Ichak saratonini davolashning yangi usuli
Sloun-Kettering nomli Memorial onkologiya markazi va Massachusets texnologiya instituti olimlari radioimmun davolashning yangi usulini yaratdilar.
Bu usulda immunoterapiya va nur bilan davolash birgalikda olib boriladi. Mutaxassislarning fikricha immunoterapiya yangi usul bo‘lib, kelajakda kimyoterapiyaning o‘rnini egallashi mumkin ekan.
Radioimmunoterapiyada saraton hujayrasi aniqlanib, uning sirtiga yopishib oluvchi ko‘pkanalli antitanacha yaratiladi. Bundan tashqari o‘smaga yuqori dozada nurlanish beruvchi radioaktiv indikatordan foydalaniladi. Hozirgi kungacha bemorlarda zaruriy nurlantirish miqdorini aniq belgilash qiyin edi. Biroq, olimlar jamoasi buning uddasidan chiqdi. Natijada kimyoterapiya va nur bilan davolashdan farqli o‘laroq, yangi usul sog‘lom hujayralar uchun xavf tug‘dirmaydi.
Tadqiqotchilar ichak saratoniga chalingan 10 ta sichqon ustida tajriba o‘tkazdi. O‘smaning o‘sishiga yordam beruvchi GPA33 antigeniga ushbu uslubda ta’sir o‘tkazildi. Natijada olimlar kemiruvchilarning barchasini davolashga erishdi.
Mutaxassislar yangi usulni saratonning boshqa turlarini davolashda ham samara berishi mumkinligi haqida so‘z yuritmoqda. Biroq, buning uchun yana yangi va chuqur ilmiy izlanishlar talab etiladi.