Travmatologiya va ortopediya: eng maqbul yo‘l – kasallikni ilk bosqichlarida aniqlash
Insonning sog‘lom bo‘lishida vujuddagi har bir a’zoning o‘z o‘rni bor. Ayniqsa, suyaklarimiz baquvvat va mustahkam bo‘lsa, nafaqat jismoniy tetiklik, ruhiy salohiyat ham oshib boraveradi. Shu bois, travmatologiya hamda ortopediyaning eng muhim yutuqlari, suyak va bo‘g‘imlarda uchraydigan kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlab, davolash bo‘yicha yangiliklar haqida shifokor Yoqub Namatov bilan suhbatlashdik.
– Ma’lumki, bugun ilm-fanimizning boshqa yo‘nalishlari kabi travmatologiya va ortopediya sohasi ham jadal rivojlanyapti. Bu borada mamlakatimiz tibbiyotining salohiyati qanday?
– To‘g‘ri, keyingi yillarda soha rivoji yangi bosqichga ko‘tarildi, diagnostika va davolash borasida muhim yangiliklar amaliyotga kirib keldi. Endoprotezlash, ko‘krak qafasi deformatsiyalari, skolioz, artroskopik operatsiyalar, bloklovchi osteosintez operatsiyalar bunga misoldir. Tibbiyot markazimizda bunday yuqori texnologiyali operatsiyalarni amalga oshirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Diagnostika sohasida kompyuter tamograf, magnit rezonans tamograf, raqamli rentgen kabi zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilgan. Har yil qariyb yetmish ming aholiga maslahat tashxis yordami ko‘rsatiladi. Yetti mingga yaqin operatsiyalar qilinadi, shulardan to‘rt mingga yaqini yuqori texnologiyali usullarga asoslangan operatsiyalardir. Jumladan, har yili mingdan ko‘proq endoprotezlash amaliyotlari o‘tkaziladi.
– Shu o‘rnida ko‘pchilikka uncha tanish bo‘lmagan displaziya kasalligi haqida ma’lumot bersangiz. Bunday nuqsoni bor bolalarni yo‘rgaklashda qanday qoidalarga amal qilish kerak?
– Displaziya bo‘ksa bo‘g‘imi shakllanishida yuzaga keladigan nuqsondir. Agar chaqaloqda shunday nuqson bo‘lsa, tug‘ruq majmuasidayoq ortoped ko‘rigi jarayonida aniqlanadi. Bolani yo‘rgaklashda oyoqlarining orasini keng qilib ochib qo‘yish kerak. Shunda son boshchasi chanoq kosachasiga to‘la kirishi ta’minlanadi va bo‘g‘imning to‘g‘ri shakllanishiga imkon yaratiladi.
Qolaversa, bolani o‘z vaqtida ortoped ko‘rigidan o‘tkazish, belgilangan muolajalarni vaqtida olib, kasallikni bartaraf etish lozim. Aks holda, nuqson tufayli bo‘g‘imlar noto‘g‘ri shakllanib, keyinchalik jiddiy kasallik yuzaga kelishi mumkin.
– Bolani beshikka belash tayanch-harakat tizimlari rivojlanishiga muayyan darajada salbiy ta’sir etadi deyishadi. Bu borada qanday fikrdasiz?
– Bolani beshikka yotqizishdan oldin uning vujudi siqib yo‘rgaklanadi, qo‘llari bog‘lanadi, oyoqlari ham bir-biriga juda yaqin qilib o‘raladi. Bu noto‘g‘ri. Bola vujudi ayni o‘sib-rivojlanadigan davrda bunday o‘rab-chirmab qo‘yish sog‘lig‘iga jiddiy salbiy ta’sir qiladi. Bundan tashqari, ba’zi onalar uy-ro‘zg‘or ishlari bilan bandligini ro‘kach qilib, bolani beshikda uzoq vaqt qoldiradi. Natijada, jadal o‘sadigan davrda bola organizmi erkin harakat qilishdan mosuvo bo‘lishi, keyinchalik sog‘lig‘iga, ayniqsa, tayanch-harakat tizimlarining risoladagidek rivojlanishiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Shu bois, ona bolani yo‘rgaklashda yuqorida aytganimizdek, oyoqlar orasini katta ochib, qo‘llarini bo‘sh qo‘yishi, gavda bemalol harakatlanishi uchun sharoit yaratishi maqsadga muvofiqdir.
– Yassioyoqlikni tovonni ko‘tarib turadigan maxsus yostiqchali (spinatorli) oyoq kiyim bilan bartaraf etish mumkinmi?
– Albatta, yassioyoqlikda maxsus yostiqchali oyoq kiyimlar kiyish eng maqbul choradir. Umuman olganda, bunday oyoq kiyimlarni biz barchaga tavsiya etamiz. Sababi shuki, inson yurganda yerdan muayyan darajada zarba oladi. Agar, oyoq to‘g‘ri rivojlangan bo‘lsa, oyoq panjalari zarbani qaytaradi. Aks holda zarba organizmga o‘tib bo‘ksa, bel, tizza bo‘g‘imlarga ta’sir etadi.
– Disk churrasini konservativ usulda davolasa bo‘ladimi?
– Bo‘ladi. Buning uchun kasallikni erta bosqichda aniqlash kerak. Agar xastalik kech aniqlansa, faqat operatsiya yo‘li bilan davolanadi. Hozirda butun dunyoda bo‘lganidek, mamlakatimiz tibbiyotida ham zamonaviy endoskopiya usulida, katta kesim kesmasdan kichik kesimlar orqali bartaraf etish yo‘lga qo‘yilgan. Bunday operatsiyalar nafaqat Toshkentda, viloyatlarda ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
– Suyak chiqqanda, singanda ba’zilar tabibga murojaat qiladi. Ayting-chi, suyak-bo‘g‘im muammolarini tabiblar to‘la bartaraf eta oladimi?
– Bunday holatlarga ish tajribamizda ko‘p bora duch kelamiz. Aksariyat bemorlar dastlab tabibga borib shifo topmagach, tibbiyotga murojaat qilishadi. Insonning suyak-bo‘g‘imlari shu qadar murakkab a’zoki, ularda biror muammo yuzaga kelsa, avvalo, uni chuqur tibbiy tekshirish lozim. Aks holda yo‘l qo‘yilgan kichik xato ham keyinchalik insonning, ayniqsa, yosh bolalarning nogiron bo‘lib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, o‘zi va farzandlari sog‘lig‘iga e’tiborli har qanday inson malakali tibbiy yordamni tanlaydi.
– Skolioz kasalligi, uni erta aniqlash yo‘llari haqida ham so‘zlab bersangiz.
– Skolioz ideopatik kasallik bo‘lib, haligacha uning kelib chiqishi sababi fanga ma’lum emas. Bu kasallik 10-16 yoshlar oralig‘ida namoyon bo‘la boshlaydi. Uni erta aniqlashda ota-onaning sinchkovligi muhim ahamiyatga ega. Chunki, ota-ona bolaning gavdasi qanday rivojlanayotganini doimiy kuzatish imkoniga ega. Agar bola qaddini tik tutib yurmasa, o‘sish-rivojlanishdan ortda qola boshlasa, darhol uni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka, xususan, ortoped vrach ko‘rigiga olib borish lozim. Tibbiyot muassasalarimizda bu kasallikni erta bosqichlarda aniqlash uchun barcha sharoit mavjud.
Skolioz qancha erta aniqlansa, shuncha samarali davolanadi. Kech bosqichlarda esa operatsiya qilishga to‘g‘ri keladi. Operatsiya jarayoni va undan keyingi reabilitatsiya tadbirlari ancha murakkab bo‘lib, bu kursni to‘liq o‘tash bemordan ham, uning ota-onasidan ham katta matonat talab etadi. Demak, eng maqbul yo‘l – kasallikni ilk bosqichlarida aniqlashdir.
Akmal ERGASHEV
suhbatlashdi