Baxt – tinch osmon ostida har bir soniyani to‘g‘ri sarflashdir!
Yurtboshimiz Islom Karimovning mustaqilligimizning 22 yilligi tantanalarida so‘zlagan nutqini eshitib, to‘lqinlanib ketdim: «Biz o‘z oldimizga qo‘ygan kelajagi buyuk davlat qurishdek olijanob maqsadga yetish yo‘lida men sizlar kabi mard va shijoatli yoshlarimizga, ilmu fan cho‘qqilarini egallashga bel bog‘lagan, qiyinchilik va sinovlar oldida bosh egmaydigan, bugun hayotimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lib maydonga chiqayotgan sog‘lom va barkamol avlodimizga ishonaman».
Mustaqillik yillarida kamol topgan yosh avlod o‘z oldiga yangi marralarni qo‘yib yashaydigan, maqsad sari dadil intiladigan bo‘g‘in sifatida namoyon bo‘ldi. Biz hayotimizni o‘z shijoatimiz va g‘ayratimiz bilan o‘zgartira olishimizga ishonadigan davr farzandlari bo‘lib kamol topayapmiz.
Juda ko‘p odamlar bilan muloqotda bo‘lganimizda, baxt sizningcha nima, degan savolga, ularning aksariyati «baxt bu Vatan tinchligi, ota-ona va yaqinlaring salomatligi» deb javob beradi. Darhaqiqat, yurt osoyishtaligidan, yaqinlaringning xotirjamligidan-da ulug‘roq baxt yo‘q, dunyoda.
Vaqt – bu ortda qolgan o‘tmish, yelday ilgarilayotgan zamon va har turli orzu-umidlar ila oldinga chorlaydigan kelajak. Lahzalar soatlarga, soatlar kunlarga, kunlar oy va yillarga ulanib borar ekan, istiqlolga erishgan onaday aziz Vatanimiz uchun nima qila oldim, deya o‘zimizdan bot-bot so‘rashimiz muqaddas burchimizdir.
Mustaqillik yaratgan imkoniyatlar tufayli mamlakatimizning ko‘pchilik yoshlari singari men ham nufuzli chet el ta’lim dargohlarida bilim olishga muvaffaq bo‘ldim.
Yurtdan olisda bo‘lar ekanman, O‘zbekiston bayrog‘ini hamisha yonimda olib yurdim. Sog‘inch tuyg‘ulari qalbimni batamom chulg‘ab olganida bayroqni yuzimga surib, ona Vatanim taftini tuyardim. Ba’zan o‘z tug‘ilgan yurtingda yashab, uning qanchalar qadrli va qalbga yaqinligini his qilmas ekansan, kishi. Ammo ona Vatandan olisda, ya’ni musofirlikda yashaganingda uning qadrini yanada chuqurroq anglab yetarkansan.
Lahza mazmuni va kuchini anglay olmagan inson hech zamon soatlar, kunlar yoki yillar qadriga yeta olmaydi, ilm ziyosi ila ko‘nglini munavvar qila bilmaydi. Aslida inson umri vaqtning bir qismi va parchasi. Yosh avlod uchun eng muhimi yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishdir. Turli tashqi ta’sirlar va taraqqiyotimizga to‘siq bo‘ladigan, insonlarni parokanda qiladigan g‘oyalarga ergashmaslik, umrni yelga sovurib, keraksiz narsalar bilan hayotni isrof qilmaslik zarur.
Shunday ekan bu dunyoda qilayotgan amallarimiz va erishayotgan natijalarimiz bizdan keyingi avlodlar uchun ibrat bo‘lsin. Zero, Prezidentimiz Islom Karimovning biz yoshlarga qilgan da’vatiga o‘z yuksak hayotiy natijalarimiz va barchaning havasini keltiradigan ezgu intilishlarimiz orqali munosib javob qaytarmog‘imiz kerak.
Dilrabo SAYDULLAYEVA,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti magistranti