BOLA – KO‘ZGU

– Bolaning oldida yolg‘on so‘zlab bo‘lmas ekan, – deya so‘z ochib qoldi dugonam. Qiziqsinib nigohlarimni unga qaratsam fikrini izohlash uchun so‘zida davom etdi.

– Tunov kuni jiyanim bilan uydagilardan so‘roqsiz bir yerga borgandim. Qaytar chog‘imda unga takror-takror hech kimga aytma, deya uqtirdim. Bir amallab ko‘ndirdim ham. Ammo buni qaraki, tunov kundagi yolg‘onimni kuni kecha jiyanim o‘zimga “bus butunligicha” qaytardi. Bolaning yolg‘oni menga qimmatga tushdi. Eng yomoni, men unga, nega unday qilding, deya tanbeh bera olmadim. Uyaldim. Axir bu aldovning boshida o‘zim turgan edim-da. Dugonamning so‘zlarini tinglab, o‘ylanib qoldim. Nahotki bola ko‘ngliga ta’sir qilish shunchalar oson bo‘lsa?! Dunyoni endi anglab yetayotgan bolaning yolg‘onni o‘rganib olishi shu qadar yengilmi!?

Bolaning fikri-o‘yi bamisoli oq qog‘oz, degan so‘zlar bejiz emas. Unga ezgulik urug‘i qadalsa, yaxshilik unadi. Ammo buning aksi bo‘lsachi… Ba’zan arzimas ko‘ringan xatti-harakatlarimiz ortidagi xulosa dugonam hayotidagi voqea kabi ayanchli bo‘lishi ham mumkin. Keksa bobo-buvilarimiz bejiz oiladagi so‘zlarga, xatti-harakatlarga e’tiborli bo‘lishga bot-bot undashmagan. Zero, uyimizdagi jajjilar barcha ishlarimiz va so‘zlarimizni tezda o‘zlashtirib oladilar. Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan naql bejiz mavjud emas. Ona qizaloqqa ko‘zgu bo‘lsa, o‘g‘il otadan o‘rnak oladi. Bolaning hayotidagi ilk ideali ota va onadir. Shuning uchun ularning barcha ishlari ularga maqbul ko‘rinadi. Garchi bu xatti-harakatlar noto‘g‘ri bo‘lsada. Hali yaxshi-yomonning farqini ajrata olmaydigan bolalar, dadasi yoki onasi, xullas kattalardan o‘zlashtirgan barcha ishlarning “davomchisi”ga aylanadi.

Bolaning sof fitratiga gard yuqmaslik uchun ota-ona sergak bo‘lishi kerak. Hozirgi kunda kundalik hayotimizning har jabhasida ommaviy madaniyatning illatlarini uchratish qiyin emas. Turli o‘yinchoqlar, seriallar, multfilmlar, hatto shirinliklarning muqovasida ham uning aksini ko‘rish mumkin.

Bir kuni ko‘chada g‘uj bo‘lib o‘ynayotgan bolalarning “otishma” o‘yini e’tiborimni tortdi. Bolalar bir-biriga “sen o‘lding, men seni o‘ldirdim”, “Men seni miyangdan otib tashladim” qabilidagi so‘zlarni shu qadar oson va mamnun holda aytishyaptiki, buni eshitgan kishi bir seskanib qo‘yadi. Nahotki, bu so‘zlar mana shu bolakayga yarashsa? Bolalarning tarbiyasiga ular ko‘rayotgan multfilm va kinolar, turli xil seriallarning ta’sir ko‘rsatishi kundagi muhokamaga qo‘yiladigan dolzarb muammodir. Buning oldini olish yo‘llariga to‘xtalganda, mavzu yana o‘sha oila deb atalmish qo‘rg‘onga borib taqaladi. Zero, oila jamiki go‘zalliklarni tarannum etuvchi va uni boqiy qadriyatga aylatiruvchi ulkan kuchdir. Ota-ona esa ana shu kuchning o‘zagi, tamal toshi. Kelajak avlodning barkamol va ma’naviyati yuksak bo‘lishida ularning o‘rni muhimdir. Farzandingizga bunday bo‘ling, unday qiling degan so‘zlardan yiroqmiz. Shunchaki, bolangizga dunyoning jamiki yaxshiliklarini hadya eting. Ana shunda tarbiyaning hosilasi o‘z-o‘zidan namoyon bo‘laveradi.

Яна ўқинг:  ТИЛ – НУТҚНИНГ ҚУРОЛИ

Farangiz ISKANDAROVA,

JIDU qoshidagi Shayxontohur

akademik litseyi o‘quvchisi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: