Oydin xotiralar shu’lasi

O‘zbekiston xalq shoirasi Oydin Hojiyevaning bir she’rida shunday misralarni o‘qigandim:

Tishni tishga bosib, belimni bog‘lab,

Chumoliday tun-kun bilmadim rohat.

Farishta ketmadi dildan yiroqlab,

Kulbamni yoritdi sha’mi saodat.

Ushbu tug‘yon aynan Qutbixonning hayot yo‘liga berilgan chizgiga o‘xshaydi. Ha, umrining so‘nggi damlarigacha tinim bilmay ijod qilgan, ko‘nglini hamisha ilm-ma’rifat ziyosi bezab kelgan, farishtali, yuzlaridan nur yog‘ilib turadigan Qutbi Nosir qizi hozir hayot bo‘lganida 70 yoshni qarshilagan bo‘lardi. Uning hayotidan mamnunligi ko‘zlarida balqib turardi. O‘ziga rom etuvchi diltortar so‘zlari, jimjimador lutflari xuddi kechagiday yodimizda.

Dugonamning dildan bitgan quyidagi e’tirofidan uning hayotsevarligi, oilaparvarligi, mehnatdan, ijoddan baxt topganligi ayon anglashilib turganday: “Ayol ijodkorning baxti uning oilasi, ustozlari, hamkasblari, elining e’tiborida bo‘lishidir… turmush o‘rtog‘im, zabardast jurnalist – Mahkam Rixsiyevning e’tiborida bo‘lish, to‘rt o‘g‘lim, to‘rt kelinim, shirindan shakar nevaralarim ardog‘ida bo‘lish – bundan ortiq baxt bormi?!”

Ammo hayotda shunday tasodiflar ham bo‘ladiki, uning asorati yillar o‘tsada ketmaydi. Qutbixon kutilmaganda ro‘y bergan xastalik – yurak xurujidan vafot etdi. Ehtimol, oriyat talashgan, sabr-bardosh kemirayotgan nozik vujud turmush muammolariga, ikir-chikirlariga dosh berolmagandir…

O‘zbek jurnalistikasining yetuk vakillaridan biri, taxtapullik Nasriddin ota va Umrinisa ayalarning zurriyodlari, O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston jurnalistlari va yozuvchilar uyushmasi a’zosi – kursdosh dugonam Qutbi Nosirova (Rixsiyeva)ni yodga olishni, u haqdagi iliq xotiralarni qog‘ozga tushirishni lozim topdim. U bilan bog‘liq yarim asrlik xotiralarni siz bilan baham ko‘rishni istadim.

Uning “Mushtum” jurnalidagi faoliyati, nashr ettirgan she’riy kitoblari, hikoyalari, qissalari, oila, ayol, bolalar mavzusidagi publitsistik maqolalari – ijod qismatidan, oilaviy hayotidan doimo boxabar bo‘lganman. Nashrdan chiqqan har bir kitob, maqolasi oila uchun, bizning soha uchun yaxshi tuhfa hisoblanardi. Farzandlarimga, talabalarimga ularni ko‘rsatib, o‘qib berib, cheksiz iftixor tuyardim.

“Oyijon, oyi”, “Laylak qor”, “Tinchlik bobo”, “ Non haqida qissa”, “Yagonaxon”, “Po‘panaklar”, “Kurtaklar”, “O‘zgarish bolalari”, “Jannat mevalari”, “Sizga aytar so‘zlarim” kabi qator kitoblarining hozir ham o‘quvchilar, talabalar, barcha kitobxonlar tomonidan sevib o‘qilayotganini ko‘rganimda, ularda ilgari surilgan g‘oyalarning bugungi avlod tarbiyasiga hamon xizmat qilayotganini his qilganimda dugonamning umri boqiyligidan yanada baxtiyor sezaman, o‘zimni.

Yana o‘qing:  Yo‘l chiroq

Sira-sira yodimdan chiqmaydi: o‘tgan asrning 60-65 yillari, talabalikning oltin davri. O‘qiymiz, o‘rganamiz, kimlargadir ergashamiz va hamisha bir-birimizni to‘ldirishga, tushunishga harakat qilamiz. Bu ayniqsa, paxta terimi mavsumida, uyimizdan, ota-onamizdan yiroqda, bir tom ostida, bir ko‘rpada yotib, bir doshqozonda taom yeb, “bir qozonda qaynagan damlarimiz”da ko‘proq sezilardi. Dugonamning suvrati-yu, siyratidan, juda ibratli oilada tarbiya topganligi, ma’nan boyligi, zukkoligi, saranjom-sarishtaligi, orastaligi yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Uning mashhur “dedi” radifli she’riga yozgan parodiyasi-yu, ichak uzdi hangomalari, lablarini biroz qimtib gapirishi-yu, nim tabassumi, goh dugonamiz Lutfi bilan hamohanglikda xandon otib kulishlari hamon qulog‘im ostida jaranglayotganday go‘yo.

Ba’zan o‘ylanib qolaman: ayol kishi shuncha kuchni qayerdan oldi ekan. Maqsad sari intilishi, sabr-bardoshi, vazmin, bosiqligi unga doimo yo‘ldosh bo‘ldi. Uning tabiati 40 yillik ijodiy namunalarida o‘z ifodasini topdi.

Shoiraning o‘zi

“Siz hayotim pok tomchilari,

Siz umrimning davomchilari”, deb faxr etgani ham bejiz emas.

Mamlakat JO‘RABOYEVA,

O‘zMU dotsenti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: