Qo‘li yengil, so‘zi malham shifokor

Dunyoda shunday kasb egalari borki, ular bosib o‘tgan hayot yo‘li, qilgan ezgu ishlari barcha uchun ibrat maktabidir. Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Dardoq qishloq shifoxonasida uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan malakali shifokor Ubaydulla Ahmedovni ana shunday mehridaryo insonlardan biri desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ubaydulla aka yoshligidan shifokorlik kasbiga mehr qo‘ydi. Shu sabab u kelajak taqdirini insonlarning dardiga malham bo‘lish, ular salomatligini mustahkamlashdek og‘ir, shu bilan birga sharafli bo‘lgan shifokorlik kasbi bilan bog‘ladi.

Dastlab, Ubaydulla Ahmedov Andijon tibbiyot oliygohining davolash fakultetiga o‘qishga kirib, o‘z kasbining fidoyi va zahmatkash insonlaridan saboq oldi, tibbiyotga oid bilimlarni puxta egalladi. Institutni muvaffaqiyatli tamomlagach, 1984-85 yillarda Andijon tibbiyot instituti klinikasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi a’zosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Husniddin Salohiddinov, tibbiyot fanlari doktori Yodgor Iosiflar rahbarligida nevropatologiya sohasi bo‘yicha malakasini oshirdi. 1985 yildan Ubaydulla aka Qo‘rg‘ontepa tuman poliklinikasida o‘z ish faoliyatini boshlab, malakali shifokor O‘ktam Ahmedov boshchiligida ko‘plab bemorlar dardiga malham bo‘ldi. Yosh bo‘lishiga qaramay, qisqa vaqt oralig‘ida qo‘li yengil shifokor sifatida elning nazariga tushdi. Hozirgi kungacha U.Ahmedov o‘zi tug‘ilib o‘sgan Dardoq qishlog‘ida elga xizmat qilib kelmoqda.

– Salomatlik – ulug‘ ne’mat. Shu bois, xalq­ning salomatligi yurtning boyligidir. Istiqlol yillarida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuning­dek, yetuk va malakali mutaxassislar tayyorlash, tibbiyot muassasalarini eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Hukumatimiz tomonidan sohaga doir ko‘plab qaror va qonunlar, davlat dasturlarining qabul qilinishi yurtimizda inson manfaatlari naqadar ulug‘ ekanini ko‘rsatadi, – deydi Nevrologiya bo‘limi mudiri Ubaydulla Ahmedov.

Darhaqiqat, o‘tgan yillar mobaynida yurtimizda tibbiyot sohasi tubdan isloh etildi. Yurtimizning chekka hududlarida barpo etilgan va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan tibbiyot muassasalari aholi salomatligini mustahkamlashda beminnat xizmat qilib kelmoqda. Buni malakali shifokor Ubaydulla Ahmedov faoliyat olib borayotgan Dardoq qishloq shifoxonasi misolida ham ko‘rish mumkin. Ayni paytda ushbu muassasada bemorlarning o‘z sog‘liqlarini mustahkamlashlari uchun yetarli barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, shifoxonaning «Nevrologiya» bo‘limida bir vaqtning o‘zida asab va bosh miya qon-tomir kasalliklari bilan og‘rigan 40 nafar bemorga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, kasallikni o‘z vaqtida aniqlab, unga to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun bo‘limda barcha sharoitlar mavjud.

Yana o‘qing:  ISTE’DOD VA MEHNAT – MUVAFFAQIYATLAR ASOSI

Shifokor Shoira Mamaraimova, o‘rta tibbiyot xodimlari – Himoyat Ahmedova, Dilobar Tursunova, Nargiza Botiraliyeva, Maftuna Jo‘raboyevalarning shirin so‘zi, muolajasidan bemorlar doimo minnatdor. Bunda ustoz shifokor Ubaydulla Ahmedovning yoshlar bilan ishlash tajribasi, muassasada ustoz-shogird an’analarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani muhim o‘rin tutadi.

Xulosa o‘rnida, xalqimiz salomatligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan shifokorlarimizga qo‘lingiz aslo dard ko‘rmasin, deymiz.

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: