OQILONA OVQATLANISH – UZOQ UMR GAROVI
Oqilona ovqatlanish inson umrini uzaytiradi. Uning salomatligiga ijobiy ta’sir etib, organizmning me’yorida faoliyat yuritishiga yordam beradi. Odam mijozini mo‘tadil etadi. Agar inson mijozi buzilsa, kasallik vujudga keladi. Noto‘g‘ri ovqatlanish ham xastalik sababchisidir.
Biz quyida oqilona ovqatlanish uchun nimalarga amal qilishimiz zarurligi xususida to‘xtalib o‘tamiz:
1. Ovqat ratsioni tegishlicha energetik qiymatga ega bo‘lishi kerak. Bu esa organizm hayot faoliyati uchun sarflangan energiyasiga yeyiladigan ovqat kalloriyasi muvofiq kelishi demakdir. Inson mehnat bilan shug‘ullanganda, yurganda, turli harakatlar qilganda, gaplashganda, barcha ichki a’zolar, ayniqsa, miya, yurak, o‘pka, me’da-ichak tizimi buyraklar uzluksiz ishlab turadi. Buning uchun energiya kerak. Energiyaning esa biz oziq-ovqat mahsulotlari va suyuqliklardan olamiz.
2. Ovqat ratsioni sifat jihatdan to‘yimli bo‘lishi kerak. Ya’ni, barcha oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida oqsillar, uglevodlar, yog‘lar, mineral moddalar va vitaminlar mavjud bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilish darkor.
3. Bolalar bir kunda to‘rt mahal ovqatlanishi zarur. Ertalabki nonushta kundalik ovqatning 25 foizni, tushlik 35 foizni, peshinda 15 foizni, kechki ovqat 25 foizni tashkil qilishi kerak.
4. Ovqatlanayotganda har qanday ishni yig‘ishtirib qo‘ying. Ayniqsa, ko‘ngilsiz voqealarni eslamang. Ovqat paytida hech narsa o‘qimang, aks holda taom yaxshi hazm bo‘lmaydi.
5. Suyuqlikni haddan tashqari ko‘p ichish ham zarar qiladi. Odam ko‘p terlaydi, «suyulib» qolgan qon kislorod tashish vazifasini uddalayolmay qoladi. Yurak, tomir va buyraklarga og‘irlik tushadi.
6. Dasturxon did bilan bezatilsa va ovqat chiroyli qilib qo‘yilsa, ko‘rganda faqat ko‘z quvonib qolmasdan, bunda me’da shirasi ham ko‘proq ajrala boshlanadi, hazm tizimi ovqatlanishga tayyor turadi.
7. Akademik I. Pavlov umrining ko‘p yillarini me’da-ichak tizimi a’zolari fiziologiyasini o‘rganishga bag‘ishladi.
Uning fikricha dasturxon albatta har xil ko‘katlar: petrushka, shivit, sabzavotlar, limon, bodring, karam kabilar bilan bezatilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Sabzavotlarni dasturxonga qo‘yishdan oldin yaxshilab yuvish kerak. Yuvilmagan mevalar yuzasida o‘tkir yuqumli me’da-ichak kasalliklarini chaqiruvchi mikroorganizmlar bo‘lishi mumkin.
8. Ovqat juda issiq va juda sovuq bo‘lmasligi kerak. Issiq ovqatlar ko‘pi bilan 50-60 darajada bo‘lishi, sovug‘i 10 darajadan kam bo‘lmasligi kerak.
9. Oziq-ovqat mahsulotlarini mikrob-lar zararlashidan va zaharli moddalar tushishidan saqlash va pishirishga tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish maqsadga muvofiqdir.
10. Ovqat tayyorlanadigan mahsulotlar sifatli bo‘lishi lozim. Mahsulot sal buzilgan bo‘lsa ham ovqatga ishlatish mumkin emas. Sutni faqatgina qaynatib ichish kerak.
11. Oqilona ovqatlanish madaniyati deganda ovqatlanish tartibi va taomning xilma-xilligi tushuniladi. Bu ovqatni qancha va qachon yeyishni, dasturxonni qanday bezatishni bilish zarur demakdir.
Sog‘lig‘imiz o‘z qo‘limizda ekan, uni o‘zimiz ehtiyot qilishimiz darkor. Shunday ekan, to‘g‘ri va sifatli ovqatlanishni odat qilaylik. Ko‘p hollarda ish bilan band bo‘lib ovqatlanishning vaqtini o‘zgartirib turamiz. Bir kunlik ovqatlanishning buzilishi ham inson salomatligining yo‘qolishiga olib keladi. Shunday ekan, biz o‘zimiz va oila a’zolarimiz hamda atrofimizdagi insonlarning sog‘lig‘iga befarq bo‘lmaylik.