Bog‘chadagi beorlik

Har kungidek ishga barvaqt otlangan Mohira yo‘l-yo‘lakay o‘g‘ilchasini bog‘chaga tashlab o‘tishni maqsad qildi. Afsuski, manzilga yetib borganda noxush voqeaning ustidan chiqdi…

Beg‘ubor bolalik olamida yashayotgan kichkintoylar bir-biri bilan talashib-tortishib, so‘ng hech nima bo‘lmaganday do‘stlashib ketishi hech kimga sir emas. Biroq, bu holatni ikki ona – Aziza Bekmirzayeva va Adolat Shokirova (ism-familiyalari o‘zgartirilgan) qabul qila olmadi. Agar ular buni shunchaki bolalarga xos “janjal” deb qabul kilganida o‘z farzandlari qolib, boshqa bolajonlar oldida ham mulzam holga tushmagan bo‘lishardi.

Ikki ota-onaning “pashshadan fil yasashi”, oddiy voqeani katta janjalga aylantirdi. O‘zaro kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida Aziza Adolatning yuz qismiga musht bilan urib, unga tan jarohati yetkazdi.

Sud tibbiy ekspertizaning 2018 yil 16 fevral kunidagi 725-H-Ruz-sonli xulosasiga ko‘ra, Adolat sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati oladi. Aziza esa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 109-moddasining 2-qismi bilan aybdor deb topilib, sud kursisiga o‘tirdi.

Sudga qadar Aziza o‘z qilgan ishidan pushaymon bo‘ldi. Adolat bilan gina-kudratlarni unutgan holda o‘zaro yarashib oldi. Adolatga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni o‘z hisobidan qopladi. Jabrlanuvchi ham sudga o‘z arizasi bilan murojaat qilib, Aziza bilan o‘zaro yarashib olganligini yashirmadi. Bir so‘z bilan aytganda Azizaga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini aytib, suddan jinoyat ishini harakatdan tugatishni so‘radi. O‘z aybiga to‘la iqror bo‘lgan Aziza ham suddan ushbu arizani inobatga olishini iltimos qildi. Shundan so‘ng sud adolat bilan har ikki tomondagi holatlarni o‘rganib chiqdi. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi JKning 661-moddasiga ko‘ra JK 109-moddasining 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs, agar o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi aytib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasi JPK 84-moddasining 4-qismida jabrlanuvchi JK 661-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ayblanuvchi bilan yarashgan taqdirda jinoyat ishi JPKning 62-bobida belgilangan tartibda sud tomonidan ayblilik haqidagi masalani hal qilmasdan tugatilishi mumkinligi ko‘rsatildi.

Sud voqea hamda tafsilotlarni har tomonlama odilona o‘rganib chiqdi va O‘zbekiston Respublikasi JPK 84-moddasining 4-qismiga ko‘ra, A. Bekmirzayevani jinoyat sodir etishda ayblilik masalasini hal qilmasdan jinoyat ishini tugatishni lozim topdi.

Yana o‘qing:  Millat ko‘rki

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 84,401,582-583,585-586-moddalariga asosan sud Azizani O‘zbekiston Respublikasi JK 109-moddasining 2-qismi bilan ayblash haqidagi jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JKning 661-moddasiga asosan tomonlarning yarashganligi munosabati bilan harakatdan tugatilganligini ma’lum qildi. Biroq, tomonlarning yarashganligi munosabati bilan jinoiy ish harakati tugatilgan bo‘lsa-da, sud jinoyat sodir bo‘lishiga sabab bo‘lgan omillardan ko‘z yumolmadi.

Sud poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 153-sonli MTM tarbiyachilarining o‘z vazifalariga mas’uliyatsiz yondoshib, muassasa tarbiyalanuvchilariga yetarli darajada e’tiborda bo‘lmaganliklari, mazkur jinoyat MTM tarbiyalanuvchilari o‘zaro urishganliklari natijasida, ularning ota-onalari bir-biri bilan janjallashib ketganliklari oqibatida sodir etilgan, deb hisobladi. Shunga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi JPKning 298,299,300,476-moddalariga asoslanib, sud ajrim qildi.

Ajrim xulosasiga ko‘ra mazkur turdagi jinoyatlar sodir etilishiga sababchi bo‘layotgan omillarni bartaraf etish maqsadida Mirzo Ulug‘bek tuman XTB rahbariyati tomonidan jinoyat ishi yuzasidan chiqarilgan xususiy ajrim tuman MTM mudiralari o‘rtasida muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi qat’iyan talab etildi.

Guldek bolakaylarning araziga aralashib, o‘zlari ham odamlar ko‘zgusiga tushganidan xijolat bo‘lgan bu ikki yosh onaga biz nima ham derdik. Qonun ularga o‘z so‘zini aytdi. Biz aytmokchi bo‘lgan gap esa shu: bolalar bu – kelajak. Kelajak esa hech qachon eshitgan, ko‘rgan voqealarni unutmaydi. Ular oldida bosh egib qolmaslik uchun biz kattalar har qanday vaziyatda ham o‘zimizni qo‘lga olishimiz lozim. Shundagina biz ularning pokiza qalbida o‘zlari istamagan dog‘ni ko‘rmaymiz.

 

Yoqutxon HAYDAROVA,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi raisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: