VATANGA MUHABBAT murg‘ak qalbda qanday kurtak yozadi?

Ko‘ksim iftixorga to‘lib besh yoshli o‘g‘limga bir savolni takror-takror beraman:

– Kelajakda kim bo‘lasan, o‘g‘lim?

U hozirjavoblik qilib, harbiylarcha shahd bilan “askar bo‘laman!”, deydi. Keyin hayajon bilan qo‘lini chakkasiga tirab davom etadi:

– O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!

Bag‘rimga bosib, peshonasidan o‘pib qo‘yaman… U harbiylar hayoti aks etgan ko‘rsatuvlarni, kinofilm va seriallarni jon dili bilan tomosha qiladi. Birgina mening o‘g‘lim emas, aksariyat o‘g‘il bolalar bugun harbiy bo‘lishni orzu qiladi. Albatta, buning sabablari bisyor: istiqlol yillarida Milliy Armiyamiz yuksak darajada isloh qilingani, harbiylar hayoti tubdan o‘zgarib, ijtimoiy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotgani, turmush sharoiti yaxshilanib, uy-joy bilan ta’minlanayotgani, qolaversa, teleekranlar orqali uzatilayotgan, askarlar xizmat faoliyati va hayoti aks etgan milliy seriallar namoyishini misol tariqasida keltirish o‘rinlidir.

Vatanni himoya etish, unga xizmat qilish er-yigitning burchidir. O‘g‘lonlarni bolaligidan bu yuksak safarbarlikka tayyorlash oila, ota-ona zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

O‘g‘il bolaning matonatini toblash, jismonan va ruhan yetuk etib voyaga yetkazish, Ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash xalqimizning azaliy qadriyatidir. Hatto onalarimiz o‘z allasi orqali ham beshikda yotgan go‘dak ruhiga Vatanga sadoqat, ona yurtga muhabbat tuyg‘usini singdirib kelgan. Asrlar osha bizgacha yetib kelgan xalq og‘zaki ijodidagi ertak va dostonlar, maqolu matallarda vatanparvarlik mavzulari yuksak o‘rin tutadi. Otalarimizdan bobo va momolari tonggacha ertak aytib berganini hayrat bilan eshitganmiz. Ayrimlarini o‘zimiz ham jon qulog‘imiz bilan tinglaganmiz. Bugun bag‘rimizda ulg‘ayayotgan bolalarimizga biz ertak aytib berayapmizmi?

Axborot texnologiyalari yuksak rivojlangan, bolalarga mo‘ljallangan kinofilm va multfilmlar telekanallar orqali tinimsiz uzatilayotgan davrda “katta”larning ertak aytishga, bolalarning uni tinglashga ehtiyoji susaygandek, go‘yo. Xo‘sh, shunday ekan, el farzandlari tomosha qilayotgan multfilmlarning mazmun-mohiyati bolalarimiz ta’lim-tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatyaptimi? Afsuski, barchasi haqida ham iliq fikr bildirish qiyin. Ayniqsa, xorijiy filmlar qahramonlarining fantastik tasviri, kiyinishi, almoyi-aljoyi harakatlari, tushunish qiyin bo‘lgan mohiyat, dahshatga soluvchi voqealar bolada iliq tuyg‘ularni shakllantirish o‘rniga, murg‘ak qalbini jarohatlaydi. Kompyuter o‘yinlari haqida esa so‘z yuritmasa ham bo‘ladi.

Bugun mamlakatimizda noshirlik mahsulotlari – kitoblar, zamonaviy adabiyot bilan birga, xalq og‘zaki ijodi namunalari ham qayta-qayta chop etilmoqda. “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” dostonlari, “Shiroq”, “To‘maris” kabi afsonalar, “Uch og‘ayni botirlar”, “Malikai Husnobod”, “Kenja botir” kabi ertaklar kichkintoylarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantiribgina qolmay, bola qalbini ezgulikka payvand ulg‘aytiradi. Demak, biz farzandlarimizni milliy merosimiz durdonalaridan bahra olib ulg‘ayishi uchun ular qalbiga ertak va dostonlar orqali yuksak insoniy fazilatlarni singdirishimiz lozim. Bu esa Ona Vatan oldidagi burchimiz va ajdodlar ruhiga ehtiromimizdir.

Yana o‘qing:  Farzandlari sog‘ elning ko‘ngli tog‘dir

Sherzod XUDOYQULOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: