Atirgul ifori
G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida iste’dodli shoir Salim Ashurning «Muhabbat kitobi» nomli yangi to‘plami nashr etildi. Unda shoirning sevgi mavzuidagi ikki yuzdan ziyod sara she’rlari, «Muhabbat» manzumasi va «Atirgul» dostoni jamlangan.
Salim Ashur she’riyat bo‘stoniga kirib kelgan ilk vaqtlaridanoq tinimsiz urayotgan va yonib yashayotgan yurak torlarida dildor kuylar ijro qilib kelayotgan bedor shoir.
Yuragingga boqib ko‘rganmisan?
Kirib ko‘rganmisan yuragingga hech?
Uning har bir she’rida fasllar va ranglar orqali ya’ni ramzlar asosida qalb tuyg‘ularini ochib berishga urunishni sezish qiyin emas. Bahor, atirgul, qish, qor, quyosh, ko‘k, bahorrang, beda gulli chuchmoma, chaqmoq…
Dil, nilufar kaftlari bo‘ylab,
Anor kabi titil, sitilgin.
Sochlarining har torin kuylab,
Qaro, qaro to‘kilgil, ey dil.
Uning uchun munis-mushfiq va jon fido onalar hamisha ilhom manbai, kuyga olinajak ohang, inson zoti talpinar Yerdagi Quyosh.
Boshimda yig‘ladi bir quyosh,
Poyimda o‘rtandi bitta Yer,
Onajon – eng yumshoq, munis tosh,
Sinib ketmadingmi, javob ber.
Shoir hech qachon va hech qanday qafaslarga sig‘maydi, ko‘ngilning bepoyon va fusunkor kengliklarida ozod qush kabi uchishni istaydi. Bunga imkon qila olmaganida, orzulari ushalmagan kezlarda baxtsizlikdan ingrab-titrab turadi.
Kulbaning bir kunjida nonday
Sinib yotar bo‘ron – qanotim.
Muhabbat – bokiralik fasli. Yoshlik umrning gul davri, shoh qasri. Bu shamol kabi oshig‘ich palla boshqa takrorlanmaydi. Ishq bo‘stoni sevgi bulog‘idan suv icha boshlagan shunday beg‘uborlik faslini shoir musavvirning eng nozik mo‘yqalami bilan bezaydi.
O‘n sakkizda sevilgan shu qiz,
O‘n sakkizda sevilgan shu yuz,
O‘n sakkizda sevilgan shu qiz,
O‘n sakkizda qoladi mangu!
Ayolning barchasi go‘zal, ayniqsa, ular yo sevib, yo sevilib qolgan onida bu holat bo‘rtib ko‘rinadi. Shoir talqinida muhabbat – baxtning shukuhi ilohiy bir ne’mat yanglig‘ yangraydi.
Men shod bo‘lmagandim sizni topguncha,
Siz bilan shod bo‘ldim,
siz bilan kuldim…
Sevgi harorati qalbiga o‘t qo‘yganida, yorning jamolini o‘zgadan rashk qilganida mahbubasini yeru ko‘kka ishonmasdan iztirobla kuylaydi.
Seni ishonmadim dunyoga,
Ko‘zimning ichida avaylab yurdim.
U qo‘llagan va o‘zgacha talqinda jilolangan so‘zlar tilimizni nafis ranglar ila boyitadi, inson qalbi jonli tabiat bilan yaxlit uyg‘unlanib ketadi… Bodparrak, chog‘ir, ochun, saxt-sumbat, sehrbon, gardun, a’rof, yog‘mur, zambariq, shirmamo‘miyo, shudringqush, yangorar ohang, chuvoqta qush, osmon ravog‘i, shu’lagul, chirildoqmonand, dilko‘cha ramzlarga yo‘g‘rilgan ma’no gulshani, Salim Ashur she’riyat olamiga yanada oshuftalik va serqirralik bag‘ishlab turgan atirgulning mayin ifori.
Shuningdek, shoir barcha zamonlarda ham chin inson bo‘lib qolish nechog‘li murakkabligi, hurlik, o‘lim haqida sezgir va ta’sirli fikrlaydi, qalb buyukligiga ishora qiladi.
O‘limga-ku ming bor roziman,
Nima qilay, o‘lmaydi bu qalb.
Salim Ashur davrimizning e’tiborli ijodkorlari – Chori Avaz, Akmal Nur, Zebo Mirzayeva va jahon tan olgan Sergey Yesenin haqida she’rlar yozar ekan, ularning ichki olamiga chuqur sizib kiradi, har bir sezimlari va hayot tamoyillarini o‘z vujudi o‘tkazgichi orqali idroklaydi. Salohiyati shaxslarning yaratuvchanlik qudratini yaqqol ko‘rsatib berishga qaror qiladi. Jumladan, Sergey Yesenin tilidan shunday yozadi:
Yigirma besh yoshda dunyoni – mana
Shu dunyoni o‘zim berdim-ku qurib.
Men sizlarga Vatan topib bergandim,
Sizlar esa menga berdingiz firib.
Salim Ashurning yoniq va o‘tli qalami ostida baxt, sog‘inch, ona, umid, taqdir-peshona, taskin, firoq, hasrat, nur, soya, saodat, oqshom, tong, qabr, mehr va xiyonat tushunchalari butunlay o‘ziga xos ta’rif-ko‘rinishda aks etadi, kitobxonni o‘ylashga va mushohadaga chorlaydi.
Kitob ishqdan sarmast oshiq ahliga, muhabbat dardiga mubtalo har bir sevgan yurak sohibu sohibasiga manzur bo‘ladi, insonga taxayyul nigohi bilan qarashga undaydi.
Abdulaziz Hasan