Ot – yigitga qanot

Qizilmozorlik eski tanishim – Abdusalom Rahimqulovdan Katta O‘raning eng nomi chiqqan sayislaridan biri huzuriga boshlab borishni iltimos qildim.

– Qo‘shni Tersoqar qishlog‘ida umri ot qarab o‘tgan Imomberdi degan bobo bor, ayni siz izlab yurgan odam u kishi.

Yo‘lboshlovchim eshakda, men yuvoshgina baytalda yo‘l tanobini tortib, u yer, bu yerdagi atrofiga hovli o‘ralmagan uylar oralab, baland yalanglikdagi ikki xona, o‘rtasi ayvonli uy yoniga kelib to‘xtadik.

– Hoy, kim bor, mehmon olmaysizlarmi? – baqirdi Abdusalom aka baland ovozda.

Kigiz, gilamlarni oftobro‘yaga yoyayotgan o‘rta yoshlardagi chechangina ayol istiqbolimizga yurdi:

– Mehmon bo‘lsa bosh ustiga.

Pastqamgina uydan soch-soqoli oqargan chol chiqib keldi, u bir zum bizni sinlab turdi-da:

– Abdusalomboymisiz, nega ulovdan tushmayapsiz? – dedi.

– Katta shahardan mehmon olib keldim, Sizni kitob qilarmish, – hazillashdi sherigim.

– Mening nimamni kitob qilishardi, qani uyga tortinglarchi.

Otaxonning izidan xonaga kirdik, mehmon kelganini eshitib yaqin qo‘ni-qo‘shnilar ham birin-sirin qora berdi. Bizni qiziqtirgan savollar boshqalarni ham befarq qoldirmadi shekilli, tezda suhbatimiz qo‘r oldi. Imomberdi boboning aytishicha ot bir yoshda qulun, ikkisida toy, uchida g‘unan, to‘rtida dunan, besh yoshida ot bo‘larkan. Dunandan o‘tganidan so‘ng ot tish tashlab, og‘iz chiqarar, oltiga kirganda jag‘ining tepa qismidan ikki tish chiqarar, yetti yoshda javdonini (tishning orasidagi bir arpa sig‘adigan chuqurcha) bir urar, o‘n yoshida pastki tishidagi javdonlar, o‘n besh yoshida hamma javdonlari to‘larkan.

Bo‘lar otning kallasi kichik, go‘shtsiz, beli kalta, bo‘yni uzun, quloqlari kichik va ikki qulog‘i oralig‘i keng bo‘larkan. Orqa soni tik toy yaxshi tulpor bo‘lib yetishar, tulki va sarka sonli otlar unchalik uloqqa yaramas ekan. Ko‘krak qafasi (o‘mgani) keng otlar osonlikcha yon bermasmish.

– Bo‘lar otning burni ichida uchtadan to‘qqiztagacha xolga mengzash teshik bo‘ladi, bunday tulporlar uchqur va topilmas sanaladi. Shu bois keksalarimiz shunday ta’riflashgan:

Bo‘yni kalta, beli uzun chopolmas,

Beli kalta, bo‘yni uzun topilmas,

Bo‘yni uzun, beli kalta sotilmas…

– U qulog‘ingizga ham, bu qulog‘ingizga ham quyib olinglar, bunday ot kamdan-kam tug‘iladi, tug‘ilgani ham sayisining qo‘liga tushmasa chinakam tulpor bo‘lib yetishmaydi. Yetishgani nafaqat egasining, balki qishlog‘ining dongini yoyadi, shu bois noyob, bebaho sanaladi. Umrim mobaynida yigirma-o‘ttiz otning narxiga sotilgan qanchalab tulporlarni ko‘rdim.

Yana o‘qing:  Yurt bayrog‘ini baland ko‘tarib...

* * *

– Otni ko‘pkari mavsumiga tayyorlashning ham sir-asrorlari bormi?

– Sizningcha duch kelgan otni minib ko‘pkari chopilaverarkanda, – dedi Imomberdi bobo “shuni ham bilmaysizlarmi?”, degan ma’noda ajablanib bizni sinlarkan. – Bu juda uzoq davom etadigan, injiq jarayon. Boquvga olinadigan ot bahor oylarida qo‘y qo‘tonga bog‘lanib, vaqti-vaqti bilan ko‘k o‘tga qo‘yiladi, so‘ng bug‘doyiq ko‘proq bo‘lgan joylarga arqonlash kerak. Chunki, bug‘doyiq otning etini qotiradi. Shundan so‘nggina boquvga olinadi. Boquvdagi ot ustiga o‘rama jul tashlanib, quyosh tushmaydigan, bahavo joyda saqlanishi lozim. Saratonda qirq kun arpa beriladi, ora-orada arpaga uloq qoni aralashtiriladi.

– Uloq qoni aralashtirilishining sababi nima, – savol beradi kimdir sabrsizlik bilan.

– Agar gapimni bo‘ladigan bo‘lsanglar keksalik, adashib qolishim mumkin.

Hammamiz besabr sherigimizga norozi nigoh tashlaymiz. Imomberdi bobo choy ho‘plab, biroz tin olganidan so‘ng:

– Uloq qoni aralashtirilgan yemni yegan ot ko‘pkariga kirganda takaning hidini tez ajrim qiladi, yem umidida davrani yorib, unga yaqinlashishga urinadi.

– Shu bilan ot ko‘pkariga tayyor holga keladimi?

– O‘ziyam juda besabr ekansizda uka, bu hali otni tayyorlashning bir bosqichi, qirq kun arpaga to‘yintirilgan ot shuncha muddat sovutiladi. Sovutish ham qismlarga bo‘linadi:

– birinchi, ikkinchi kunlari ot egarlanib, jilovi egarning qoshiga ildirilib, tushovlab qo‘yiladi;

– har kuni belgilangan salqin vaqtda otni bir kishi minib ellik metrdan hafta davomida masofa qo‘shilib bir kilometrgacha borib keladi, ot yugurishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

– bir haftadan so‘ng masofa tag‘in ko‘paytiriladi;

– ot qancha masofaga borib-kelishidan qat’iy nazar sakkiz soat o‘tkazilib suvlanadi. Shundan so‘ng ot o‘pkayol bo‘lib, arig‘lanadi, tezagi qotib qumaloq tashlaydi, bu otning yetilganidan darak beradi.

– Eh-hey, otni tayyorlash ham bir dunyo tashvish ekan-da?!

– Hali bu hammasi emas, otni ko‘pkariga qo‘shgandan so‘ng ham pala-partish minilsa, yil bo‘yi tortgan azobing bir pul bo‘ladi. Ot, ayniqsa, uloqchi tulpor juda nozik jonivor, shu bois mashhur chavandozlar tez-tez sinchi sayislardan maslahat olib turishadi, o‘zim ham shu tegraning chavag‘onman degani bilan ish solishganman…

Birodarlar, bo‘z ot qanday bo‘ladi? Surpday oppoq bo‘ladi! Bordi-yu, ajdodida bo‘lsa, to‘qqizga to‘lganda tarlon bo‘ladi. To‘qqiz yoshida bo‘zning badanida xolday-xolday qora donalar paydo bo‘ladi. Shundan boshlab u bo‘z emas, Tarlon ot bo‘ladi. Tarlon – xol-xol ot! Tarlon – otlar sarasi!

Birodarlar to‘riq otning yuzdan biri yaxshi bo‘ladi, tarlon otning yuzdan biri yomon bo‘ladi!

Birodarlar, ot tanimasang, Tarlon ol!

Tog‘ay MUROD,

(“Ot kishnagan oqshom” asaridan)

* * *

– Ot kasalliklari qanday paydo bo‘ladi deysizlarmi, – “rosa savollaring ko‘p ekanda” degandek biroz jim qoldi Imomberdi bobo. – Bo‘lmasa eshitinglar:

Yana o‘qing:  Kulgu shifoxonasida (2013/52)

– Otni sovutmasdan ko‘pkariga qo‘shish yoki choptirish;

– charchagan payti terini qotirmasdan suvlash;

– parrandalarning axlatini iste’mol qilishiga yo‘l qo‘yish chavlab qolishiga, buyragi ishdan chiqishiga sabab bo‘ladi.

– Ayniqsa, vaqtidan oldin suvlashning oqibatlari yomon, bunday paytda otning oyog‘iga, beliga suv tushib, lang(cho‘loq) bo‘lib qoladi. Shuningdek, ot ko‘p zo‘riqishdan qavs xastaligiga chalinishi ham mumkin.

– Demak arzimagan bir ehtiyotsizlik tufayli tulpor ishdan chiqib qolaverar ekan-da?

– Bu o‘sha ot boshqa ko‘pkariga yaramaydi degani emas, faqat bir yillik mehnatingga kuyasan. Kasallangan otni qayta ko‘pkariga qo‘shish uchun quyidagi jarayonni o‘tkazish kerak:

Ot batamom yemdan uzilib, arrig‘lantiriladi;

– qayta ko‘k o‘tga qo‘yish oldidan sigir yog‘idan gavdasiga qarab 2-3 litr ichiriladi, bu otning ichidagi yallig‘lanish oqibatida paydo bo‘lgan qurumlarni haydaydi;

– keyin qo‘y qiyidan (tezagidan) olingan maxsus yog‘ otning suvlug‘iga surtiladi, suvluqni so‘rish jarayonida u otning ichiga so‘riladi va o‘pka, buyragini, suv tushgan bo‘g‘inlarini davolaydi.

– Keyinchi?

– Keyin ko‘pkariga tayyorlash jarayonidagi tartibda ko‘k o‘tga qo‘yilib, saratonda kamida ikki oy kigizdan yopinchiq qilinib, otning ustiga tashlanadi. Shamol tegadigan joydagi oxurga ikki tomonidan arqon bilan bog‘lanib, arpa berib boqilsa, tegishli tartibda sovutib borilsa ot tag‘in uloqqa kirib ketaveradi.

– Sayislikning ham tashvishlari ko‘p ekanda?!

– Albatta, shu bois uloqchi otlarni hamma ham parvarishlayvermaydi. Ota-bobolarimiz qavs kasalligini batamom badanidan chiqarib yuborish uchun otni bo‘ritikon(gulxor) atrofidan aylantirishgan, chunki, bu o‘simlikda davolovchi ifor bor, uning mevasidan sharbat tayyorlab ichirishgan.. Eskilar otimga ko‘z tegmasin deb otxonaga bulbul uyasini qo‘shib isiriq tutatishgan.

Keksa “otshunos” bilan gurungimiz anchagacha davom etdi, biz Imomberdi boboga qiziqarli suhbati uchun qayta-qayta rahmat aytib xayrlashdik.

Abdunabi ABDIYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: