Yangi oromgoh bolalarga quvonch ulashmoqda
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Tibbiy-ijtimoiy markazi hovlisida Turkiyaning TIKA agentligi ko‘magida bolalar oromgohi tashkil etildi.
Bu yerda ertamiz egalari uchun futbol, voleybol, basketbol, tennis maydonlari, oshxona, yotoqxona, yuvinish hamda kiyim almashtirish xonalari qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu kunduzgi sog‘lomlashtirish markazi bir vaqtning o‘zida 40 nafar bolaga yuqori darajali xizmat ko‘rsatadi.
Kuni kecha ushbu oromgohning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda fond xodimlari, TICA agentligi mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari, bolalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi. Tadbir chinakam shodiyonaga aylandi. El suygan san’atkorlarning qo‘shiqlari tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
– Oromgohda mazza qilib dam olyapmiz. Bo‘sh vaqtimizda sport bilan shug‘ullanyapmiz, – deydi Aziz Rahimov.
Dastur so‘nggida xorijlik mehmonlar bolalarga esdalik sovg‘alari ulashdi.
D. FAYZIYEVA