Qatiq asabni mustahkamlaydi
Qatiq – barchamizga birdek sevimli va foydali ichimliklardan biridir. Tarkibida oqsil, mineral tuz va bir qancha vitaminlar mavjud.
Profilaktik va davolash jarayonida qatiq organizmda oson hazm bo‘ladi. Yosh bolalarda ko‘p uchraydigan disbakterioz va diareyani davolashda ham undan foydalanish mumkin.
Shuningdek, tanamizni bir qancha kasalliklardan himoyalaydi.
Antibiotik bilan davolanish jarayonida qatiq ichish ichak mikroflorasini yaxshilab, organizmning immun tizimini mustahkamlaydi. Ichaklardagi foydali bakteriyalarni tiklashda yordam beradi. Shuningdek, organizmni zaararli mikrob va bakteriyalarga qarshi kuchini oshiradi. Immuniteti tushib ketgan bemorlarga ham qatiq ichish foydalidir.
Olimlar uzoq izlanishlardan so‘ng inson tanasining qarishi sabablaridan birini aniqladilar. Ularning tashxisi bo‘yicha: tanamiz hamisha zahar (toksin)larga qarshi kurashadi va bu paytda ingichka ichakda zararli mikroblar ko‘payadi. Hamma gap shundaki, qatiq ushbu toksinlarni neytrallashtiradi. Bunda qatiq tarkibidagi sutli nordon zamburug‘, laktobatsil va bifidobakteriyalar bu vazifani bajarishi ma’lum bo‘ldi.
Shu bilan birga, jigar kasalligi, ovqatdan zaharlangan bemorlar uchun sut mahsulotlari ichish shifokor maslahati bilangina amalga oshirilishi lozim. Bunda ichaklarda dam hosil bo‘lishiga sharoit yaratib beradi. Og‘ir turdagi me’da xastaligi bo‘lgan bemorlar ham shifokor gastroenterologning maslahatini yodda tutishsin.
Sutning yog‘liligi qanchalik yuqori bo‘lsa, undan mazali va to‘yimli qatiq hosil bo‘ladi. Shuningdek, sutning me’dada hazm bo‘lish darajasi 30 foiz, qatiqning so‘rilishi esa, 90 foizni tashkil etadi.
Shundan ham ko‘rinib turibdiki, me’dada uzoq vaqt davomida hazm bo‘luvchi sutdan ko‘ra, qatiq iste’mol qilish foydali ekan. Bir necha foydali mikroorganizmlar majmuasi bo‘lgan bu mahsulot zamburug‘li achitqilardan, nordon sirka bakteriyalari hamda nordon sutli tayoqchalardan iboratdir. Ta’m beruvchi mikroorganizmlar hammasi birlashib to‘yimli mahsulotga aylanadi.
Qatiq tananing immun tizimini tiklovchi, ruhiy zo‘riqish hamda uyquning buzilish holatlarining oldini olishda asosiy vositadir. Shuningdek, ichaklardagi ortiqcha xiltlarni yuvib tushiradi. Organizmning himoya tizimini mustahkamlaydi. Yoz kunlarida muzdek qatiq ichish tanaga rohat bag‘ishlaydi. Qatiq chanqovbosdi, ishtaha ochuvchi hamda asablarni tinchlantiruvchi mahsulotdir.
Doimiy ravishda qatiq ichib yurish natijasida asab tizimi yaxshilanib, tanadagi ruhiy zo‘riqish, va charchoq yoziladi. Qatiq tarkibidagi fosfor charchoqlarni yozadi va mushaklarga quvvat bag‘ishlaydi. Asablarni tinchlantirish va ortiqcha xavotirdan xalos bo‘lish uchun ham doimo qatiq va sut mahsulotlarini iste’mol qilib yurish lozim.
Tayyor bo‘lganidan so‘ng bir kun o‘tsa ham uning tarkibi o‘zgaradi. Uni yangi ivitilganda ichish koni foyda. Yog‘lilik darajasi qanchalik ko‘p bo‘lsa sizning sog‘ligingiz uchun shuncha foyda.
Uyquga yotishdan oldin bir stakan qatiq yoki sut ichish xotirjamlik garovidir. Doimiy ravishda qatiq ichib yuruvchilarning tanasiga saraton xastaligi yaqin yo‘lamas ekan.
Yana shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, bolalarda uchraydigan bir qancha infeksion kasalliklarning oldini olishda, shuningdek, raxit kasalligi, bolalarda kamqonlikni davolash jarayonida, allergik kasalliklarda, turli yallig‘lanish bilan kechuvchi kasalliklarda va ishtaha yo‘qolganda qatiq ichish lozim.
Tarkibidagi kalsiy va D vitamini bolajonlarning salomatligi uchun nihoyatda muhim darmondori bo‘lib, ulg‘ayib o‘sayotgan kichkintoy uchun sut mahsulotlari muhim ozuqa sanaladi. Bolajonlarning suyak tizimi mus tahkam o‘sishi uchun qatiq tarkibidagi kalsiyning o‘rni beqiyosdir.
Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarga tishlarining sog‘lom o‘sishi va suyaklarining baquvvat bo‘lishi uchun sut mahsulotlarini har kuni ovqatlanish tartibiga kiriting. Bu esa tishlar salomatligining kafolatidir.
Shifokorlar homilador ayollarga har kuni bir stakan qatiq ichishni tavsiya etadilar. Bir sutkada 0,5 l qatiq ichish bolaning sog‘lom o‘sishiga yordam berar ekan. Qatiq tarkibida bo‘lajak ona organizmi uchun zarur bo‘lgan darmondorilar mavjud bo‘lib, bulardan 12 xil darmondori va asosiysi A, D darmondorisi ona va bola salomatligi uchun nihoyatda muhim sanaladi.
Hozirgi kunda butun dunyoda maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari oshxonalarini sut mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bolalar dars tayyorlash jarayonida ularning organizmida aqliy zo‘riqish yuz beradi va bunda albatta sut mahsulotlarining o‘rni beqiyosdir.
Qatiq ichib, parhez tutish orqali ingichka va yo‘g‘on ichaklar tozalanadi va organizmdagi ortiqcha xiltlar erib ketadi. Bir qancha Yevropa davlatlari qorin yog‘ini ketkazish va ozish uchun qatiqdan tayyorlangan mahsulotlarni ko‘proq iste’mol etishmoqda. Ozish istagidagi kishilar qatiq ichib yurishlari maqsadga muvofiqdir.
Dunyo diyetologlari shu fikrga kelishdiki, sut mahsulotlarini doimo iste’mol qilib yurish inson salomatligi uchun muhim ekan.
Nargiza UGLAMOVA tayyorladi.