BOLALAR KOSMETIKASI

u qanday tanlanadi?

Bola parvarishida kichkintoyning terisi ham alohida e’tiborni talab qiladi. Kichkintoyning nozik terisi go‘dak dunyoga kelgan ilk kunlaridan boshlab parvarishga muhtojlik sezadi. Endigina tug‘igan bola hali tashqi muhitga moslashmagan, terisidagi yog‘ bezlari esa yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. Uning terisi kattalarnikiga nisbatan yuqori sezuvchan hamda juda yumshoqligi bilan ajralib turadi.

Kosmetika ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan do‘konlarda sotilayotgan va tashqi ko‘rinishi bir-biridan ko‘rkam, narxi va tarkibi bilan alohida ajralib turuvchi bolalar kosmetikasidan barcha onalar foydalanadi. Tarkibida zararli moddalar bor kosmetik vositalar bolajonning nozik terisida turli muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Tanlangan mahsulotlarning barchasi go‘daklarning sog‘lig‘i, ularning xavfsizligi uchun xizmat qilishi lozim. Bu bolalar kosmetik vositalarini tanlashning asosiy sharti hisoblanadi. Kichkintoy uchun kosmetik vositalardan foydalanishda onalar juda e’tiborli bo‘lishi maqsadga muvofiq.

BOLALAR SOVUNI

Sovun bolakay tagligini almashtirayotganda va cho‘milish vaqtida kerak bo‘ladi. Uni tanlashda tarkibida o‘simlik moddasining mavjudligiga ahamiyat qarating. Xususan, bug‘doy tarkibida uchraydigan A ekstrakti terini yumshatib, himoyalaydi, qizarishlarining oldini oladi va uning tarkibi Ye vitaminiga boy. Sovunni asosan bola 2-3 oylik davridan boshlab ishlatgan ma’qul. U yog‘li yoki krem-sovuni bo‘lsa ayni muddao. Sovun tarkibida uchraydigan foydali moddalar: yumshatuvchi, yog‘, glitserin, lanolin, borat kislotasi, to‘yinturuvchi moddalar, asal va mum, yallig‘lanishga qarshi ekstraktlar, qayta tiklovchi vositalar, eman po‘stlog‘i, tirnoqgul, ekvalipt, moychechak va marmarak o‘simligi.

ShAMPUN

Mutaxassislar go‘dakning 2-3 haftaligidan boshlab shampundan foydalanishni tavsiya etishadi. Cho‘milish uchun mo‘ljallangan bolalar shampuni yumshatuvchi moddalardan iborat bo‘lishi, boshni qichishtirmasligi va ko‘zni achishtirib, uning yoshlanishiga olib kelmasligi lozim. Bolakay cho‘milishi kerak bo‘lgan vositalar tarkibida sun’iy bo‘yoqlar va sintetik moddalar uchrashiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Hatto, kattalar uchun eng yaxshi hisoblangan shampun bolakayga salbiy ta’sir qiladi. U kichkintoy uchun mos emas. Chunki, kattalarning soch tuzilishi va uni himoyalovchi moddalari bolalarnikidan juda farqlanadi. Shampun sotib olishda uning tarkibiga etiborli bo‘ling. U yerda paraben, SLS, DEA, sintetik polimer va bo‘yoqlarning mavjud emasligiga diqqat qarating. Agar uning tarkibida moychechak yoki bug‘doy ekstrakti mavjud bo‘lsa, u tinchlantiruvchi xususiyatga ega shampun sanaladi. Moychechak yallig‘lanishni bartaraf etib, qichishish, teri ko‘chishining oldini oladi va ta’sirchan terilarni tinchlantiradi. Bug‘doy esa terining gidrolipid (gidro-suv va lipid-yog‘) muvozanatini himoya qilib, yumshatadi. Bolalar shifokorlari haftada bir marotaba shampundan foydalanishni tavsiya qilishadi.

Yana o‘qing:  “Tong” shirinligi

NAM SOCHIQCHALAR

Bu vosita hozirda bolalar uchun kerak bo‘ladigan mahsulotlarning eng zaruri hisoblanadi. Yuvish imkoniyati bo‘lmaganda va chaqaloq bilan sayrga chiqqaningizda ayniqsa qulay. Bu kabi sochiqchalar terini tozalash va dezinfeksiya qilish uchun zarur. Ammo, ularni doimiy ravishda ishlatish maqsadga muvofiq emas. Agar siz uyda bo‘lsangiz yaxshisi iliq suvdan foydalaning. Bu nafaqat oilangiz byudjeti uchun, balki kichkintoy uchun ham juda foydali. Bolalar sochiqchasi tarkibida spirt va sintetik moddalar bo‘lmasligi kerak. Chunki, u allergiya chaqiradi. Nam sochiqchalar tarkibida tabiiy o‘simlik moddalari mavjud bo‘lishi shart. Salfetka maxsus yumshoq, nozik paxta matosidan tayyorlangan bo‘lishi lozim.

KREM

Bola terisini himoya qiluvchi universal vosita bu bolalar kremi hisoblanadi. U terini namlantirib turish xususiyatiga ega. Bolalar kremi tarkibida zararli ingridiyentlar bo‘lmasligiga e’tibor qarating. Unda paraben, PEG va sintetik yog‘ mavjud emasligini inobatga oling. U yallig‘lanishlar va teri qizarishlarining oldini olishi, po‘st tashlashini bartaraf qilishi, namlantiruvchi, oziqlantiruvchi xususiyatga ega bo‘lishi lozim. Teri qizarishi uzoq vaqt mobaynida tagliklardan foydalanish natijasida yuzaga keladi. Agar gigiyenaga to‘g‘ri amal qilinmasa, teri bilan bog‘liq jiddiy muammolardan biri – dermatit kasalligiga sabab bo‘ladi. Bunday paytlar taglik ostidan surishga mo‘ljallangan maxsus kremdan foydalanish yaxshi samara beradi.

MAXSUS YOG‘LI KOSMETIK VOSITALAR

U terini to‘yintirib, yumshatadi va suv balansini me’yorlashtiradi. Mazkur mahsulotdan teri qatlamlarini yog‘lashda, taglik ostidan va cho‘milgandan keyin terini yumshatish uchun hamda uqalayotganda ishlatish mumkin. Bola uchun mo‘ljallangan yog‘ yumshoq asosga ega bo‘lishi kerak. Konservantlarsiz yog‘ tanlang. Tarkibida kungaboqar yog‘i mavjud bo‘lsa, quruq terilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u terini yumshatadi va tez fursatda uning tiklanishiga yordam beradi. Zaytun yog‘i esa yaralarning bitishiga ko‘maklashadi. Ye vitamini po‘st tashlashi va quruq terining suv-yog‘ muvozanatini tiklaydi.

Mazkur kosmetika vositalari bolangizga go‘daklik davrlarida kerak bo‘ladi.

(Davomi bor.)

Dermatolog Bahodir ABDULLAYEV tavsiyalari asosida XURSHIDA HUSENOVA tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: