Orasta qizlar – oila ko`rki
Donolar “Ayol dunyoning yarmini tashkil etsa, qolgan yarmini dunyoga keltiradi”, – deydilar. Erkak kishi oilamiz ustuni, suyanchig'i bo'lsa, dilbar ayollarni ana shu xonadonni tebratguvchi fayzi-yu barakasi, charog'boni deyish mumkin. Bu bejizga emas, albatta. Zero, ayol xonadondagi sarishtalikni, tartibni o'z zimmasiga olgan, o'zining baxt qo'rg'onini tozalik, poklik ustiga bunyod etgan nazokat sohibasidir.
Oqila ayol bir xonadonning baxti bo'lsa, dunyoqarashi teran, aqlli va latofatli ayollar butun jamiyatimizning tayanchidir. Sog'lom avlodni o'stirib, voyaga yetkazish, shuningdek, qizlarimizni mustaqil hayotga tayyorlash, ularni har tomonlama komil inson etib tarbiyalash nafaqat ota-onaning, balki biz o'qituvchilarning ham muhim vazifalarimizdan biridir. Maktab, litsey, kollejlarda buning uchun asosiy darslardan tashqari bir necha to'garak va qo'shimcha darslar, ma'naviy-ma'rifiy soatlar tashkil etilganki, ular qizlarimizning ma'naviy dunyoqarashining kengayishiga xizmat qilmoqda.
Yakkasaroy yengil sanoat kasb-hunar kollejjda 2011-yildan boshlab, «Orasta qizlar» to'garagining faoliyat olib borishi natijasida qizlarimizning o'zlari uchun zarur bo'lgan gigiyenik maslahatlar, kiyinish madaniyati, atrof-muhitni toza tutish, jismoniy sog'lomlashtirish mashqlari, sog'lom ovqatlanish, erta turmush qurishning salbiy oqibatlari kabi ko`plab masalalar yuzasidan mutaxassislardan ma'lumot olish va bu borada ular bilan suhbatlashish imkoniga ega bo'lmoqdalar.
Fuqorolarning sog'lom bo'lishi jamiyat rivoji uchun ulkan ahamiyatga ega. Inson salomatligi bir nechta omillarga bog'liq bo'lib, buning uchun eng avvalo, kun tartibiga rioya qilmoq zarur. Bu esa o'tiladigan tarbiyaviy soatlarimizning asosiy mazmuni hisoblanadi.
Ko'pincha tarbiyaviy soatlarda qizlarga sun'iy pardozni muntazam qo'llash natijasida uni yuz va qo'l terilariga salbiy ta'siri, tabiiy yuz rangiga putur yetkazishlari hayotiy misollar orqali aytib o'tiladi. Ustoz va mutaxassislarimizning mavzuga jiddiy yondashuvi bois qizlarimizning to'g'ri xulosa chiqarayotganlari qilgan sa'y-harakatlarimizning natijasidir.
Umuman olganda mazkur «Orasta qizlar» to'garagininng faoliyati uzoqni o'ylab tashkil etilgan bo'lib, ayni shu kunlarda dolzarb bo'lib borayotgan mavzularning qamrab olishi natijasida, qizlarimizga hayot yo'llarida asqotadigan to'g'ri maslahatlar berib borish kabi muhim vazifalarni belgilaydi.
Bu to'garakning faoliyati natijasida kollejda o'quvchi qizlar va mutaxassislar birgalikda jam bo'lishib, sog'lom hayot shiorini ilgari surishmoqda. Birgalikda muhokama etilgan muammo hal etilmay qolmaydi. Dildan chiqqan so'zlar esa hamisha besamar ketmaydi.
Zamira HAKIMOVA,
Yakkasaroy yengil sanoat kasb-hunar kolleji o'qituvchisi