori vositalari, ko‘rsatmaga binoan antibakterial davo, periferik qon aylanishni yaxshilovchi dorilar, og‘ir holatlarda immunoglobulin G kabi mulojalar olib boriladi.
Muayyan kasallikni davolash uchun dori vositalari individual tanlanadi va bemorning tashxisiga, umumiy ahvoliga qarab faqat shifokor tomonidan belgilanadi.

– Bugun yurtimizda bolalar o‘rtasida noma’lum virus tarqalib, kasallik tezda o‘pkani zararlayotgani haqida turli gap-so‘zlar quloqqa chalinmoqda. Bu qanchalik to‘g‘ri?


– Ochig‘i, bularning barchasi hech qanday asosga ega bo‘lmagan gap-so‘zlardir. Ma’lumki, tibbiyotda mavsumiy kasalliklar, shuningdek, tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, quruq va nam xirillashlar, respirator distress va gipoksiya bilan kechuvchi respirator kasalliklar mavjud. Mavsumiy kasalliklar butun dunyoda kuz va qish oylariga to‘g‘ri keladi.
Kuz va qish oylarida har yili O‘RI, gripp, paragripp va RS virusli infeksiyalar qayd etiladi. Pandemiya sababli aholi orasida koronavirus bilan kasallanganlar soni ortishi va o‘tkazilgan kasallik sababli immun tizimining sustlashganini hisobga olasak, bu yili mavsumiy kasalliklar 1-1,5 oy oldinroq boshlandi.
Bunday holatlarda shifokor sifatida profilaktik chora-tadbirlar, shu jumladan, grippga qarshi emlanishni tavsiya qilgan bo‘lardim.

– Pnevmoniyaga chalingan bolani uy sharoitida davolash mumkinmi?


Pnevmoniya kasalligini, ayniqsa, bolalarda statsionar sharoitda davolash lozim. Chunki tibbiyotda «pnevmoniyaning yengil kechishi» degan tushuncha yo‘q. Shu sababli pnevmoniya kasalligiga jiddiy e’tibor berish kerak.
Bolalarda nafas olish a’zolari kasalliklarini yengil darajasini davolashni uy sharoitida tashkil qilish mumkin. Davolash jarayonini belgilangan davolash standartlari asosida uchastka shifokori nazoratida olib borish kerak.
Qolaversa, ota-onalar bolasiga o‘z vaqtida dorilarni berib, kasallik kechishi haqida uchastka shifokorini xabardor qilib turishi lozim.
Uyda xonalarni tez-tez shamollatib, tozalikka rioya qilish, bolani yoshiga mos vitamin va minerallarga boy mahsulotlar bilan to‘g‘ri ovqatlantirish, ko‘p suyuqlik ichirish maqsadga muvofiq. Bolaga to‘g‘ri nafas olishni, kerak bo‘lganda nafas olish gimnastikasini o‘rgatish zarur.
Surunkali kasalliklar xuruji paytida uy sharoitida ingalyasiyalarni qilish yoki nebulayzerdan foydalanish, bola tuzalgandan keyin unga shaxsiy gigiyena qoidalarini, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishni o‘rgatish ham juda muhim.

– Bolalar pnevmoniyaga chalinmasligi uchun ota-onalar nimalarga e’tibor berishi lozim?

– Avvalambor, ota-onalar nafaqat pnevmoniya, balki bronx-o‘pka kasalliklarining oldini olishga e’tibor karatishlari kerak. Ushbu chora-tadbirlar barcha bronx-o‘pka kasalliklaridan himoyalanishga katta yordam beradi.

Jumladan:
– gigiyenik qonun-qoidalarga rioya qilish va buni farzandlarga ham o‘rgatish, qo‘lni sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan muntazam ravishda dezinfeksiya qilish;
– yuzni qo‘l bilan ushlamaslik;
– xonalarni doimiy ravishda shamollatib turish;
– bolalarga yo‘talganda yoki aksa urganda og‘iz va burunni salfetka yoki tirsak bilan yopishni o‘rgatish;
– farzandlarga kasal bo‘lgan bolalar oldiga yaqin kelmaslikni uqtirish;
– himoya niqoblaridan foydalanishni o‘rgatish;
– farzandlar kasal bo‘lib qolsa, bog‘cha yoki maktabga yubormasliklari lozim.

Shuningdek, bolaning to‘g‘ri va ratsional ovqatlanishi, surunkali infeksiya o‘choqlarini bartaraf etish va chiniqtirish turli xil kasalliklarning oldini olishga katta yordam beradi.
Bolaga qo‘shimcha D vitaminining suvli eritmasi (Akvadetrim), askorbin kislotasi, immunotsink va selen moddalari, kamqonlikni davolash maqsadida temir preparatlari tavsiya etilsa, nafas yo‘llari kasalliklariga qarshi kurashish kuchini oshirishga yordam beradi.

Yana o‘qing:  Tadqiqot: uzluksiz televizor ko‘rishning zararli jihatlari ko‘p

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: