Bo‘qoq nasldan naslga o‘tadimi?
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili har yuz ming chaqaloqdan 6-10 nafari tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi. Bu xastalikning oldini olish, erta aniqlash va bemor bolalarni darddan forig‘ etish haqidagi SSV Matbuot xizmati savollariga Sog‘liqni saqlash vazirligining bolalar kardioxirurgiyasi bo‘yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori, professor Hakimjon ABROLOV javob berdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzi bo‘yicha 665 milliondan ortiq odam endemik bo‘qoq va qalqonsimon bezning boshqa kasalliklaridan aziyat chekmoqda. 1,5 milliard inson esa yod tanqisligi xastaliklari rivojlanish xavfiga ega. Ushbu kasalliklar orasida buqoq keyingi yillarda dunyoning aksariyat mamlakatlari, shu qatorda O‘zbekiston uchun ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda.
Xo‘sh, ushbu xastalikning paydo bo‘lishiga qanday omillar sabab bo‘ladi? Uning salomatlikka xavfi nimada?
SSV Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasini bajaruvchi Feruza Haydarovaga murojaat qildi.
– Buqoq qanday xastalik?
– Inson bo‘ynining old qismida shaklan kapalakni yodga soluvchi qalqonsimon bez joylashgan bo‘lib, ushbu tana a’zosi asab tizimi faoliyati, ovqat hazm qilish, suyak to‘qimalari va moddalar almashinuvida muhim o‘rin tutadi.
Qalqonsimon bez o‘zidan 3 xil gormon ajratib, ular tananing normal o‘sishi, yetilishi, rivojlanishini ta’minlaydi, oshqozon-ichak kabi organlarning bir me’yorda ishlashiga ko‘mak beradi. Agar ularning qaysi birini sintez qilish jarayonida muammolar kuzatilsa, bu o‘z-o‘zidan inson tanasida jiddiy kasalliklarga yo‘l ochadi.
Buqoq ushbu bezning kattalashishi hisoblanib, (normal holatda qalqonsimon bezning vazni 20-30 gramm) kasallik asosan yod yetishmasligi sababli yuzaga keladi. Yod tanqisligiga esa insonning turmush-tarzi, ovqatlanishi, stress, ekologik vaziyat va yana bir qancha omillar sabab bo‘lishi mumkin.
Inson tanasida yod tanqisligi kuzatilganda, qalqonsimon bez hujayralarga kam miqdorda yod yuboradi. Buning oqibatida esa gormonlar sintezi kamayadi va organizm bu jarayonni bir maromga keltirish uchun bosh miya gipofizi orqali ta’sir o‘tkazadi. Natijada qalqonsimon bez kattalashib, buqoq kasalligi rivojlanadi.
Surunkali yod yetishmasligi va qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi zehnning susayishi, depressiya, teri qurishi, soch to‘kilishi, qabziyat, ich ketishlar, bepushtlik, jinsiy faoliyatning susayishi, suyak rivojlanishining o‘zgarishi, past bo‘ylik va osteporoz, gipertoniya va ateroskleroz kabi xastaliklarga sabab bo‘ladi.
– Buqoq kasalligining turlari haqida aytib o‘tsangiz.
– Tibbiyotda buqoqning asosan, endemik va sporadik turlari mavjud. Jumladan, endemik buqoq qalqonsimon bezning jadal kattalashishi bilan xarakterlanib, ushbu xastalik ko‘pincha atrof-muhitda yod yetishmasligi, okean va dengizlardan uzoqda joylashgan (O‘zbekiston shular jumlasidan) hududlarda ko‘p uchraydi. Endemik buqoqning diffuz, tugunli va aralash turlari mavjud.
– Kasallikning asosiy belgilari qanday?
– Buqoqning ilk bosqichlarida uning eng kichik belgilari ham sezilmaydi. Biroq keyinchalik bo‘yinning oldi qismi bo‘rtib chiqadi. Natijada kattalashgan qalqonsimon bez asab va qon tomirlarini ezib qo‘yadi. Bu orqali bemorda nafas qisilishi, ovozning birdaniga o‘zgarib qolishi va xirillashi, bo‘g‘ilishlar, ko‘p terlash, yutinishdagi qiyinchiliklar, bosh aylanishi kabi salbiy holatlar kuzatiladi.
Shu bilan birga, asab tizimida buzilishlar sodir bo‘ladi, kayfiyat tez-tez o‘zgaradi, tanadagi barcha jarayonlar sekinlashadi, ayniqsa, oshqozon-ichak faoliyati buziladi.
Afsuski, ko‘pchilik insonlar o‘zlarida bu kasallik rivojlanayotganiga jiddiy e’tibor bermaydi. Biroq mutaxassis sifatida shuni ayta olamanki, bu xastalikka beparvo bo‘lish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.
– Bilamizki, buqoq bolalarda ham ko‘p uchraydi. Ayting-chi, bu kasallik ular tanasida qanday salbiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi?
– Darhaqiqat, buqoq kasalligi bolalarda ham ko‘p kuzatiladi. Ayniqsa, yurtimizda bolalar va o‘smirlar orasida buqoqning endemik turi juda ko‘p uchraydi.
Bu kasallik ularning o‘sish jarayoni kechikishiga, xotiraning pasayishi hamda immunitetning tushishiga olib keladi. Ba’zan esa bolaning aqlan ojiz bo‘lib qolishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, ularning yeguliklarida kunlik yod miqdori me’yorda bo‘lishiga e’tibor qaratish lozim.
Yoshga nisbatan yodga bo‘lgan kunlik miqdor quyidagicha:
0-2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun – 50 mkg.
2-6 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun – 90 mkg.
7-12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun – 120 mkg.
12 yoshdan yoqori bo‘lganlar uchun – 150 mkg.
– Buqoq kasalligi nasl suradimi?
– Ma’lumki, O‘zbekiston endemik hududda joylashgan bo‘lib, aholi o‘rtasida buqoq kasalligiga chalinish holatlari ko‘p uchraydi. Shu bois, kasallikning oldini olish maqsadida muntazam tibbiy ko‘riklar va yodlangan osh tuzidan foydalanish kabi chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan.
Albatta buqoq kasalligi nasl suradi. Jumladan, buqoqning tugunli, autoimmun tireoidit va yoyma zahar turi ota-onadan bolaga ham o‘tishi mumkin. Biroq salomatlikka e’tiborli bo‘linsa, shifokor ko‘rigidan tez-tez o‘tib turilsa, xastalikning bolaga o‘tish xavfi kamayadi.
– Kasallikni davolash va uning oldini olishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
– Buqoqning oldini olish uchta shaklda – ommaviy, guruhli va individual tarzda amalga oshirilishi mumkin. Ular orasida eng samarali usul birinchisi hisoblanadi. U har bir odam iste’mol qiladigan mahsulotga oz miqdorda yod qo‘shish orqali amalga oshiriladi. Misol uchun, bugungi kunda yurtimizda aholi yodlangan osh tuzidan foydalanadi.
Shuningdek, guruhli choralarni qo‘llashda xastalikka chalinish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar orasida yod preparatlarini ishlatish mumkin. Bu birinchi navbatda, bolalar va o‘smirlarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, kasallikning oldini olishda individual choralar ham qo‘llaniladi. Ya’ni, buqoqni davolash va oldini olish uchun preparatlardan foydalanish mumkin. Ammo dori vositalarini tibbiy tekshiruvdan o‘tgach va mutaxassis tavsiyasi bilan buqoqning darajasi va turiga qarab qo‘llash lozim. Aks holda nojo‘ya ta’sir etib, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati