Bolalik quvonchlari
Yaqinda Toshkent shahridagi 265-maktab qoshida tashkil etilgan «Qaldirg‘och» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida «Gulxan» bolalar jurnali ijodkorlari ishtirokida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Hozirda «Qaldirg‘och» oromgohida 140 nafar bola dam olmoqda. Ularning yozgi ta’tilini maroqli tashkillashtirish maqsadida oromgohda turli to‘garaklar tashkil etilgan. Ayniqsa, ijodiy to‘garaklar bolalarda qiziqish uyg‘otmoqda. Bu yerda tez-tez sport musobaqalari va bolalar ijodkorlari bilan ijodiy kechalar tashkillashtirilmoqda. Unda oromgoh bolalari faol ishtirok etishdi.
Bu safargi uchrashuv Yunusobod tuman Axborot-resurs markazi hamda «Gulxan» jurnali hamkorligida tashkil etildi. Oromgoh rahbari Ozoda Azimova so‘zga chiqib bolalar ijodkorligi hamda bu borada respublika bolalar nashrlarining faoliyati to‘g‘risida bolalarga ma’lumot berdi. So‘ngra «Gulxan «jurnali ijodkorlari bilan davra suhbati tashkil etildi. Unda ishtirok etgan bolalar jurnal faoliyati, tarixi, bugungi kundagi o‘zgarishlar haqida savollar bilan murojaat etishdi.
Tadbir davomida bolalar o‘zlarining ijodkorlik qobiliyatlarini namoyish etib, turli she’r va hikoyalarni so‘zlab berdi. O‘quvchilar ko‘proq ijodkorlik va bolalar adabiyotiga berilayotgan e’tibor bilan qiziqishdi hamda jurnal sahifalarida chop etilgan turli maqola, hikoya va she’rlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Qizg‘in ruhda o‘tgan tadbir davomida oromgoh bolalariga «Gulxan» ijodkorlari tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shahzod ShOMANSUROV