Maktab yarmarkalari ish boshladi
Yangi o‘quv yili arafasida Samarqand viloyatidagi bozor va savdo majmualari, ta’lim muassasalarida maktab yarmarkalari ish boshladi.
Keyingi yillarda an’anaviy ravishda tashkil etib kelinayotgan mazkur tadbir o‘quvchilar uchun sifatli va arzon narxda o‘quv qurollari, kiyim-kechak xarid qilishda ota-onalarga qulaylik yaratmoqda.
– Bugungi kunda viloyatimizdagi barcha bozor va savdo majmualaridan tashqari, tuman markazi va shahardan, bozorlardan uzoqligi hisobga olingan holda 98-umumta’lim maktabida ham shunday yarmarkalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Qo‘ldosh Saidov. – Ushbu savdo nuqtalari orqali viloyatdagi 977 ta umumta’lim maktabida tahsil oluvchi 392 mingdan ziyod o‘quvchiga zarur mahsulotlar yetkazib berish rejalashtirilgan. Buning uchun savdo korxonalari va tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzilib, kerakli miqdordagi o‘quv qurollari, maktab formalari savdoga chiqarilmoqda. Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Urgut va Qo‘shrabot tumanlarining olis dasht va tog‘li hududlari aholisiga qulaylik yaratish maqsadida o‘ndan ziyod avtoyarmarkalar ham tashkil etildi. Har bir yarmarka bo‘yicha maktab rahbari va pedagog xodimlardan mas’ullar va moddiy javobgar shaxslar belgilangan. Sotilayotgan mahsulotlarning sifati, narxi, o‘quv qurollaridagi surat va boshqa vositalarning ma’naviyatimizga mosligi nazoratga olingan. Bu borada tegishli idoralar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Samarqand shahrida ham umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari hamda bozor va savdo majmualarida 25 joyda savdo yarmarkalari tashkil etildi. Jumladan, «Ipak yo‘li» savdo majmuasi hududida ochilgan maktab yarmarkasiga to‘qqiz nafar tadbirkor jalb etilib, belgilangan mahsulotlar savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Savdo nuqtalarining terminal, nazorat kassa apparati va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlangani aholiga manzur bo‘lmoqda.
– Uch nabiram maktabda o‘qiydi, – deydi Samarqand shahar Lohutiy mahallasida istiqomat qiluvchi Tamara Qobiljonova. – Ular uchun barcha zarur o‘quv qurollari va kiyim-kechaklarni maktab yarmarkasidan xarid qildik. Olgan buyumlarimizning sifati ham, narxi ham bizga ma’qul. Eng muhimi, bozor aylanib mahsulot izlab yurmadik. Hammasi shu yerda muhayyo etilgan ekan.
G‘.HASANOV,
O‘zA muxbiri