Paruazning parvozi

Nukus shahridagi “Zar-Dil-Dilbar” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qo‘li gul, biri-biridan go‘zal chevar qizlar faoliyat olib boradilar. Ularga g‘ayrat-shijoatli yosh tadbirkor Paruaz Yerejepova rahbarlik qiladi.

Paruazning otasi Adilbay Yerejepov qator yillardan beri “Navbahor” nomli fermer xo‘jaligini boshqarib kelmoqda. 500 gektar yerga paxta, sholi, poliz ekinlari ekib, yurtdoshlarimiz dasturxonining to‘kinligi, hayotining farovonligi uchun ter to‘kib kelmoqda. Onasi Qalbike Seydanova 25-maktabgacha ta’lim muassasiga rahbarlik qiladi. Ana shunday tadbirkorlar oilasida dunyoga kelgan qiz o‘quvchilik davrida sportning milliy kurash turiga qatnashardi. Shuning uchun ham u yigitlarga xos pishiq va chayirgina bo‘lib voyaga yetdi.

O‘rta maktabni tamomlash arafasida Paruaz tibbiyot sohasiga mehr qo‘ydi. Shu bois Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining “Pediatriya” fakultetini bitirib, Nukus shahridagi Respublika tug‘ruqxonasida ish boshladi. Keyinchalik shahardagi tibbiyot kollejida o‘qituvchilik faoliyatini boshladi. Hozirgi kunda ana shu bilim maskanining II va III bosqich o‘quvchilariga “Akusherlik”, “Hamshiralik ishi”, “Onalikda hamshiralik ishi” yo‘nalishlari bo‘yicha saboq berib kelmoqda. Shuningdek, kollejda hamkasblari bilan voleybol jamoasiga a’zo bo‘lgan. Ishdan bo‘sh vaqtlarida voleybol o‘ynab charchog‘ini chiqarish uning sevimli mashg‘ulotidir.

Zamon bilan hamnafas tarzda ish olib borishga o‘rgangan qahramonimiz 2013 yil yanvar oyida Nukus shahrida “Zar-Dil-Dilbar” MCHJni ishga tushirgan edi. Tadbirkorlar oilasida voyaga yetgan Paruaz Yerejepova uyda ishsiz o‘tirgan o‘n nafar chevar qizni doimiy ish bilan ta’minladi. U “Mikrokreditbank”ning Nukus filialidan olingan kredit mablag‘lari evaziga Toshkent shahridan yangi zamonaviy “JUITA” tikuv mashinalarini keltirib, ish o‘rinlarini asta-sekinlik bilan kengaytira bordi. Bugungi kunda hamkor tashkilotlarning buyurtmalarini o‘z vaqtida yetkazib berish maqsadida 20 nafardan ziyod chevar qizning qo‘li-qo‘liga tegmay mehnat qilishmoqda.

– Paruaz opamiz bilan ishlash juda qiziqarli. Nimanidir tushunmasak bizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. O‘zining mehnatsevarligi va rostgo‘ylikligi bilan birchamizga o‘rnak bo‘lib kelmoqda, – deydi chevar qiz Quroloy Jumaniyozova.

Bugungi kunda tadbirkor ayol ishlab chiqargan mahsulotlarini tovar xom ashyo birjasi orqali sotuvga chiqaradi. Shu qatorda tumanning tibbiyot muassasalari, madaniyat va hokimiyatning obodonlashtirish bo‘limlari uchun maxsus ish kiyimlari, maktabgacha ta’lim muassasalari uchun ko‘rpa-to‘shak, choyshab va jildlar, shuningdek, zamonaviy dizayndagi turli tashkilotlar uchun pardalar tikib buyurtmalarni o‘z vaqtida bajarib kelmoqda.

Yana o‘qing:  Ahdi borning baxti bor

Shu yilning may oyida P. Yerejepova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi orqali GIZ loyihasi bo‘yicha grant yutug‘iga ega bo‘ldi. Endilikda Germaniyaga borib malaka oshirib kelish uchun hozirlik ko‘rmoqda.

– Germaniyaga ketishdan oldin Toshkent shahrida tayyorlov kursida malaka oshirib qaytdim. Bu kursda marketing, bozorni o‘rganish, narx chiqarish, kreditlash, standart to‘g‘risida va buxgalteriya hisoboti hamda eksport bo‘yicha ko‘p narsa o‘rgandim. Shu vaqt mobaynida menda ko‘pgina g‘oyalar paydo bo‘ldi. Kelajakda Qoraqalpoq naqshlari tikilgan mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni dunyo miqyosida eksport qilishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim, – deydi yosh tadbirkor biz bilan suhbatlashar ekan.

Olis manzillarni ko‘zlayotgan Paruaz Yerejepovaga kelajakda o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida baland parvozlar yor bo‘lsin.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: