Agar ogoh sen…
Kishilik jamiyatining estetik va etik dunyoqarashi zamon va makon munosabatlari, an’ana hamda urf-odatlarning milliy mentalitet, shuningdek, umuminsoniy tushunchalar bilan uyg‘unlashuvidan boshlanadi.
Shu nuqtai nazardan qarasak, har bir mamlakat taraqqiyotini odil siyosatga yonma-yon ommaviy did ham ta’minlaydi.
LOQAYD ODAM – ENG XAVFLI QUROL
Yurtboshimiz «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida «Barchamizga ayon bo‘lishi kerakki, qayerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yilsa, o‘sha yerda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi. Va aksincha – qayerda hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql-idrok va tafakkur hukmron bo‘lsa, o‘sha yerda ma’naviyat qudratli kuchga aylanadi», deya bejiz ta’kidlamagan. Zero, ma’naviyatsizlikning ilk ko‘rinishi – loqaydlikdir. Loqayd odam eng xavfli quroldir.
Dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan terrorizm va diniy ekstremizm, transmilliy jinoyatlarning eng mudhish ko‘rinishi – odam savdosi yoki narkobiznesning urchib borayotganida ham ma’naviy dunyoqarashdan yiroq taomillar – behisob boylik orttirish, xalqaro huquq normalari va umuminsoniylik tamoyillariga loqaydlik, nafsga qullikdek jirkanch illat sabab bo‘layotgani ayanchlidir. Bundan ham mudhishi, bu jarayonlarga vatandoshlarimizning aralashib qolayotgani, g‘arazli maqsadli kimsalarning da’vatiga uchayotganidir. O‘z Vataniga qurol o‘qtalish, xalqining tinchligini buzish, qo‘ni-qo‘shnisi yoki endi ulg‘ayib kelayotgan, hayotga beg‘ubor orzular bilan boqayotgan yoshlarni giyohvandlik olamiga olib kirishni qaysi an’ana yoki qadriyatlarimiz oqlaydi?! Hech qaysisi. Bizning milliy mentalitetimiz, Yurtboshimiz olg‘a surgan milliy g‘oya tinch-totuv yashash, qo‘shnichilik an’analarini bardavom ta’minlashga qaratilgan.
KITOB KO‘P, AMMO…
Hazrat Alisher Navoiy nafaqat o‘zbek adabiyotining, balki jahon adabiyotining ham buyuk namoyondalaridan biri sanaladi. Jahon ijodkorlari orasida eng ko‘p so‘z qo‘llagan shaxs ham aynan Navoiydir. U kishining har bir satri haligacha ahamiyatini yo‘qotmagan, xuddi ushbu kun uchun yozilganday tasavvur paydo qiladi. Hazrat yozadi: «Sen o‘z xulqingni tuzgil, bo‘lma el axloqidin xursand». Bu hikmat oddiygina, hayotiy qilib aytganda «Qo‘shnim yotibdi-ku, men ham shu ishni ertaga qilarman» yoki «Falon o‘rtog‘im bugun darsga kelmadi, ertaga men ham qatnashmayman» qabilida ish ko‘radiganlarga, aniqrog‘i, manzildan adashayotganlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi mayoq emasmi?! Bu she’riyatning, so‘zning kuchi, qudrati.
Odamlar kitob o‘qimay qo‘ydi, degan faraz o‘zini oqlamaydi, hech zamonda ham oqlamagan. Ayniqsa, yurtimizda noshirlik sohasiga keng e’tibor qaratilayotgan bir paytda ommaga bunday baho berish noto‘g‘ridir. Agar odamlar kitob o‘qimay qo‘yganida kitob chop etilishi ham to‘xtatilardi. Muammo ular qanday asarlarni o‘qiyotganida. Shu o‘rinda aytish lozim: «Ommaviy madaniyat» bugun adabiyotga o‘z nuqsini urmoqda. Shahvoniy hirsni qo‘zg‘atuvchi, o‘quvchida shafqatsiz tuyg‘ularni shakllantiradigan «asar»lar paydo bo‘layaptiki, bundan tashvishga tushmaslikning iloji yo‘q. Muallifda auditoriyani kengaytirishga bo‘lgan intilishning yuqoriligi g‘arbona g‘oyalarga sug‘orilgan ijod namunalarining dunyoga kelishiga omil bo‘lmoqda. Xo‘sh, o‘ylab ko‘raylik, bu asarlar kimga qanday ozuqa bera oladi? Ziyo tarqatishi lozim bo‘lgan kishining dunyoqarashida o‘z manfaatidan boshqa narsa yo‘q ekan, mavjud vaziyatni OITS kasalligi kabi davosizmikan, deya mushohada yurita boshlaydi, kishi. Ammo bu holat OITS singari davosiz emas, chunki dunyo sivilizatsiyasi tamal toshini qo‘ygan ota-bobolarimizning qoni bizning tomirimizda ham oqmoqda. Aql bilan aytadigan bo‘lsak, haqiqiy ijodkorning yuragida sintez bo‘lgan asarlargina xalqning haqiqiy tarbiyachisidir.
TARAQQIYOT. INTERNET. «VIRTUAL ONG»
Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lida muhtaram Yurtboshimiz tomonidan qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Barcha ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasi zamonaviylashdi. Maqsad – har tomonlama yetuk, ma’naviyatli yoshlarni kamol toptirish. Xalqaro fan olimpiadalarida O‘zbekiston yoshlari munosib ishtirok etib, medallar shodasi bilan qaytishmoqda. Bugun olis qishloq hududlarida ham yoshlar bemalol internet tarmog‘idan foydalanayotir. O‘zining dunyoqarashi, bilim doirasini kengaytirayapti. Biroq ba’zi holatlarga ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlar ayrim yoshlarimizni domiga tortib bormoqda. Ayanchlisi, shunday toifa kishilar borki, milliy qadriyatlar, o‘zbekona sharm-hayoga zid fototasvirlarni internetga joylashtirishadi. Bu esa yoshlar orasida «virtual ong»ning quloch yozishiga zamin hozirlamoqda. Beixtiyor o‘ylab qolasan, ularni bunga kim majburlayapti? Hech kim. Bunday mudhish oqibatning tag-tomirida ma’naviy tarbiya yetishmasligi yotibdi. Qiziq, farzandning shunday sharmsiz holatdagi suratini ko‘rgan ota-onasi qay holatga tusharkin?!
Ayrim yigit-qizlar statusida shahvoniy munosabatlarga chorlovchi so‘zlar, aloqaga chiqish uchun telefon raqamlarini qoldirayotgani ham ayni haqiqat. Ba’zi holatlar borki, na kulishingni, na yig‘lashingni bilmaysan. Uning nomini «virtual muhabbat» deyishadi. Ikki yosh ijtimoiy tarmoq orqali bir-biri bilan tanishadi, yozishadi. Bir-birini ko‘rmay ko‘ngil qo‘ydilar. Hatto turmush qurish holatlari ham kuzatilmoqda. Mayli, oila qurgani baxtli bo‘lsin. Ammo yigit-qiz o‘rtasidagi nomalarda yigitlik g‘ururi, o‘zbek qizlariga xos sharm-hayo pardalari yo‘qligi ham bor gap.
AXBOROT «SNARYAD»LARI
Dunyo ko‘p bor qonli janglarni boshidan o‘tkazdi. Ammo inson taraqqiyotga yuz burgan sari urushlar shakli ham o‘zgara borayapti. «Sovuq urush» asoratlaridan xalos bo‘lgan insoniyat «axborot urushi» girdobida qoldi. Ma’lum guruhlarga birlashgan yovuz kuchlar turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali insonlar ongini zaharlab, ularni yolg‘on axborotlarga ishontirishga urinishayapti. Natijada tinch-totuv davlatlar aholisi bir-birini o‘qqa tutib, o‘z qo‘li bilan xalqiga qiron keltirmoqda. Hukumatga qarshi harakatlar uyushtirib, fuqarolar urushi avj olishiga zamin hozirlamoqda. Taniqli yozuvchilardan biri adabiy yig‘inlarning birida ma’naviyat haqida gapirarkan, shunday degan edi: «Xorij telekanallaridan birida ajib holatning guvohi bo‘ldim. Yaponiya xalqi sunami ta’sirida og‘ir muammolar girdobida qolgan payt. Boshpanasiz qolgan yaponlar yordam ko‘rsatish maydonlarida bir siqim guruchni kavshab, kitob o‘qiyapti. Yaqin Sharq mamlakatlaridan birida esa ikki yuz-uch yuz metr narida portlash sodir bo‘layapti. Odamlar u yoqda bir-birini o‘qqa tutmoqda. Pana joyda to‘rttasi qarta o‘ynab o‘tiribdi».
Bugun Yaqin Sharq mintaqasi qonli to‘qnashuvlar girdobida. Ko‘p davlatlarda mavjud siyosat boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Asosiy sabab esa odamlarning turli bo‘hton va yolg‘on axborotlarga aldanib qolayotganidir. Shunday ekan, internet tarmog‘idagi muloqot jarayonida hushyor bo‘lish, aldanib qolmaslik uchun ham «virtual ong» doirasidan chetga chiqish, «axborot urushi» qurboniga aylanib qolmaslik talab etiladi. Bunday salbiy holatlarga qarshi bitta qurol bor – ma’naviyat! Ayni paytda yurtimizda tinchlik hukmron. Oilalar osoyishta, ko‘ngillar xotirjam. Ammo Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, dunyoda turli tahlikali holatlar sodir bo‘layotgan bir paytda xotirjamlikka berilishimiz yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Har lahza ogoh bo‘lish, atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, sog‘lom ong doirasini yanada shakllantirishimiz lozim. Zero, ongu tafakkuriga bunyodkorlik g‘oyasini, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik hissini singdira olgan xalq qudratli xalqdir.
Bahodir HALIMOV