Ranglar mo‘jizasi
O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida taniqli rassom, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Temur Sa’dullaning “Ijod sarchashmalari” nomli ko‘rgazmasi namoyishiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmaning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘zga chiqqan muzey direktorining ilmiy ishlar buyicha o‘rinbosari Yusuf Tursunov rassomning hayoti va serqirra ijodi haqida qisqacha so‘zlab berdi. Musavvirning barakali ijodi unga ko‘plab muvaffaqiyatlar keltirdi. U 2000 yilda “Ofarin” – “Yilning eng yaxshi ijodkori” respublika tanlovining g‘olibi, 2012 yili mustaqilligimizning 21 yilligi arafasida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Darhaqiqat, Temur Sa’dulla asarlarida Vatanni sevish, hayotga muhabbat, bobolarimiz qoldirgan madaniy va ma’naviy meros yorqin bo‘yoqlarda ifoda etilgan. U taniqli mo‘yqalam sohibi O‘zbekiston xalq rassomi Chingiz Axmarov maktabi an’analarini davom ettirib, uni yanada sayqal toptirib kelmoqda.
Rassom ko‘rgazmasida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy dunyosini ochib berishda alohida miniatyura yo‘nalishi orqali qilgan barakali ijodi va boshqa ko‘plab asarlari yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mahzuna BOZOROVA,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi