Shifobaxsh va noyob o‘simlik

yoxud kovrak haqida ba’zi mulohazalar

 

Kovrak o‘simligi xalq orasida shifobaxshligi bilan nom qozongan. Ayrimlar uning oldida “jenshen” ham ip esholmay qoladi, deydi. Bu bejiz emas, albatta. Kovrakning shifobaxshlik xususiyatlari hamda yurtimizda mavjud turlari haqida to‘liqroq ma’lumot olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasining deputati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining a’zosi Oybek Mamarahimov bilan suhbatlashdik.

Kovrak (Ferula) turkumi vakillari ziradoshlar oilasiga mansub o‘simlik bo‘lib, uning yer yuzida 170 dan ziyod turlari mavjud. O‘rta Osiyoda 110 dan ortiq, mamlakatimizda esa 50 ta turi uchraydi. Smola-elim olish uchun asosan 10 turi ishlatiladi. Bular sassiq kovrak, Ko‘histon kovragi va boshqa nomdagi kovraklardir. Bu turlar tashqi marfologik jihatdan bir-birlariga juda ham o‘xshab ketadi, ammo tabiatda sassiq kovrak (Ferula assa-foetida L.) keng tarqalgan bo‘lib, yelim-smola asosan shu turdan olinadi.

Ma’lumot o‘rnida

Kovrak ildizidan yelim-smolasi olish erta bahordan boshlanib, kuzgacha davom etadi. Shuning uchun ham smola olish davrlari bahor va yoz fasllariga bo‘linadi. Buning uchun kovrak ildizi atrofini 5-10 santimetr chuqurlikda va 20-25 santimetr kenglikda kovlab, ildizining tepa qismi ochiladi. Kovrak ildizining ustki qismi ochilgandan so‘ng, yelim-smola olish uchun kesib qo‘yiladi, 5-6 kun o‘tgandan keyin sifatli yelim-smola shirasi yig‘iladi va to‘plangan yelim-smola yig‘ishtirib olinadi. Birdaniga yana boshqa joyidan kesib qo‘yiladi, mavsum davomida o‘simlik ildizining katta kichikligiga qarab 15-20 marotaba kesik qilinadi.

 

Kovrakning tibbiyotda tutgan o‘rni haqida ma’lumot bersangiz? Shuningdek, ushbu o‘simlik qadimdan xalq tabobatida qanday kasalliklarni davolashda ishlatiladi?

– Kovrakdan xalq tabobatida azaldan xavfli shishlar va zaxm kasalligini davolashda, undan olinadigan yelim-smolaning spirtli tindirmasi (nastoykasi) astma, tomir tortishi va asab kasalliklarida ishlatilib kelingan.

Ilmiy tibbiyotda kovrak yelim-smolasi – “assa foyetida” nomi bilan kukun, emul’siya va spirtli tindirma (nastoyka) hamda og‘riq qoldiruvchi va tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi va ko‘pgina davlatlar farmakopeyasiga kiritilgan. Sharq mamlakatlaridan Eron, Pokiston, Hindiston va Afg‘onistonda kovrak yelimi va ildizi kulinariyada ziravor sifatida, kosmetika sanoatida attorlik vositalari ishlab chiqarishda ishlatiladi.

Yana o‘qing:  TULKICHANING OVI

Ibn Sino bobomizning bu o‘simlikka bergan ta’rifidan misol keltirish fikrimizni isbotlaydi. Unga ko‘ra, “Kovrak urug‘ining qaynatmasi (urug‘i xuddi supurginikiga o‘xshash malla rang, shakli ham shunga o‘xshab ketadi) 3 mahal 50 grammdan ichilsa, ona suti ko‘payadi. Yelimini suvga qo‘shib ichilsa, darhol ovoz chiqadi. Shirasiga anjir qo‘shib yeyilsa, sariq(gepatit) kasalligini tuzatadi. Yelimiga murch, sirka qo‘shib, yomon sifatli yaralarga surilsa, foyda qiladi. Soch to‘kilishiga ham o‘ta foydalidir. Kovrak bosh miya, skleroz(parishonxotirlik), bronxit, astma(ziqqinafaslik), ko‘kyo‘tal, qandli diabetga davo, qon ketishini to‘xtatadi. Ishtahani ochadi. Ildizi siydik yo‘li xastaligi va buyrak og‘riqlariga davo. Uch mahal qaynatmasidan 30 grammdan ichilsa, foyda qiladi (muddati 15 kun). Ildiz qaynatmasi barcha og‘riqlarni bosadi. Bo‘g‘ilishni ketkazadi, og‘riqni tuzatadi”.

Ushbu o‘simlikdan olinadigan qimmatbaho xomashyo – yelim-smolasi olish uchun yurtimizda qanday me’yorlar belgilangan?

– Kovrak yelim-smolasi qadimdan Eron, Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonda tayyorlanib, ishlatilib kelingan. Yurtimizda kovrak yelimini tayyorlash 2006 yildan boshlandi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, kovrakdan smola-elimni olish uchun, birinchi navbatda, kovrakni tabiiy biologik va ekspluatatsion zahiralarini aniqlab, katta masshtabdagi xaritasini tuzib, ulardan tabiatga zarar yetkazmasdan, o‘simlik tabiiy sharoitda qayta tiklanishiga imkoniyat yaratish kerak. Tabiiy maydonlarni uchastkalarga bo‘lib yilma-yil, navbatma-navbat yelim-smola tayyorlashni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.

Belgilangan tartib bo‘yicha kovrak o‘simligining yelim-smolasini yig‘ish uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi xulosasiga ko‘ra, Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi tomonidan har yili kvota ajratiladi va ushbu belgilangan kvota asosida kerakli xomashyo tayyorlanadi.

Ba’zi manbalarda keyingi yillarda yurtimizda kovrak smolasini yig‘ish ommaviylashib borayotgani va uning tabiiy zahirasiga jiddiy zarar keltirilayotgani qayd etilmoqda. Bu haqida nima deya olasiz?

– Bu gapda jon bor, albatta. Ushbu holat Davlat bionazorati mutasaddilari bilan birga ko‘pchilik mahalliy aholini ham tashvishga solmoqda. Chunki, kovrak smolasini yig‘ishda hozirgacha hech bir kishi belgilangan yo‘riqnomadan foydalanmayapti. Bundan tashqari aynan yig‘ilishi lozim bo‘lgan sassiq kovrak hayotiy shakliga ko‘ra bir marotaba gullaydi va meva berib, keyin nobud bo‘lib ketadigan-monokarp o‘simlik hisoblanadi. Ya’ni, undan xo‘jasizlarcha foydalanish oqibatida ushbu o‘simlik turining maydonlari yil sayin qisqarib bormoqda. Bu tashvishli holat. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 55-moddasida belgilanganidek, “Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boyligimiz, ulardan oqilona foydalanishimiz zarur va ular davlat muhofazasidadir”.

Yana o‘qing:  Nok – bu meva talaygina shifobaxsh xususiyatlarga ega

Hozirgi kunda kovrakzorlar faqatgina tog‘oldi maydonlarda saqlanib qolgan, xolos. Chunki, sobiq Ittifoq davrida cho‘llarni o‘zlashtirish bilan birga bu o‘simlikning juda katta maydonlari yo‘qolib ketgan. Lekin ayrim tadbirkorlarning talabiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 27 iyulda “O‘zbekiston Respublikasi o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan jarima miqdorlarini hisoblash taksalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi” va 2004 yil 28 oktyabrdagi “Biologik resurslardan oqilona foydalanish, ularni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va uning tashqarisiga olib chiqish ustidan nazoratni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan kovrak o‘simligining smolasini yig‘ishga kvota ajratish belgilangan. Ayrim tadbirkorlarimiz esa o‘z vaqtida bunday imkoniyatdan unumli foydalana olmayaptilar. Chunki, kovrak smolasining risoladagidek qilib yig‘ishdan ko‘ra, kim o‘zarga yig‘ishni afzal bilmoqda.

Kovrak smolasi olish uchun yillik o‘rtacha me’yor qancha qilib belgilanadi?

– Yelim-smolasini tayyorlash uchun tadbirkorlarga Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi tomonidan yil sayin kvota miqdorini kamaytirsada lekin ulardan tushayotgan talabnomalardagi raqamlar yil sayin ortib borayotgani tashvishli holat. Birgina 2012 yilning o‘zida 200 tonna kovrak smolasi uchun kvota ajratilgan. Endi tasavvur qiling: o‘rtacha bitta kovrakdan 1 kilogramm smola olinsa, 200 tonna kovrak smolasini yig‘ish uchun 200 ming tup kovrak kerak bo‘ladi. Kovrakning smolasi olingach qayta tiklanishiga ishonasizmi? Bu holat xuddi odamning qonini 90 foiz so‘rib olganga o‘xshaydi. Agarda tadbirkorga tabiatga keltirilayotgan zarari haqida gapirsangiz, buning orqasidan davlatga daromad keltirganini pesh qiladi.

Ushbu noyob xususiyatlarga ega o‘simlikni asrash va undan olinayotgan xomashyodan oqilona foydalanish bo‘yicha takliflaringiz.

– Yuqorida ta’kidlanganidek, yil sayin kovrak o‘sadigan maydonlar qisqarib bormoqda. Bunga joylardagi mutasaddilar yetarlicha e’tibor qaratishmayapti. Avvalo, ushbu o‘simlikdan foydalanish me’yorlarini qat’iy belgilab, tartibni buzgan shaxslarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirishimiz maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, har yili yo‘qotiladigan kovraklarning o‘rnini to‘ldirib borish haqida ham jiddiy bosh qotirishimiz kerak.

Xorijda bu o‘simlikka qiziqish juda katta. Negaki, undan qimmatbaho va noyob mahsulotlar tayyorlashda foydalanishadi. Nega endi bu ishni o‘zimizda qilmaymiz? Bunga imkoniyatimiz yetmaydimi? Axir tayyor mahsulot holida o‘zimiz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysak, undan olayotgan daromadimiz ham o‘n chandon ortadi-ku? Albatta, buni yo‘lga qo‘yishga imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi. Chunki, davlatimiz tomonidan bugun tadbirkorlar uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilgan. Lekin bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, qilayotgan ishimiz haqida batafsilroq o‘ylashimiz lozim. Bunday qimmatbaho mahsulotlar “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i ostida ichki va tashqi bozorlarga chiqsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Bu bizga qo‘shimcha daromad olib kelmaydimi?

Yana o‘qing:  Yuksaklikka chorlovchi chiroq

Darhaqiqat, shu aziz Vatanning har bir qarich yeri ham, boyligi ham o‘zimizniki. Uni asrab-avaylash, undan qonunga itoat qilgan holda oqilona foydalanish har birimizning fuqarolik burchimizdir. Shu ma’noda kovrakni asrash, ya’ni pul topaman, deb kovrakka qiron keltirayotgan kimsalarga qarshi keskin kurashish vaqti allaqachon kelgan. Kovrak shirasini yig‘ishtirish borasidagi ro‘y berayotgan qonunbuzarliklarga qat’iyan chek qo‘yish lozim.

Sarvar OCHILOV

suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: