Vatan – muqaddas, timsollari – aziz
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalqimizning irodasi, adolatli jamiyat barpo etishdagi intilishlari, ezgu istaklari mujassam. Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Bosh Qomusdir.
Bugun jamiyatimizda qanday yutuq va marralarga erishayotgan bo‘lsak, bularning poydevorida konstitutsiya turibdi. Konstitutsiyamiz suveren davlatimizning qonunchilik-huquqiy negizini shakllantirishning asosiy poydevori va mustaqil milliy davlatchiligimizning tamal toshi bo‘ldi. U inson manfaatlari uchun xizmat qilayotgan oliy hujjat vazifasini bajarmoqda. Asosiy qonunimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettirgani tufayli uni davlatimiz ramzi deyish mumkin.
Shuningdek, Konstitutsiyamizda belgilangan davlatimiz ramzlari ham mavjud. Uning 5-moddasida shunday deyiladi: “O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega”.
Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining ko‘zgusi, timsolidir.
O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i 1991 yil 18 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VIII sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i bugungi O‘zbekiston sarhadining qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi.
Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzidir. Bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Amir Temur davlatining bayrog‘i ham moviy rangda bo‘lgan.
Oq rang muqaddas tinchlikni ifodalaydi, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang poklik, beg‘uborlik, soflikni hamda ichki go‘zallikka intilishni ham o‘zida ifodalaydi.
Yashil rang tabiatning yangilanishi ramzi. U umid, navqironlik va shodumonlik timsolidir.
Qizil chiziqlar vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.
Navqiron yarim oy tasviri biznig tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni kunda qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzidir.
Yulduzlar barcha uchun ruhiy quvvat, ilohiy timsol hisoblanadi. Bayrog‘imizdagi 12 ta yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi quyosh yilnomamizga bevosita aloqadordir. Bizning 12 yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz mamlakatimiz sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida “Nujum ilmi” taraqqiy etgani bilan ham izohlanadi. Shuningdek, u o‘zbek xalqi madaniyati qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.
Bayrog‘imiz BMT binosi oldida hilpiraganda, rasmiy uchrashuvlarda, sport maydonlarida baland ko‘tarilganda qalbimizni faxr tuyg‘usi chulg‘ab olishi ana shundandir.
Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 5-son davlat notarial idorasi notariusi, huquqshunos Asqar PO‘LATOV tavsiyalari asosida Javlon SA’DULLAYEV yozib oldi