“O‘rgimchak to‘ri”ga o‘ralashma, o‘quvchi!

Globallashuv davrida axborot makonining takomillashishi, internetning ommalashishi, virtual o‘yinlarning tobora rivojlanishi insoniyatga imkoniyatlar yaratish barobarida kutilmagan xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqda. Virtual olamdagi ma’naviy tahdidlar, o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan o‘yinlarning ko‘payishi voyaga yetmaganlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularni fojiaga undamoqda.

Gap qanday kompyuter o‘yinlari haqida borayotganini ziyrak o‘quvchi sezdi. Ha, bu — so‘nggi paytlarda internet tarmog‘ida paydo bo‘lgan “Ko‘k kit” o‘yini. Hali oq-qoraning farqini yaxshi anglamaydigan o‘smirlarni ajal komiga yetaklaydigan bu o‘yin ayrim mamlakatlarda noxush holatlarni keltirib chiqarayotgani ham haqiqat. Yurtimizda ushbu xavfli o‘yinning ayanchli oqibati haqida yosh avlodni xabardor qilish maqsadida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari, profilaktika tadbirlari o‘tkazilayapti. Pedagoglar ma’naviyat soatlari va ochiq darslarda o‘quvchilarga xavfli o‘yinlar ta’siriga tushib qolmaslik, bunday o‘yinlar manfur kimsalarning g‘arazli maqsadi, g‘oyaviy-mafkuraviy tahdidi ekani haqida keng tushuncha berayapti.

Jumladan, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi 56-umumta’lim maktabining milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari fani o‘qituvchisi Habibullo Zikirovning 7-sinf o‘quvchilari uchun tashkil etgan navbatdagi ochiq darsi umuminsoniy va milliy qadriyatlarga mutlaqo zid va o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan kompyuter o‘yinlarining salbiy oqibatlariga bag‘ishlandi. Muallim darsni davra suhbati tarzida, o‘zaro savol-javoblar asosida o‘tkazdi. Dastlab o‘quvchilarning nimalarga qiziqishi, qanday ijtimoiy tarmoqlarga a’zo ekani, qanaqa kompyuter o‘yinlarini bilishi va o‘ynagani haqida surishtirdi. O‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga sodda va tushunarli qilib, hayotiy voqea-hodisalar misolida, ommaviy axborot vositalarida berilayotgan dastur va materiallardan foydalangan holda javob berdi.

— O‘quvchilarda savol ko‘p. O‘smirlarni qiziqtirayotgan har bir savolga puxta o‘ylab javob berish kerak, — deydi Habibullo Zikirov. — Berayotgan ma’lumotimiz salbiy targ‘ibotga aylanib qolmasligi lozim. Chunki psixologiyadan ma’lumki, o‘smirlarga biror narsani taqiqlagan sari ularning shunga qiziqishi ortib boraveradi. Ba’zan futbolga qiziqadigan bolalar “Ustoz, kompyuterda futbol o‘ynasak, zarari yo‘qmi?” deb so‘rashadi. Ularga kompyuterda o‘ynagandan ko‘ra, stadionga chiqib, haqiqiy futbol o‘ynagin. Ham hordiq chiqarasan, ham sog‘lom bo‘lasan”, deya javob beraman. Internetga qiziquvchi o‘quvchilarga esa ziyouz.uz, kitob.uz kabi bolani bilim olishga, mutolaaga chorlovchi saytlardan foydalanishni tavsiya qilaman.

Muallim o‘quvchilarga ijtimoiy tarmoq va kompyuter o‘yinlari tashkilotchilarining asl maqsad-muddaosi qanday ekanligi haqida ham keng tushuncha berdi. So‘nggi paytlarda o‘smirlar ongiga yot g‘oyalarni singdirib, turli noxushliklarga sabab bo‘layotgan internet o‘yinlarining zarari, ayanchli oqibatlari borasida hayotiy misollar keltirdi.

Yana o‘qing:  Inson manfaatlari – doimo e’tiborda

— Internet butun dunyoni egallab oldi. Soniyalar ichida dunyoning narigi chetidagi kishi bilan bemalol suhbatlashish, onlayn ravishda ko‘rishish mumkin, — deydi pedagog. — Biroq turli virtual tanishlar haqida xolis ma’lumotga ega bo‘lish mutlaqo imkonsiz. Ularning kimligini, niyati qandayligini bilmasdan turib, kiber do‘stlarga ko‘nglini ochayotgan – shaxsiy hayoti, o‘y-kechinmalari, tuyg‘ularini ishonib aytayotgan yoshlar oxir-oqibat turli noxushliklarga duch kelmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa, o‘smirlarga ma’naviy va psixologik jihatdan salbiy ta’sir etadi. Chunki o‘smirlar axborot xurujlariga oson og‘adi. Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik natijasida yoshlarda va hatto kattalarda ham jamiyatdan uzoqlashish, virtuallikka moyillik vujudga keladi.

 Butun dunyoni tashvishga solayotgan “Ko‘k kit”, “Tinch uy” kabi xavfli o‘yinlarning illatlaridan o‘quvchilar xabardor bo‘lishi lozim. Ijtimoiy tarmoq segmentlarida turli nomlar ostida o‘z guruhlarini tashkil etayotgan bunday o‘yinlar, eng avvalo, o‘smirlarni tuzoqqa tushiradi. o‘yin tashkilotchilari “Muammolardan qutulishni istaysanmi?”, “Seni tushkunlikdan xalos etaman”, “Yolg‘iz qolib, orom olging kelayaptimi?” kabi gaplar bilan o‘smirlarni yo‘ldan urib, o‘yinga jalb etadi. Bolalar bunday holatlarda tez aldanadi. Shirin gaplarga uchib, o‘yinga a’zo bo‘lib qoladi. “O‘lim guruhlari” boshqaruvchilariga esa bu juda qo‘l keladi. Shu bois, bunday o‘yinlarga aslo qiziqish kerakmas! Internet o‘yinlarga mukkasidan ketgan, “o‘rgimchak to‘ri”ga o‘ralashgan o‘quvchilar bo‘lsa, darhol ota-onasi, ustozi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish lozim.

Mamlakatimizda ustoz va murabbiylar tomonidan bunday ochiq dars va mashg‘ulotlarning, targ‘ibot-tashviqot tadbirlarining o‘tkazilayotganini eshitib, farzandlarimiz taqdiri ishonchli qo‘llarda ekanidan mamnun bo‘lamiz. Farzandlarimizni virtual olam xavflaridan asrash uchun ularning ta’lim-tarbiyasiga jiddiy etibor qaratishimiz, smartfon, planshet va kompyuterda qanday ishlar bilan mashg‘ul ekanini muntazam kuzatishimiz, ijtimoiy tarmoqlarda kim bilan muloqot qilayotganidan xabardor bo‘lishimiz kerak. Agar bolalarni nazorat qilishga vaqtimiz kam bo‘lsa, ularni imkon qadar foydali mashg‘ulotlar bilan band qilish kerakki, internet o‘yinlarini o‘ynashga ehtiyoji qolmasin.

 

Xalq ta’limi vazirligi

Axborot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: