Qoratog‘ etagidagi ziyoratgoh

Qo‘chqorli ota ziyoratgohi haqida xalq ichida turli rivoyatlar yuradi. Tarixiy manbalarga qaraganda, IX-X asrlarda Do‘stqora degan ovchi shu yerni makon tutib, atrofda ov qilgan. Sog‘lig‘i biroz yomonlashgach, jo‘shib turgan buloq suvidan ichib turgan.

Bu hol bir necha bor tak­rorlangandan keyin u butunlay sog‘ayib ketgan. Bu yangilik qishloq ahliga tarqalgan. Aytishlaricha, shifobaxsh buloq suvidan ichgan har bir odam u yoki bu darajada tetiklashib, davo topgan ekan. Shu-shu Qo‘chqorli ota ziyoratgohiga e’tibor, unga bo‘lgan e’tiqod kuchaygan.

Nurobod va Narpay tumanini ajratib turuvchi Qoratog‘ etagidagi mazkur ziyoratgohni ko‘rish uchun yo‘lga tushdik.

Yaxshi hamroh suhbatdoshingiz bo‘lsa, yo‘l uzoqligi bilinmaydi, deyishadi. Yam-­yashil kengliklarda turnalar ham pastlab-pastlab uchadi. Goh-gohida suruv-suruv qo‘y va echkilar ko‘zga tashlanadi. Katta yo‘lni goh toshbaqa imillab kessa, goh tipratikan va kaltakesaklar zipillab o‘tadi. Qirlarda mitti-mitti bo‘lib gullagan, qizil, sariq, oq, siyohrang, ko‘k rangdagi mitti gullar mohir gilamdo‘zlar yaratgan chamanzor kashtalarni eslatadi.

Qo‘chqorli ota qishlog‘i – jannatmakon go‘sha. Mo‘jaz zinalardan ko‘tarilib, qo‘chqor haykali qo‘riqlab turgan ziyoratgohga yetib keldik. Hovlida o‘zgacha tarovat va fayz mujassam. Zilol suvli hovuz ustida qurilgan so‘rilarda ziyoratchilar dam olib o‘tirishibdi. Dastlab, baliqlar o‘ynagan tip-tiniq buloqdan ezgu niyatlar bilan suv ichdik.

– Bu buloq suvi juda foydali, – deydi hamrohimiz.  – Ayniqsa, ovqatni tez hazm qiladi. Baliqlarga e’tibor qiling, hammasi mayda, lekin bir qarich bo‘lgach, ular g‘oyib bo‘ladi. Qishloq nuroniylari bir baliqqa qizil ip bog‘lab sinab ko‘rishsa, o‘sha baliq bu yerdan bir necha chaqirim uzoqlikdagi Nurota ziyoratgohidan chiqadi. O‘rtada qandaydir sirli bog‘liqlik bordek.

E’tiborimizni bir daraxtning antiqa tomiri tortdi. Aytishlaricha bu tuynuksimon tomir orasidan belini yuqoriga tekkizib o‘tsa, bel og‘rig‘i daf bo‘lar ekan. “Bu yerdan o‘tib, tuzalib ketdim”, deya xursand holda qayta ziyoratgohga kelganlar ko‘p.

Qo‘chqorli otaga olis viloyatlardan, hatto, chet ellardan ham ziyoratchilar kelib turishar ekan. Chunki toza havo, ertaknamo go‘zal tabiat, shifobaxsh buloq suvi tanangizni yayratadi. Ixlos va ishonch kishiga ruhiy madad beradi. Biz hayrat va tilsimlar manzilidan qaytar ekanmiz, atrofni tun zabt eta boshladi. Ammo bugungi kundan olgan taassurotlarimizdan qalbimiz tobora yorishib borardi. Yo‘l tugadi-yu, Qo‘chqorli ota xayollari tugamaydi. Ko‘rganlarimizni Ciz, azizlarga ilinishga shoshildik. Chunki Qo‘chqorli ota bu atrofdagi oltita katta ziyoratgohlar – Nurota, Arabota, Ostonabobo, Oqota, Ko‘kotalarning biri bo‘lib, borib ko‘rishga, qalblarni poklashga, ezgu tilaklar bildirishga arziydigan respublikamizdagi jannatmakon go‘shalardan biridir.

Yana o‘qing:  Tibbiyotda sustkashlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi

 

Tohir NORQULOV,

faxriy jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: