Barcha bola birdek aziz
Yaxshi bilamizki, ta’lim va tarbiya ajralmas bir yaxlitlikni tashkil etadi. Bu jarayon bolaning savodli bo‘lishi hamda uning ma’naviy kamol topishidagi faoliyatning asosini tashkil etadi.
Shu asnoda barkamol avlod tarbiyasi dunyo mamlakatlarida ham birlamchi masala sanaladi. Biroq barchasida ham yosh avlodning bekam-u ko‘st unib-o‘sishi, ta’lim olishi uchun yetarli sharoitlar mavjud deya olmaymiz. Farzandlarimizni esa bu borada chinakam baxtli bolalar deyish mumkin. Chunki ular, avvalo, bepul ta’lim olish huquqiga ega, shuningdek, ularning yanada mukammal saboq olishlari uchun keragidan ortiq imkoniyatlar yaratilgan. Qolaversa, mamlakatimizda inson qadr-qimmati birinchi o‘rinda turadi. Mehnatga layoqatsiz kishilarning ijtimoiy himoyalangani, imkoniyati cheklangan bolalarning ta’lim olishlari, bu borada tengdoshlaridan orqada qolmasliklari uchun barcha sharoitlarning yaratilgani fikrimizga misol bo‘la oladi.
Ta’limning huquqiy asoslari mamlakatimiz Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”da o‘z aksini topgan. Ushbu me’yoriy hujjatlar fuqarolarga ta’lim-tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatishning huquqiy asoslarini belgilaydi hamda har kimning bilim olishidan iborat qomusiy huquqini ta’minlashga qaratilgan.
Tumanimizda istiqomat qiluvchi ikki murg‘ak qalb egalari – Mirzabek Abdug‘afforov va Sevinch Karimovalar ham nogiron bo‘lishiga qaramay, huquqiy asosda tengdoshlaridan orqada qolmagan holda ta’lim olmoqda. Jonkuyar ustozlar – To‘lqin Safarov, Sabohat Qulliyeva, Laylo Mamliyeva, Gulnoz Ablaqulova, Oygul Jalilova, Muhammad Jo‘rayev, Gulsara Qalandarova hamda Munira Xudoynazarovalar bu ikki o‘quvchiga belgilangan reja asosida uylariga borib bilim beradi.
Aytish joizki, bolalar ustozlarining kelishini intizorlik bilan kutishadi. Ilmga bo‘lgan chanqoqlik, hayotga bo‘lgan zavq-u shavqni ularning yuz-ko‘zlaridan ham his qilish qiyin emas. Shunday ekan Mirzabek hamda Sevinchning qalbida jo‘sh urayotgan ezgu-istaklar, orzu-umidlarning ro‘yobi uchun ustozlarning beminnat xizmatlari, zahmatlari e’tiborga molik.
Bugun Mirzabek 9-sinfda, Sevinch esa 3-sinfda tahsil olmoqda. Ularning yuz-ko‘zida baxtiyorlik aks etadi, yaxshi o‘qishga chin yurakdan oshiqadi. Biz esa bolalarning shodligini ko‘rib, yanada g‘ayratimiz oshadi. Maktab rahbariyati esa oldiga qo‘ygan vazifalari ijobat bo‘layotganidan taskin topadi.
Ta’kidlash kerakki, ta’lim jarayonida yoshlarga taqdim etilayotgan bunday imkoniyatlar ertamiz egalari bo‘lgan yosh avlodning o‘z salohiyatini to‘la namoyon etishi, tanlagan kasbi bo‘yicha o‘qishi, ishlashi, hayotda o‘z o‘rnini topishi va jamiyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan mutaxassislar bo‘lib yetishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Gulnoz AMANOVA,
Navoiy viloyati, Karmana tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi