SARISHTALI UY – FARISHTALI UY
Inson hayotining asosiy qismi uyda o‘tadi. Shu bois, yashash joyimizda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan bir qatorda xonadonlarda tozalik, ozodalikni ta’minlash, oilaning har bir a’zosi risoladagidek turmush kechirishi uchun qulay sharoitlar yaratilishi salomatlik va farovonlikning muhim omilidir.
Xonadon gigiyenasi deganda nima tushuniladi?
Bu savolga javoban ko‘pchilik oddiygina qilib yashash joyi va atrof-muhitning tozaligi, deya javob berishi mumkin. Ammo, xonadon gigiyenasi tushunchasi keng qamrovli bo‘lib, u o‘z ichiga insonning turmush tarziga oid ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab oladi. Zero, xonadonlarimiz bir necha bo‘g‘inlarga bo‘linadi. Ya’ni, oshxona, yotoqxona, bolalar xonasi, yuvinish xonasi, hojatxona, hovli-joylarda esa molxonalar ham barpo etiladi.
Eng ko‘p e’tibor talab etiladigan joy
Uy bekalarining asosiy vaqti o‘tadigan oshxonaning xonadonlarimiz tuzilmasida o‘rni nihoyatda muhim. Zero, inson sog‘lom va uzoq umr kechirishi uchun zarur bo‘ladigan ko‘plab hayotiy elementlarni sarxil, tabiiy, shifobaxsh noz-ne’matlar asosida sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘la rioya etilgan holda tayyorlangan oziq-ovqatdan oladi. Shu bois, oshxonada ozodalikni ta’minlash, tez buziladigan mahsulotlarni sovitgichda saqlash, go‘shtli taomlarni uzoq muddat qaynatib yoki dimlab pishirish, meva-sabzavotlarni yaxshilab yuvib, qaynatilgan suvda chayib iste’mol qilish, oshxonada doim qaynatilgan suv bo‘lishi, qaynamagan suvni ichmaslikka odatlanish va bolalarga ham buni o‘rgatish sihat-salomatlikni asrashda juda zarurdir.
Bolalar xonasi doimo ozoda bo‘lishi muhim
Bolalar xonasida kravatlar, shkaflar tartib bilan joylashtirilishi, o‘rin-ko‘rpalar paxta mato bilan jildlanishi, bolani uxlashga yotqizishdan oldin o‘ringa paxta matodan tikilgan choyshab yopish, choyshablarni tez-tez almashtirib turish farzandlarning sog‘lom unib-o‘sishida muhim ahamiyatga ega. Kichkintoylarning o‘yinchoqlari tozaligiga ham e’tiborli bo‘lish kerak. Bolalar har birining alohida tish cho‘tkasi, sochig‘i, yuvinish uchun machalkasi bo‘lishi, biriga ikkinchisining ich kiyimini kiydirmaslik lozim. Bu ularni ko‘plab yuqumli kasalliklardan himoyalaydi. Bunday tartib-qoidaga o‘rgangan bolalar ulg‘ayganda tozalik, ozodalikka rioya etadi, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishga intiladi.
Zararkunandalar qayerda ko‘payadi?
Hojatxona, molxona, oqava suvlar to‘kiladigan quduqlar pashshalar, suvaraklar hayot kechirishi va ko‘payishi uchun qulay joydir. Birgina axlat solinadigan yashik yoki konteynerda bir hafta mobaynida 80 mingga yaqin pashshalar rivojlanib, bir kunda esa 6 mingga yaqin pashshalar yetilishi mumkin ekan. Ular uchib kelib, ochiq qolgan oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘nib, ularni ifloslantiradi. Ayniqsa, pashsha va suvaraklar oziq-ovqatlarga har xil kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar va gijjalarning tuxumini tashib keladi. Bunday mikroorganizmlar bilan zararlangan iste’mol mahsulotlari inson salomatligi uchun juda zararlidir. Bu kabi muammolarning oldini olish uchun xonadonda tozalikka qat’iy rioya etish, chiqindi idishlarini har kuni bo‘shatib, yuvib, quritish, pashshalar kirmasligi uchun eshik va derazalarga to‘r yoki marli tutish, axlat tashlanadigan quduqlarga kul sepib ko‘mish kerak.
Targ‘ibotda gap katta
Bu yo‘nalishda aholiga ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalar orqali ko‘plab ma’lumotlar beriladi. Jumladan, mutaxassislar xonadon gigiyenasida quyidagilarni tavsiya etadilar:
– xonadonlarda kanalizatsiya tizimining mavjudligi va ishlash holati, ko‘p qavatli uylarda oshxona va hojatxonaning ahvoli, oziq-ovqat va boshqa chiqindilar solinadigan idishning tozaligi;
– markazlashgan kanalizatsiya tarmog‘idan uzoqda yashaydigan hovli-joylarda hojatxonalarning suv manbaidan eng kamida 50 metr, oshxona va yashash uylaridan esa, eng kamida 20 metr uzoqlikda joylashgani;
– aholi yashash joylarida noqonuniy chiqindixonalar bor-yo‘qligi, qonuniy chiqindixonalardagi tozalik holati ko‘zdan kechirilishi lozim.
Bunday chora-tadbirlar yashash joylari, hududlar obodligi, sanitariya-epidemiologiya barqarorligini saqlashga zamin yaratadi. Salomatlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Dilrabo MUROTALIYEVA
tayyorladi