“Barcha maktablar maktab avtobuslari bilan ta’minlanadi” Vazirlik buni rad etdi
Ommaviy axborot vositalari tomonidan e’lon qilinayotgan O‘zbekistondagi barcha maktablarning 2019 yilning 1 yanvarigacha maktab avtobuslari bilan ta’minlanishi borasidagi xabar yuzasidan O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landik. Vazirlik mutaxassislaridan olgan ma’lumotimizga ko‘ra bu xabar noto‘g‘ri ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilning 2 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda 2019 yil 1 yanvargacha joylardagi maktab filiallarini asosiy maktabga aylantirish, maktab avtobuslari bilan tizimli ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Ammo avtobuslar bilan ta’minlash borasidagi bu ko‘rsatma respublikadagi barcha maktablarga tegishli emas.
– Mazkur yig‘ilishda 2019 yil 1 yanvargacha joylardagi maktab filiallarini asosiy maktabga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Asosiy maktab tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lmagan joylarda esa o‘quvchilarning asosiy maktabga borishlari uchun avtobus xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi masalasini o‘rganib chiqish kerakligi ta’kidlandi. Bu tashabbus qishloq bolalarini ham yaxshi sharoitlarda o‘qishini ta’minlash o‘quvchilar uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tizimida 9,6 mingdan ziyod maktablar faoliyat yuritadi va ularning barchasini ikki oyda avtobuslar bilan ta’minlash imkoniyati yo‘q. Shuning uchun bu masala birinchi navbatda eng zarur bo‘lgan uzoq joylardagi maktablar uchun ko‘zda tutiladi, – deydi Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov.
Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda Prezidentimiz soha oldida yana ko‘plab vazifalar turgani, jumladan, darsliklar ta’minoti, ta’lim dasturlari sifati, o‘qituvchilar bilim va malakasini oshirish, kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish, chet tillarini o‘qitish imkoniyatini kengaytirish borasidagi ishlar talab darajasida emasligini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, ayni paytda maktab o‘qituvchilarining bilimi va malakasi talabga javob bermaydi. Tizimdagi 422 mingdan ortiq pedagogning 65 ming nafari o‘rta maxsus ma’lumotli. Atigi 11 ming nafar o‘qituvchi oliy toifali.
Shuning uchun Xalq ta’limi vazirligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi, Mehnat vazirligiga vakant lavozimlarga pedagoglarni jalb qilish, chekka hududlarga borib ishlaydigan o‘qituvchilarni rag‘batlantirish va ularning malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Maktablarda 11 yillik tizimga o‘tilgach, o‘quvchilar soni 1 millionga ortgan. Bugungi kunda 138 ta maktab filiali o‘z binosiga ega emas, 55 ta filialda o‘quvchilar soni me’yoridan yuqori.
Investitsiya dasturi doirasida 35 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlarini tezroq yakunlash kerak. 5 mingdan ziyod fizika, kimyo va biologiya o‘quv-laboratoriya jihozlari, 43 ming to‘plam o‘quv mebeli zarur.
Bundan tashqari Prezidentimiz belgilangan maktablardagi qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlash, markazlashgan investitsiya mablag‘lari hisobidan ularni jihozlash kerakligini ta’kidladi.
Hududlar talabidan kelib chiqib, litsey va kollejlarning bo‘shagan binosini joriy yilning oxiriga qadar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazish, 2019 yil 1 yanvargacha joylardagi maktab filiallarini asosiy maktabga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri