Bir kunda 2000 donadan ziyod tuxum

Bir oila tadbirkorlikning u yoki bu turi bilan shug‘ullanib, o‘z ro‘zg‘ori to‘kinligini bemalol ta’minlay oladi. Faqat bu oilada ishbilarmonlik ko‘nikmasi bo‘lishi, har bir a’zo tadbirkorlik foydali mashg‘ulot ekanini o‘zi anglab yetishi kerak.

Bugun yurtimizda ana shunday tadbirkor oilalar ko‘paymoqda. Ular o‘ziga naf keltirish barobarida ichki iste’mol bozorini to‘ldirishga ham munosib hissa qo‘shishmoqda.

Kasbi tumanida yashovchi Obid Qo‘ziyev oilasining ishbilarmonligi ham hudud odamlariga ma’lum. Ancha yil avval ushbu xonadon egalari muvaffaqiyatli biznes tashkil etib, buni yana bir bor isbotladi. Oila a’zolari avvaldan yig‘ib yurgan kichik sarmoyadan maqsadli foydalanishga ahd qildi. Ayrim tanish-bilish, sohada yuqori natijaga erishgan insonlarning tavsiyasi bilan uy sharoitida bedana boqishga kirishildi. Bu ish o‘z samarasini ko‘p kuttirmadi. Mazkur mashg‘ulot ancha serdaromad tarmoq ekanini oila a’zolari ham alohida e’tirof etishmoqda.

– Hovlimizdagi bo‘sh turgan joyni parranda parvarish qilishga mo‘ljallab jihozladik, – deydi Obid Qo‘ziyev. – Yangi qafaslar yasattirdik. Bu yerda 5 mingtaga qadar bedana boqish mumkin. Asosan tuxum yetishtirish bo‘yicha ish olib borayapmiz. Shunisi ham bizga ma’qul. Bedanalarni jo‘jaligidan boqamiz. 40-45 kun deganda ular tuxumga kiradi. Hozir parvarishlanayotgan bedanalar 3 mingdan oshgan. Ozuqasini vaqtida bersak, mahsuldorlik ham shunga mos bo‘larkan. Ayni paytda bir kunda 2 ming donadan ziyod tuxum olish imkoniga egamiz. Talab ko‘pki, yetkazib ulgurmayapmiz. Qishlog‘imizning o‘zida ham xaridorlar talaygina. Shuningdek, savdo do‘konlari va umumiy ovqatlanish shoxobchalarini ham tuxum bilan ta’minlayapmiz. Kelayotgan mo‘may daromaddan xursandmiz.

Ishning ko‘zini bilgan oila a’zolari endilikda o‘z faoliyatini yanada kengaytirish, buning uchun tijorat bankidan moliyaviy ko‘mak olishni maqsad qilishgan. Yana bir qo‘shimcha bino qurish ko‘zda tutilgan. Mehnatning barchasi oila a’zolari zimmasida. Agar zarurat bo‘lsa, ular ishchi kuchi yollashlari ham mumkin. Shuningdek, ushbu tadbirkor oila a’zolari bedanani jo‘jaligidan boqishdan tashqari, ularni shu yerning o‘zida tuxumidan ochirib ko‘paytirishni ham rejalashtirishmoqda. Shunday qilinsa, sarf-xarajat kamayib, foyda cho‘g‘i yanada ortadi.

Mirzohid JO‘RAYEV

Yana o‘qing:  KITOB YO‘LI

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: