Karate va futbol

Elyora Parmonova ikkisida ham birdek muvaffaqiyat qozonmoqda

Hayot hamisha tasodiflarga boy. Jajjigina qo‘llarini uzatib, dadasining bo‘yniga osilib erkalanayotgan qizaloqni ulg‘ayib, maktabni tugatmasdanoq Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritishini kim ham xayoliga keltiribdi, deysiz.

Maktab ostonasiga qadam qo‘ygan Elyora Parmonova sinfdoshlari orasida intiluvchanligi va zukkoligi bilan ajralib turardi. Bunga sabab, uning oila a’zolari sportni qadrlar, farzandlarining sog‘lom bo‘lishida uning o‘rni beqiyosligini dildan anglar edi. Ayniqsa, onajoni Ozoda Fozilova Elyoraning sog‘lom holda voyaga yetib kelajakda sport murabbiyi bo‘lishini orzu qilardi.

– Akam olti yoshidan boshlab, sportning karate turi bilan shug‘ullanadi. Bir kuni “Elyora, yur, seni bir joyga olib boraman”, – dedi qo‘llarimdan tutib. Akam bilan yo‘lga chiqdik. Karatechilar shug‘ullanadigan zalga yetib borganimizda, naq ellik nafarga yaqin o‘g‘il bolaning barchasi menga hayron bo‘lib qaradi. Lekin murabbiy meni iliq qarshi oldi, – deydi Elyora biz bilan suhbatlashar ekan. – O‘sha kuni murabbiy meni sinovdan o‘tkazdi. Shu kundan boshlab, karatega mehrim oshdi. Endi Nodir akamdan ham oldinroq, mashg‘ulotlarga shoshaman. Bir yil deganda tuman, viloyat musobaqalarida muvaffaqiyat qozona boshladim. Besh yil respublika miqyosida o‘tkazilgan “Quvnoq startlar” musobaqasida jamoa sardori bo‘lib ishtirok etdim. Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani terma jamoasiga qabul qilindim. Talabchan murabbiyim Sherali Choriyevdan maktabni tugatguncha olgan mahorat darslarim zoe ketmadi. Eng katta yutug‘im Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan kumush medalim bo‘ldi.

Maktabni tugatganimdan so‘ng karate bilan shug‘ullanishga imkonim bo‘lmadi, ammo sport olamidan uzoqqa bora olmasligimni angladim. Omadim kelib, Toshkent davlat jismoniy tarbiya institutining talabasi bo‘ldim. Endilikda karatechi qiz emas, balki futbolchi qiz bo‘lishga intilib, ustozlarimdan saboq olmoqdaman. O‘qish bilan birgalikda murabbiylik faoliyatimni ham boshlaganman.

Elyora Parmonova ayni paytda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 49-maktabda jismoniy tarbiya fanidan o‘quvchilarga saboq bermoqda. Maktabga ishga kelgan kezlari Zarifa Sultonova, Sanobar Jalolova kabi tajribali o‘qituvchilardan ustozlik kasbining sir-asrorlarini o‘rganishga intilib, ularning qo‘llab-quvvatlashidan mamnun bo‘lgan edi. Bugun ular bilan bir jamoada mehnat qilib, obro‘-e’tibor qozongan sportsevar qiz yana yangi marralar sari intilmoqda.

Яна ўқинг:  Юрт байроғини баланд кўтариб...

Ma’mura MADRAHIMOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: