Zig‘ir
Zig‘ir — bo‘yi 150 santimetrgacha boradigan bir yillik o‘simlik. Poyasi ingichka, barglari cho‘ziq nashtarsimon, gullari poya uchida ro‘vak hosil qiladi. Mevasi sharsimon mayda ko‘sakcha, odatda, uning ichida o‘n dona urug‘ bo‘ladi. Bu urug‘lar tuxumsimon shaklda, silliq, jigarrang tusda.
Zig‘ir urug‘ida 50 foizga qadar moy mavjud. Uning tarkibiga linolenat, linolat, oleinat, palmitinat va stearinat kislotalar kiradi. Shuningdek, zig‘ir urug‘ida moydan tashqari shilimshiq moddalar, oqsillar, uglevodlar, organik kislotalar, fermentlar, A darmondorisi ham bor.
Xalq tabobatida zig‘ir urug‘i va moyi keng qo‘llanadi. Bronxlar, o‘pkaning yallig‘lanish kasalliklarida urug‘i balg‘am ko‘chiruvchi va yo‘talga qarshi vosita tariqasida, surunkali kolitda surgi sifatida ishlatiladi. Urug‘idan tayyorlangan qaynatma sistitni davolashda, qovuq toshlarini tushirishda ishlatiladi, zig‘ir moyi esa xoletsistit, kolit, bavosil va sil kasalligida davo bo‘ladi.
Ibn Sino balg‘amli yo‘talda, peshob yo‘llarining yarali kasalliklarida zig‘ir urug‘ini qovurib yeyishni buyurgan. Ushbu mahsulot tinkani quritadigan yo‘tal, ichak og‘riqlari vaqtida ham yaxshi naf beradi, peshob haydovchi, terlatadigan ta’sirga ega, emizikli ayollarning sutini ko‘paytiradi.
Zamonaviy tibbiyotda zig‘ir urug‘idan shilimshiq modda, zig‘ir moyi va linetol preparati olinadi. Zig‘ir urug‘ida bo‘ladigan shilimshiq modda o‘rab oluvchi vosita sifatida dorilarning achishtiradigan ta’sirini kamaytiradi, yoqimsiz mazasi va hidini yo‘qotadi. Zig‘ir moyi sklerozga qarshi vosita, shuningdek, surgi tariqasida ishlatiladi. Linetol terining kuygan joylari va yaralarga surtiladi.
Manbalar asosida XURSHIDA tayyorladi.