YAXShI SABOQ buloqqa o‘xshaydi

Qo‘lida dasta-dasta gul tutgan bolajonlarning yuzu ko‘zidagi quvonch beixtiyor maktab davrlarini yodga soladi. Munis va mo‘tabar ustozlarimizni xotirlaymiz. Ularning beminnat saboqlari tufayli o‘qiganimiz, oliy ma’lumotli bo‘lganimizni faxr bilan tilga olamiz. O‘qituvchilarimizdek yaxshi inson, jamiyatimizning faol a’zosi, shu jonajon Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan farzand bo‘lishga intilamiz.

Darhaqiqat, birovga ta’lim-tarbiya berish mashaqqatli, shu bilan birga o‘ta mas’uliyatli ishdir. O‘qituvchilar ichida esa boshlang‘ich sinf muallimining vazifasi yanayam og‘ir. Jajji qalb egalarining ilm olishga ishtiyoqini uyg‘otish, kitobga, do‘stlari, atrofidagilarga mehrli bo‘lib o‘sishiga aynan birinchi muallimning hissasi ko‘proq singadi. Shularni o‘ylarkanman, birinchi o‘qituvchim Hidoyat Berdiyeva ko‘zim o‘ngida gavdalanaveradi.

***

Kuz. Bu faslning o‘ziga xos tarovati bor. Har gal u o‘lkamizga tashrif buyurar ekan, dimog‘imga ajib bir ifor uriladi. O‘sha, men ilk bora zavq-shavqqa to‘lib kirib borgan sinfxonaning ifori. Darslar, saboqlar, savollar ustida bahslashuvlar… Shunday paytlarda xonaga gala qaldirg‘och qamalib qolgandek “chug‘ur-chug‘ur” ovoz maktab hovlisini tutib ketardi. O‘qituvchimiz bizni koyimasdi, aksincha o‘zi ham jo‘r bo‘lgan paytlar ko‘p kuzatilgan. Uningcha bola fikrini erkin ayta oladigan bo‘lib o‘sishi kerak. Maktab yig‘ilishlarida bu fikrga qarshi turganlar, albatta, topilardi. “Yo‘q, bu xato, bola intizomga rioya etishi kerak”, derdi aksariyat o‘qituvchilar. Bugun yigirma ikki bolaning o‘n yetti nafari oliy ma’lumotli. Jamiyatimizning turli jabhalarida mehnat qilishmoqda. Ular orasida bank xodimlari, shifokor, o‘qituvchilar bor. Bu natija o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q, albatta.

Hidoyat opaning ajoyib odati bor edi. U har bir bolaning odobi, o‘zlashtirish darajasi, sinfdoshlariga nisbatan hurmatini daftarga tushirib borardi. Yaxshi tomonga o‘zgarish sezilmasa, varaq pastiga chiroyligina xat yozilardi. “Bolajonim, mana bu daftarni dadangga ber”. Xuddi shu gap menga ham aytilgan. Dadam daftarni o‘qib chiqarkan, avzoyi o‘zgargan. Bilsam, unda to‘polonchiligim, tozalikka rioya etmasligim, keyingi vaqtlarda fanlarni o‘zlashtirishim ancha pasaygani, darsliklarni asrab-avaylab tutmayotganim haqida ekan. O‘shanda ilk bora dadamdan tanbeh eshitganim, isnodga qo‘yding, deya yozg‘irganini eslayman. Bilasizmi, bu daftar har bir bolaning uyiga borgan. Uning pastida ularning ota-onalari yozgan javob xatlari ham bor.

***

Hidoyat opa juda kamtar va kamsuqum ayol edi. Bolalarni urishmasdi, shirin gap bilan onalarcha munosabatda bo‘lardi. Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi.

Yana o‘qing:  MA’RIFAT FIDOYILARIGA EHTIROM

Qishlog‘imiz tog‘ yonbag‘rida joylashgan. Qish boshqa joylardagiga nisbatan sovuqroq bo‘ladi. Qor ham tizzani ko‘maman, deydi. Qahraton hukmini o‘tkazibmi, isitmam chiqib, darsga borolmadim. Onam qo‘shni boladan betobligimni ayttirib yubordi. Bundan xabar topgan ustozim oyog‘ini qo‘liga olib, uyimizga yuguribdi. Kelsa, biz yo‘q. Qo‘shnilar qishloq vrachlik punktiga ketganimizni, tez orada qaytib qolishimizni aytishsa-da, kutishga sabri chidamay, ortimizdan ravona bo‘libdi. Do‘xtirlar uy sharoitida davolanishimni aytib, ikki qog‘ozli dorilar ro‘yxatini tutqazishdi. Qaytayotganimizda ustozimni uchratdik. Ranglari bir holda, tashvishdaligi shundoqqina bilinib turardi. Birdan meni bag‘riga bosib, yuzlarimdan o‘pa ketdi. Sezdirmaslikka urinib yoshlarni kafti bilan artib qo‘ydi. Qiziq, tizza bo‘yi qor kechib, unga zarurmidi? Bir bola darsga bormasa shuncha fojeami, betob bo‘lsa, boshida ota-onasi borku? Yo‘q, bu savollar xuddi aksiomaga o‘xshaydi. Javob berish qiyin. Ta’riflab ham bo‘lmaydi. Ha, Hidoyat opa har bir bola taqdiriga ana shunday kuyunchaklik bilan qarardi.

***

Hidoyat Berdiyeva o‘ttiz yildan ko‘proq Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 62-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinflarga dars berdi. Shu davr mobaynida mingga yaqin bolaga harf tanitdi, savodini chiqardi. Ilm olishga ishtiyoqini shakllantira oldi. Bugun u istiqomat qilayotgan Palandara qishloq fuqarolar yig‘ini aholisi muallima haqida iliq fikrlar bildirishadi. Boisi, o‘quvchilari orasida respublikada turli tashkilotlar rahbarlari, viloyat va tuman xalq xo‘jaligi tizimida faoliyat yuritayotgan, xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlarida tahsil olayotganlar, davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlanganlar bor. Bir o‘qituvchi uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak?! Hidoyat opa hozir nafaqada. Lekin u yaratgan o‘ziga xos maktab hali ko‘p yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Bugun uning kasbini tanlagan shogirdlari ham kam bo‘layotgani yo‘q. Qishloqda oliy o‘quv yurti talabalari soni yildan yilga oshib bormoqda. Yoshgina bo‘lishiga qaramay xalqaro fan olimpiadasi g‘olibi yetishib chiqdi. Ha, yaxshi saboq – qaynab chiqayotgan buloqqa o‘xshaydi. Aslo to‘xtamaydi, aksincha yildan yilga o‘zanini kengaytirib, ko‘ngillarni bahramand etaveradi.

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: