OZODALIK YUQUMLI KASALLIKDAN ASRAYDI

A gepatitining oldini olish mumkin

A gepatiti virusi chaqiradigan kasallik yuqumli bo‘lib, bunda bemorning jigar hujayralari zararlanadi. Organizmda umumiy zaharlanish kuzatiladi.

Sharqning buyuk allomasi Abu Ali ibn Sino sariq kasalligini o‘rganishga katta hissa qo‘shgan olim hisoblanib, u bemorlarda sariqlik alomatlari jigarning jarohatlanishiga bog‘liq ekanligini aytib o‘tgan. U sariqlik bilan kechadigan turli kasalliklar klassifikatsiyasini tuzdi va bu alomatlar sababini aniqlashga harakat qildi.

Rus olimi S. Botkin kasallikni klinik belgilari va bemor organizmida yuzaga keladigan patologik jarayonlarni batafsil bayon etib, kasallikning yuqumli tabiatli ekanligini isbotlab bergan. Lekin bu xastalikka sabab bo‘luvchi viruslar uzoq yillar davomida aniqlanmadi. 1940-yillarda rus olimlaridan P. Sergiyev, I. Tareev va boshqa olimlar birinchi marotaba kasallikni filtrlanuvchi viruslar qo‘zg‘atsa kerak, degan taxminlarni bildirganlar. 1970–yillarda butun dunyo olimlari kasallik virusini aniqlash va uni o‘rganish sohasida keng ko‘lamda ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordilar va nihoyat 1973–yilda Feystoun A gepatiti virusini bemor najasidan elektron mikroskop yordamida aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Kasallik sababchisi aniqlanganligiga 43 yil bo‘lishiga va uni davolash, oldini olish bo‘yicha samarali dori-darmonlar kashf etilishiga qaramasdan bu xastalik butun dunyo aholisi o‘rtasida, ayniqsa, 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarda hamon uchramoqda. A gepatiti virusini yuzaga chiqaradigan ushbu xastalik uchun davriylik va mavsumiylik xos bo‘lib bu dard har 3-5 yilda kuz-qish oylarida ko‘p uchraydi. Kasallanish sariqlik belgilari bor (tipik) va belgilarsiz (atipik)ko‘rinishda kuzatiladi. Bemorlar tevarak-atrofdagilarga kasallikni yuqtirishlari bilan juda katta xavf tug‘diradilar. Uning atipik ko‘rinishi bilan og‘rigan bemorlar, barcha bu xastalikka chalinganlar ichida 56 foiz – 90 foizni tashkil qiladi. Bemorlar kasallikning yashirin davrining oxirida va sariqlik belgisi kuzatilmagan davr mobaynida xavfli bo‘lib, bunda ular tanasidan ko‘zg‘atuvchilarni ko‘plab miqdorda najas bilan tashqariga ajratadilar. Bu esa infeksiyaning najas – og‘iz yo‘li orqali iflos qo‘llar sababli uzatilishi mexanizmini belgilaydi.

Bundan tashqari infeksiyani tanamizga tushishiga ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlari, atrofimizdagi uy-joy anjomlari, suv manbalari va ayniqsa, tuproqni o‘g‘itlash, sug‘orish jarayonida meva-sabzavotlarni najas bilan ifloslanishi, suvli epidemik avjlanishlarda infeksiyalarning meva-sabzavotlar orqali o‘tishiga olib keladi. Turmushdagi maishiy omillardan infeksiya tarqalishida ifloslangan qo‘l, idishlar, o‘yinchoqlar va boshqalar muhim ahamiyatga ega. Binobarin og‘iz orqali organizmga tushgan viruslar me’da-ichak yo‘llari shilliq qavatlarida ko‘payishdan davom etadi. Bemorda sariqlik belgilari bo‘lishidan oldingi davrda viruslar qonga tushib, virusemiya, ya’ni viruslarni qon orqali aylanishi natijasida parenximatoz a’zolariga, asosan jigarga o‘tishi va uning hujayra(gepatotsit)larida ko‘payib, ularni nobud qiladi. Bemorlarda tana va ko‘z shilliq qavatining sarg‘ayishi, xastaning qorni paypaslaganda jigarining chetlari sezuvchan, ya’ni 2-4sm. ga qovurg‘a yoyi ostidan chiqib turadi va kattalasha boradi.

Yana o‘qing:  Antibiotiklar

A gepatit virusi bilan kasallanmaslik o‘zimizga bog‘liq bo‘lib, asosan bu xastalikka chalinmaslik uchun oziq-ovqat korxonalari, suv uzatish tizimi (quvurlar) va boshqa suv ta’minoti manbalarini qurilishi hamda ish faoliyati ustidan muntazam ravishda sanitariya nazorati olib borilishi lozim.

Profilaktik maqsadda epidemiya oldidan bolalar jamoalarida 1 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 1 ml. immunoglobulin tavsiya etiladi. Hozirgi kunda A gepatitga qarshi nobud qilingan vaksina ishlab chiqarilgan va bu vaksina bilan ikki marotaba emlash insonni uzoq vaqtgacha bu xastalikdan himoya qiladi.

O. SA’DULLAYEV,

TTA Urganch filiali “Tabiiy fanlar va mikrobiologiya”

kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: