Oydin kelajak taraddudi

“Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalariga tayyorgarlik qizg‘in tus oldi

Olti yoshidan “aql gimnastikasi” bilan shug‘ullana boshlagan Nodiraning ota-onasi bugun farzandidan minnatdor. Ularning qalbida cheksiz quvonch va faxr mujassam. U O‘zbekiston terma jamoasi safida Germaniyada o‘tkazilgan Jahon shaxmat olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Vyetnamda yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, XVI Osiyo o‘yinlari kumush medali sovrindori Nodira Nodirjonova ushbu muvaffaqiyatlarida “Barkamol avlod” sport o‘yinlarining ahamiyati katta ekanini ta’kidlashdan charchamaydi.

Darhaqiqat, yurtimizda tashkil etilgan uch bosqichli sport musobaqalari navqiron avlodni jismonan va ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur tizimning o‘rta bo‘g‘ini – “Barkamol avlod” sport o‘yinlari bu gal oltinchi bora o‘tkazilmoqda. Ushbu musobaqaga ilk marotaba 2001 yilda Jizzaxda start berilgan edi. Nufuzli “kichik olimpiada”ning mamlakat bosqichida tuman, shahar, viloyat miqyosidagi bellashuvlarda o‘z iqtidori va qobiliyatini namoyon etgan eng sara sportchilar qatnashadi. “Barkamol avlod” bellashuvlarida qayd etilayotgan natijalar, ko‘rsatkichlar, rekordlarning yildan-yilga o‘sib borayotgani yoshlarimizning sportga bo‘lgan qiziqishi, jismoniy salohiyati yuksalayotgandan dalolat bermoqda.

Yoshlarimizning o‘z aql-zakovati va iste’dodini to‘la namoyon etishi, bugungi va ertangi kunimizning tom ma’nodagi hal qiluvchi kuchiga aylanishi uchun Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida katta imkoniyatlar safarbar qilinib, keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, navbatdagi “Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalari Namangan shahrida o‘tkaziladi. Ayni paytda yurtimizning ushbu jannatmakon go‘shasida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, ko‘nglingiz quvnaydi.

Mutaxassislar va keng jamoatchilik tomonidan “Kichik olimpiada” deb ta’riflangan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi musobaqalari Olimpiya o‘yinlari qoida va talablari asosida tashkil etilgan. Bu yilgi musobaqalarda ham sportning 16 turi bo‘yicha bellashuvlar Namangan shahridagi oltita zamonaviy ob’yektda bo‘lib o‘tadi. Jumladan, Namangan Olimpiya zahiralari kollejida basketbol, “Do‘stlik” tennis kortida tennis, stol tennisi, “Pahlavon” sport majmuasida badiiy gimnastika, “Barkamol avlod” sport majmuasida yengil atletika, gandbol, og‘ir atletika, futbol, shaxmat, suzish, Namangan muhandislik-pedagogika instituti sport zalida voleybol, Oliy sport mahorati maktabida dzyudo, yunon-rum kurashi, erkin kurash, boks, taekvando WTF bo‘yicha final bahslari o‘tkaziladi.

Yana o‘qing:  Farzand kelajagi tarbiyali ota-onalar qo‘lida

– Musobaqalar bo‘lib o‘tadigan va ishtirokchilar yashaydigan sport majmualari hamda yotoq joylarning har birida alohida shtab tuzilib, ushbu maskanlar hamda ularning atrofida obodonlashtirish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi Namangan viloyat Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘ining sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ilhomjon Mirzaboyev. – Mehmonlarimiz Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan shahar xizmat ko‘rsatish, 1-tibbiyot, Davlatobod yengil sanoat kollejlarining turarjoylari, “Do‘stlik” tennis korti mehmonxonasiga joylashtiriladi.

Tadbirning tantanali ochilish va yopilish marosimlari “Navbahor” markaziy stadionida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Yoshlar sport bayramida 2 ming nafardan ortiq mehmon, jumladan, ming nafarga yaqin sportchi, 220 nafardan ziyod murabbiy, 182 nafar hakam, shuningdek, sport federatsiyalarining 15 nafar vakili hamda 350 tadan ziyod xoreografiya guruhi a’zosi mehmon bo‘lishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joiz, joriy yilga kelib Namangan viloyatida 3 ming 379 ta sport inshootlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, 23 ta o‘yingox, 759 ta sport zal, 19 ta suzish havzasi, 564 ta basketbol, 762 ta voleybol, 368 ta qo‘l to‘pi, 349 ta futbol, 327 ta kichik futbol maydonlari, 102 ta tennis korti hamda velotrek, ot sporti hamda 38 ta (sun’iy) va boshqa sport turlari o‘tkazish uchun mo‘ljallangan maydonlar, inshootlar aholiga xizmat qilmoqda. Ushbu inshootlarda 511 ming 295 nafar kishi sport bilan shug‘ullanmoqda. Quvonarlisi, ularning 248 ming 201 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Shuningdek, 8 ming 529 ta sport seksiya va bo‘limlar tashkil etilgan bo‘lib, ushbu seksiya va bo‘limlarda 233 ming 836 nafar kishi muntazam jismoniy va ruhiy holatini mustahkamlab kelmoqda.

Qolaversa, sport musobaqalarini ommaviy axborot vositalarining 140 nafar xodimi uzluksiz yoritib boradi. Ularga “Barkamol avlod – 2014” musobaqasining matbuot va axborot markazida barcha zarur sharoit yaratilib, muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Alohida veb-sayt ishga tushirildi.

Sportchilar uchun musobaqa doirasida viloyat markazining diqqatga sazovor joylariga sayohat, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi. Musobaqa qatnashchilari Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, “Kamolot” yoshlar bog‘i, “Kichkintoy” bog‘ida taniqli xonandalar, aktyorlar, adiblar, sportchilar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazadi. “Istiqlol”, “Iftixor kiyim sanoat” singari zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishadilar.

Yana o‘qing:  Muallim ijodkorligi – ta’lim samaradorligi asosi

Musobaqa kunlari joylarda “O‘zbekkino” Milliy agentligi viloyat bo‘limi tomonidan hujjatli va badiiy filmlar, Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatrida spektakllar namoyish etiladi. Bog‘lar va xiyobonlardagi madaniy tadbirlarda folklor-etnografik jamoalar, ashula va raqs ansambllari, estrada guruhlari qatnashadi.

Toshkent shahar o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari miqyosida o‘tkazilgan saralash bosqichida 62 ming 184 nafar o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, ular orasidan ming nafardan ziyodi ikkinchi bosqichda o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Musobaqaning final bosqichidan o‘rin olgan sport turlari bo‘yicha poytaxtimiz sharafini Respublika olimpiya zahiralari kolleji, O‘zbekiston davlat jahon tillari va Toshkent davlat texnika universitetlari qoshidagi akademik litseylar hamda boshqa kasb-hunar ta’limi muassasalarida tahsil olayotgan 83 nafar o‘quvchi ishtirok etadi.

Namangan viloyati yosh sportchilari o‘tgan yili Xalqaro musobaqalarda 140 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lib, shundan 39 tasi oltin, 49 tasi kumush va 52 tasi bironza medallarni tashkil etadi.

Poytaxtlik vakillarimiz – yosh futbolchilar Respublika olimpiya zahiralari kolleji, “Paxtakor” futbol klubi va Qibray tumanidagi sport maydonlarida musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsa, basketbol bo‘yicha o‘smirlar va qizlar terma jamoalari Toshkent aloqa kasb-hunar kolleji sport zallarida so‘nggi mashg‘ulotlarni o‘tkazmoqda.

– Ushbu sport musobaqasida yunon-rum kurashi bo‘yicha olti nafar o‘smir yigitimiz saralash bosqichidan muvafaqiyatli o‘tishdi, – deydi yunon-rum kurashi bo‘yicha Toshkent shahar terma jamoasi bosh murabbiyi Baxtiyor Sayfiyev. – Ayni paytda sportchi yoshlarimiz joriy yilgi musobaqalarda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritish uchun mashg‘ulotlarga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. O‘quvchilarimiz ko‘proq oltin medal jamg‘arishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Taekvando WTF bahslarida Toshkent moliya va iqtisodiyot kolleji o‘quvchisi Temur O‘rolovning mazkur sport o‘yinlari oldi bo‘layotgan tayyorgarlik va fikrlari bilan qiziqdik:

– “Barkamol avlod – 2014” sport o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqdaman. Zero, bu musobaqa biz, yoshlarning katta sportga qadam qo‘yishimiz va kelgusida yuksak marralarga erishishimizda muhim maktab vazifasini o‘taydi. Niyatim – mohir sportchi bo‘lib, sport olamining nufuzli musobaqalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishdan iboratdir.

“Barkamol avlod – 2014” sport o‘yinlarida 1 ming 78 ta medallar shodasi o‘z egalariga topshiriladi. Shulardan 316 tasi oltin, 339 tasi kumush hamda 423 tasi bronza medallaridir.

Yana o‘qing:  El-yurt e`zozida

Mamlakatimizda o‘tkazilib kelinayotgan uch bosqichli noyob sport o‘yinlari mutaxassislar tomonidan yangi pedagogik texnologiya sifatida e’tirof etilib, bugun ko‘plab davlatlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilayotir. Mazkur sport musobaqalari mamlakatimizning barcha o‘quvchi va talaba-yoshlarini o‘z safiga qamrab olmoqda, ularning ham jismoniy, ham ma’naviy sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi uchun xizmat qilmoqda.

Bunday ulkan imkoniyatlardan samarali foydalanib, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarida o‘z bilim va iste’dodini, kuch hamda imkoniyatlarini namoyon etib muvafaqiyatlarga erishayotgan farzandlarimiz bilan haqli ravishda faxrlansak arziydi.

Navro‘z NORBOBOYEV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: