Jajji yuraklarni asraylik

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, har yili har yuz ming chaqaloqdan 6-10 nafari tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi. Mamlakatimizda ham shunday kasallik bilan ro‘yxatga olingan bolalar bor. Tibbiyot fanlari doktori, professor Hakimjon ABROLOV bilan suhbatimiz tibbiyotimizning kordioxirurgiya yo‘nalishidagi yutuqlariga bag‘ish­lanadi.

– Bolalar tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelishining asosiy sabablari nimada?


– Tibbiyot qanchalik rivojlanmasin bu borada haligacha aniq xulosalar mavjud emas. Biroq, shunisi ma’lumki, onada uchraydigan bir qator kasalliklar homila yuragida nuqson paydo bo‘lishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Bular – kamqonlik, homiladorlikning dastlabki uch oyligida ayolning grippga chalinishi va bunga qarshi davolanmasligi, qolaversa, buyrak va boshqa a’zolardagi surunkali xastaliklar, onada uchraydigan turli infeksiyalar va virusli kasalliklar homilaning sog‘lom rivojlanishiga imkon bermaydi. Natijada, bolada tug‘ma nuqsonlar paydo bo‘lishi mumkin.
Ushbu muammoning oldini olish uchun homiladorlikni rejalashtirishdan oldin bo‘lajak ota-ona tor mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib, kasallik aniqlansa, davolanishi lozim. Buning uchun oilada tibbiy madaniyat yuqori bo‘lishi kerak.

– Bolalarda tug‘ma yurak nuqsonlarini erta aniqlashning eng samarali usuli haqida ma’lumot bersangiz.

– Buning eng samarali yo‘li homilador ayollarni skrining ko‘rigiga o‘z vaqtida jalb etishdir. Bugungi kunda mamlakatimizda ona-bola skrining xizmati rivojlanib boryapti. Skrining ko‘riklarini tumanlarda ham tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Qolaversa, tug‘ruq majmualarida har bir chaqaloq chuqur ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bolada tug‘ma nuqson bo‘lsa, shu yerning o‘zida aniqlash imkoni mavjud. Ke­yinchalik bola toki sog‘aygunicha tegish­li mutaxassislarning doimiy kuzatuviga olinadi.

– Tug‘ma yurak nuqsonlarini bola necha yoshga to‘lganicha davolash talab etiladi?


– Tug‘ma yurak nuqsonlarining turlari juda ko‘p. Shu bois, davolash ishlari kasallikning turiga qarab belgilanadi. Masalan, kritik holatdagi nuqsonlarni bola tug‘ilganidan boshlab davolashni boshlash kerak. Bola ulg‘ayishi bilan ba’zi kasalliklar o‘z-o‘zidan tuzalib ketishi mumkin. Deylik, ochiq arterial protok. Bola olti oylik bo‘lganicha organizmdagi fiziologik o‘zgarishlar tufayli bu dard o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘ladi.
Qisqasi, har bir kasallikni davolashning o‘z standartlari bor. Davolash ishlarini shu asosda tashkil etish uchun bemor doimo shifokor kuzatuvida bo‘lishi lozim. Bemor bolaning tibbiy kuzatuvdan o‘z vaqtida o‘tishi va bola parvarishida shifokor tavsiyalariga rioya etilayotganini kuzatib borish lozim.
Shuni unutmaslik kerakki, tug‘ma yurak nuqsoni bilan xastalangan bolani oilada parvarishlashda to‘g‘ri ovqatlantirish, o‘z vaqtida uxlatish barobarida, oilada tozalik va gigiyena qoidalariga ham to‘la rioya etilishi kerak. Aks holda, bolada surunkali infeksiyali jarayonlar yuzaga kelishi boshqa kasalliklarni ham keltirib chiqarishi, bemorning ahvolini yanada og‘irlashtirishi mumkin.

– Bolaning lablari, yuzi, barmoqlari tez-tez ko‘karishi yurak xastaligining belgisimi?


– Bu ko‘karish (sianoz) bilan kuzatiladigan tug‘ma yurak nuqsonlarining bir belgisi. Bundan tashqari, tez-tez shamollab, tuzalishi cho‘zilayotgan yoki pnevmoniyaga chalinadigan bemor bolalarni ham kardiolog chuqur tekshirishi kerak. Ota-ona bunga e’tiborsizlik qilib bolaga o‘z bilganicha dori ichirishi mumkin emas.

– Tug‘ma yurak nuqsonli bolalarni emlash mumkinmi?


– Ba’zi vaksinalarni qilish mumkin. Misol uchun, poliomiyelitga qarshi emlash o‘tkazsa bo‘ladi. Lekin, qolgan vaksinalarni bemor bola davolanib, dispanser nazoratidan to‘liq chiqarilgach, ya’ni butunlay darddan forig‘ bo‘lgach bajarish kerak.

– Bunday bemor bolalarning jismoniy tarbiya darslarida qatnashishi muammo tug‘dirmaydimi?


– Muammo tug‘diradi. Shu bois, avvalo, davolanib, salomatligini to‘liq tiklab, so‘ngra sog‘lom tengdoshlari qatori jismoniy tarbiya darslarida bemalol qatnashishi mumkin.

– Mamlakatimizda bolalarga kardiojarrohlik sohasida tibbiy yordam ko‘rsatish borasida qanday imkoniyatlar yaratilgan?


– Bolalarda uchraydigan tug‘ma yurak nuqsonlarining oldini olish va davolash mamlakatimiz tibbiyotida ham dolzarb vazifa hisoblanadi. Shuni mamnuniyat bilan aytish kerakki, bugun yurtimiz tibbiyoti bolalar kardioxirurgiyasi sohasida jahonning taraqqiy etgan mamlakatlari tibbiyotidan qolishmaydigan imkoniyatga ega. Dunyoning ilg‘or mamlakatlarida qo‘llanilayotgan noyob diagnostika va davolash texnologiyalari bizda ham mavjud.
Masalan, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazining kardiojarrohlik bo‘limida bolalarda uchraydigan tug‘ma yurak nuqsonlarini davolash uchun ellik o‘rinli alohida bo‘lim mavjud. Bu yerda yiliga yuzlab yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkaziladi va bemor bolalar darddan to‘liq forig‘ etiladi. Diagnostika va davolash jarayonida kompyuter tomografiya, magnit rezonans tomografiya, raqamli rentgen apparati, ultratovush tahlil apparati kabi zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalaniladi.

Shuningdek, bu yo‘nalishdagi yuqori texnologiyali operatsiyalar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, shuningdek, qator viloyatlardagi tibbiyot muassasalarida ham yo‘lga qo‘yilgan.
Bu chora-tadbirlar, avvalo, kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimiz salomatligi va kamoloti uchun xizmat qiladi.

Akmal ERGASHEV

Yana o‘qing:  Tananing salomatligini qo‘llab-quvvatlovchi yagona vitamin

suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: