Ayol qalbi ixtirosi
Dunyodagi har bir xalqning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan urf-odatlari bor. Bir elatga xos bo‘lgan an’ana, boshqa bir xalqning xulq-atvoriga mos tushmagani kabi o‘sha odatlar ularning tillaridagi mazmunda ham o‘zgacha ma’noda ifodasini topadi. Xorijiy tildan o‘z ona tiliga bir asarni tarjima qilayotgan tarjimon uchun o‘zga millat urf-odatlarini tasvirlab, ularga qo‘shimcha izoh berib, o‘quvchiga haqiqatni ochib berishiga to‘g‘ri keladi. Tarjima san’ati ana shuning uchun ham qiziqarli, shu bilan birga mashaqqatli ishdir.
Yaxshi tarjimonning mahorati bois ijodkor asarini yuqori martabaga ko‘tarib yuborishi, aksincha tajribasiz mutarjimning yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolari tufayli ajoyib asar ham o‘z asli-tarovatini yo‘qotishi mumkin.
Yaqinda «Faylasuflar» nashriyotida amerikalik mashhur adiba Aleksandra Ripleyning «Skarlett» romani chop etildi. Ushbu asarni tarjimon Rohila Ahtamova o‘zbek tiliga mohirona tarjima qilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Margaret Mitchellning «Shamollarda qolgan hislarim» nomli romani mashhur asarga aylangani hamda eng xaridorgir kitob bo‘lgani hech kimga sir emas.
Ko‘pgina kitobxonlarga ma’lumki, ushbu asar faqatgina qiz va yigitning dardnomasi emas, balki Amerika tarixida tub burilish davri bo‘lgan fuqarolar urushining yorqin yilnomasi hamdir. Bir taraqqiyot bosqichidan o‘tib, ravon yo‘lga tushib olishga intilgan mamlakat janubliklar bilan hayot-mamot kurashida maydonga chiqadi, bu katta izdihom jami fuqarolarni o‘z domiga tortadi. Orzular, hissiyotlar, rejalarni bu temir oqim o‘z izmiga bo‘ysundirib oladi. Ana shu voqealar asarda asosiy o‘q bo‘lib o‘tadi, turmushning mayda dahmazalari shu elakda saralanib, yiriklashadi. Katta hayot voqeasi – urush, ikki yosh – Skarlett O` Xara va Rett Battlerlarning nozik insoniy tuyg‘ulariga maydon bo‘ladi. Ushbu voqealar katta yuksalish sari yuz burayotgan aniq bir mamlakatda ro‘y beradi. Sevgi qissasi mantiqiy yakuniga yetmagani bois, kitobxonlar asarning davomini yozishni taklif etdi. Biroq, bu taklifni muallif rad etdi.
Aleksandra Ripleyning «Skarlett» romani ushbu asarning mantiqiy davomi bo‘lib, u to‘rt qismdan iborat. Saodatli kunlar umidi va bu yo‘ldagi kurash asar qahramonlari taqdirini nurlantirib turadi.
Shubhasiz, yaratilayotgan har bir asardan «Skarlett» singari salmoqli ijtimoiy yuk, yuksak badiiylik, betakror ijro talab qilib bo‘lmas, ammo ko‘plab kishilar ongiga faol ta’sir qiluvchi kuchli vosita sifatida ularda shu kunlarning haroratli nafasi, zamondoshlarimiz tafakkuridagi o‘zgarishlar, buyuk yaratuvchilik manzaralari aks etishi shart. O‘ylaymizki, «Skarlett» kabi asarlarning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi, o‘zbek kitobxonlarining jahon adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Navro‘z NORBOBOYEV