Qirqkokilli qiz: urf-odatlarga sodiq bo‘laylik!

Yoshligimda sochim qalinligidan hech tartibga sololmasdim. Shunda momom sochimni yuvib, yog‘och taroq bilan ohista tarar, so‘ng esa mehr bilan mayda qilib o‘rib qo‘yardi. U kishining aytishicha jamalak qo‘shib o‘rilgan soch tez o‘sarkan.

Bolalikning birgina shu lavhasi ko‘z o‘ngimdan o‘tishi hamono soch bilan bog‘liq yana boshqa bir qancha o‘gitlar, odat-udumlar yodimga tushadi.

Ma’lumki, o‘zbek oilasida tug‘ilgan farzandning chillasi chiqqach, “qaychi tegdi” marosimi o‘tkaziladi. Unda oilaning yoshi ulug‘i go‘dak sochiga qaychi urib beradi. Buning zamirida bola shu yoshi ulug‘ inson kabi tol’ye baland, rizq-nasibali bo‘lsin, degan ezgu niyat yotadi. Qiz bolaning sochi esa qo‘lga ilinadigan zahoti o‘rimga solingan. Uning sochi yoyilib, besaranjom bo‘lib yurishiga yo‘l qo‘yilmagan. Kesilgan, taralganda tushgan soch tolalari esa hech qachon oyoq ostiga tashlanmagan.

Ilgari sochning qanday o‘rilganiga qarab, uning sohibasi haqida ma’lumot olish mumkin bo‘lgan. Yosh qizaloqlar sochiga pilta yo jamalak taqilgan bo‘lsa, navnihol bo‘y qizlar hamisha qirqkokil qilib o‘rib yurgan. Onalar qizining sepiga alohida bezakli jamalak solishgan. “Po‘pak”, “taxtapo‘pak”, “zarkokil”, “nuqrapo‘pak” singari nomlar bilan atalgan bezaklar yangi kelinlikning belgisi bo‘lgan. Endi u to farzandli bo‘lgunicha sochini shu bezak bilan qo‘shib o‘rgan. Ona bo‘lgan ayol esa bir yoki ikki o‘rim qilib, sochini orqasiga tashlab yurgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, boshqa xalqlarda ham sochga alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, qadimda rus ayollari sochlarini taqimga yetguday o‘stirib, o‘rib yurishgan. U qancha uzun bo‘lsa, sohibasi shunchalik dono, aqlli, ayollik fazilatlari, mehr-muhabbati ko‘p, deb o‘ylashgan. Gavdaning orqa tomonidan tushib turgan qalin soch o‘rimi egasiga ilohiy kuch bag‘ishlab, uning ruhiy quvvatini mustahkamlagan.

Qadimda slavyan xalqlarida qizlarning o‘z oshig‘iga zulfidan hadya etishi rasm bo‘lgan. Toki oshiq o‘z sevgilisining soch tolasini yuragiga yaqin joyda saqlab, hamisha uni yodida tutsin. Yoki qadimiy Yevropaning aslzoda xonimlari aks ettirilgan suratlarni olaylik, hammasida sochlari turmaklangan yo o‘rilgan, boshiga yopinchiq tashlangan ayollarni ko‘ramiz.

Xo‘sh, bugun-chi? Bugun sochga bo‘lgan munosabat o‘zgarib, qarashlar jo‘nlashib bormayaptimi? Yaqin o‘tmishda ardoqlangan, ehtiyotkorona munosabatda bo‘lingan soch bugungi davrga kelib, “ommaviy madaniyat” quroliga aylanib qolmayaptimi?

Ko‘cha-ko‘yda sochini yoyib yurgan xotin-qizlarni ko‘rib, ko‘zimiz o‘rgandi. Biroz kaltaroq sochlarku mayli, ehtimol, yoyib yurish ularning erkin harakatlanishga halal bermas, atrofdagilarning e’tiborini tortmas, ammo uzun, beldan oshadigan sochlarning sharsharaday yoyilib turishi ko‘zga biroz g‘alati ko‘rinmaydimi? To‘sday qop-qora sochlarning sap-sariq, qizil ranglarga bo‘yalishichi? Qoshnigina emas, hatto, ko‘zni ham to‘sar darajada qalin qilib tushirilgan peshonazulf – “chyolka”larga nima deysiz? Bularning bari milliy odat-taomilga zid, sharqona tarbiyaga teskari holatlar emasmi?

Yana o‘qing:  Ayt-chi menga ey ko‘zgu, kim eng go‘zal dunyoda?..

Aslida sochni bejirim harakatlanishga halal bermaydigan qilib o‘rib yo turmaklab yurgan ming marta a’lo. Chunki yig‘ilgan soch egasini saranjom-sarishta, batartib ko‘rsatib, unga nisbatan atrofdagilarning hurmat-ehtiromini uyg‘otadi. Asl go‘zallik – oddiylik, soddalikda ekanini aslo unutmaylik!

 

Sabohat ALIMOVA,

Termiz san’at kolleji o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: