Savol bering, javob beramiz (2013-34)
Homilam TORCH infeksiyaning «Toxoplazma» turi tufayli nobud bo‘lgandi. Olti oy davomida mutaxassislar yordamida davolandim. Oxirgi qon tahliliga ko‘ra menda mavjud infeksiya foizi hali unchalik pasaymagan ekan.
Lekin hozirda homiladorman. Homilam to‘rt oylik. Sog‘lig‘im ham, homilam ham joyida. Shunday bo‘lsa-da xavotirdaman. TORCH infeksiya homilaga keyinchalik ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkinmi?
Dilafro‘z Xoliqulova,
Sirdaryo viloyati
Sizda mavjud infeksiya foizi davolanish davomida sekinlik bilan pasayib boradi. Asosan olti-etti oydan keyin tahlil natijasi tushganini ko‘rishingiz mumkin. Bunga sabab dorilarning organizmga butunlay so‘rilib ketishi bilan bog‘liq. Chunki dorilar ta’sirida ham ko‘pincha tahlil natijasi yuqori ko‘rsatgichni ko‘rsatadi. Bundan tashqari homilador ayolda ham qon tahlili me’yordan ko‘ra yuqori chiqadi.
Agar siz mutaxassislar buyurgan muolajalarni to‘liq olgan bo‘lsangiz, xavotirga o‘rin yo‘q. Shunday bo‘lsa-da homilador ayollar doimiy shifokor nazoratida bo‘lib turishi maqsadga muvofiq.
Malohat YUNUSOVA,
ginekolog