Saxovat SAODATGA ELTADI

Xo‘jayli nogiron ayollar “Muruvvat” uyining hovlisi chinnidek toza. Supurilgan, suvlar sepilgan, turfa xil rangdagi gullar va muassasa binosiga ilingan bayroqchalar bayram shukuhini dilingizga baxsh etadi. Mazkur dargohga kirib borar ekanman, saranjom-sarishtalikka e’tiborli chor-atrofni bayramona bezatayotgan chehrasi ochiq xodimlar beixtiyor diqqatimni tortdi.

– Xush kelibsiz, – meni Xo‘jayli tumani nogiron ayollar “Muruvvat” uyi direktori Manzura Xolmuratova qarshi oldi. Keyin u amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirarkan: – Yaqinda Mustaqilligimizning 23 yillik bayrami munosabati bilan muassasamizda tantanali tadbir o‘tkazdik, – deya gapida davom etdi. – Bayram bahona mazkur mehr-muruvvat dargohimizda yashovchi xotin-qizlar tomonidan to‘qilgan gilamlar, har xil paypoqlar, jemperlar, rassomchilik bilan shug‘ullanayotgan imkoniyati cheklangan ayollarning chizgan rasmlari, parvarish qilgan gullari bayram ko‘rgazmasidan joy oldi. Ko‘rgazmaga “Bolalarni va oilani qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi”, EKOSAN xalqaro xayriya jamg‘armasi, Beruniy va Amudaryo tumani Xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali jamoasi ham qatnashib, “Muruvvat” uyida yashayotgan xotin-qizlar uchun yotoq jihozlari, sochiq, kiyim-kechaklar, oyoq kiyimlari va gigiyenik vositalar topshirishdi. Bayram ishtirokchilari tomonidan ayollarning qo‘l mehnatlariga berilgan baho ularga olam-olam quvonch bag‘ishladi.

1987 yilda tashkil qilingan ushbu muassasada asosan shizofreniya, oligofreniya va epilepsiya kasalligi bilan og‘rigan nogiron xotin-qizlar parvarish qilinadi. Hozirgi kunda 176 nafar xotin-qizdan 43 nafari kasb-hunar o‘rganish bilan mashg‘ul. M.Xolmuratova mazkur dargohda yashayotgan ayollar hayoti bilan tanishtirish maqsadida bizni xonalarga boshladi. Ushbu dargohdagi har bir xona o‘ziga xos bezatilgan bo‘lib, ularning birida stolga mukka tushgancha meva va poliz mahsulotlari rasmini chizayotgan kichkinagina jussali ayolga ko‘zim tushdi. Menga mehrli ko‘zlari bilan boqar ekan:

– Sizdan bir narsa iltimos qilsam, maylimi, – dedi. Ha, albatta dedim. U bo‘lsa, – menga rasm chizish uchun ko‘p qog‘oz kerak. Mumkinmi? – dedi. Men unga keyingi kelganimda, albatta, qog‘oz olib kelishimni aytdim. U esa rahmat, sizga katta rahmat deya qayta-qayta minnatdorlik bildirdi. Yana boshqa ayollar rang-barang iplardan poloschalar, kiyim-kechak, oyoq kiyimlari va boshqa narsalar to‘qishardi.

“Muruvvat” uyi binosining tashqarisidagi hovlidagi hovuzlarda har xil baliqlar va g‘ozlar parvarishlanmoqda. Undan tashqari maxsus xonalarda chorvachilik mollari hamda tovuq, quyon boqilmoqda. “Muruvvat” uyida byudjetdan tashqari qo‘shimcha ta’minlash maqsadida tuman hokimligi tomonidan “Oq oltin” fermer xo‘jaligi hududidan 10 gektar yer ajratilgan. U yerda sabzi, lavlagi, turp, sholg‘om, kartoshka, piyoz, qovoq kabi poliz va meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Yana o‘qing:  Men ham saylovda ovoz beraman

Bayram kunlari xodimlar tandirda issiq non, somsa yopib bu yerda yashovchilarni mehmon qilib turisharkan.

Ushbu dargohda 10 nafar oshxona xodimi, 20 nafar hamshira, 4 nafar oliy toifali shifokor, 41 nafar tarbiyachi, 27 nafar texnik xodim, jami 102 nafar ishchi-xizmatchilar faoliyat ko‘rsatadi. Shirinso‘z shifokor Nodira Pirnazarova, katta hamshira Yulduz Erniyazova, qo‘li yengil hamshira Gulbahor Azelepesova, mehribon tarbiyachilardan Perdexan Rzamuratova, Shukurjon Urazbayeva hamda oziq-ovqat ombori mudiri Nazira Utambetova jamoada hurmat qozongan xodimlardan hisoblanadi. Har yili muhim sanalarga bag‘ishlangan bayram tadbirlari o‘tkazish ushbu dargohda an’anaga aylangan. Bunday e’tibor mazkur dargohni o‘z oilasi deb bilgan ayollarga olam-olam quvonch baxsh etadi.

Xo‘jayli imkoniyati cheklangan ayollar “Muruvvat” uyiga “Nukus shahar dehqon bozori”, “Qo‘ng‘irot soda zavodi”, Abdurahmon Jomiy nomidagi dorixona, Urimxon ona mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Xo‘jayli non korxonalari” tomonidan muntazam homiylik yordami ko‘rsatilayotgani xalqimizning muruvvatli ekanidan dalolatdir.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xo‘jayli tumani

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: